Internetda Navoiy viloyati Xatirchi tumani hokimi Saifiddin Nizomov maktab o‘qituvchilari o‘quvchilarga nisbatan qattiqqo‘l bo‘lishi, kerak bo‘lsa ularni kaltaklashi mumkinligini aytgan audioyozuv tarqaldi.

«Biz kompyuterlarni to‘g‘rilaymiz… Kitoblar yetishmaydimi? Yetishadmi? Bilim beradigan o‘qituvchilar talabchan bo‘lishi kerak. Topshiriq qani, konspekt qani, deb so‘rashlari kerak. O‘qituvchida nutq, bilim, talab bo‘lishi kerak. Uy vazifasini bajarmaganligi uchun o‘quvchiga hammaning oldida tanbeh berish kerak. O‘shandagina o‘zgarishlar bo‘ladi», — dedi hokim.

«Biz o‘quvchilik chog‘imizda qanday kaltaklar yeb katta bo‘lganmiz? Shu o‘qituvchining „kaltagi“ bizni hozirgi kungacha olib kelgan. O‘sha o‘qituvchini juda hurmat qilaman. Bir-ikkitasini uring. Hech narsa qilmaydi. Bir-ikki shapaloq hech narsa qilmaydi. O‘rgansin, o‘qisin, majburlash kerak… Mendan „normalniy“ o‘qituvchi chiqadi. Agar men o‘qituvchi bo‘lganimda, xuddi shunday dars bergan bo‘lardim. Menga o‘xshab talab qiling», — degan Sayfiddin Nizomov.

Hokimiyatning munosabati

Xatirchi tumani hokimligi matbuot xizmati xabarida ushbu tuman maktab bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga kirish bo‘yicha yetakchilardan biri ekanligini ma’lum qildi.

«Yurtimizdagi ko‘pgina oliygohlarda xatirchilik talabalarning borligi bizni xursand qiladi, — deya ta’kidladi hokimlik. — Bunday peshqadamlikni qo‘ldan bermaslik uchun tuman hokimi va tegishli mas’ullarhar har kuni ta’lim muassasalariga tashrif buyurishni an’anaga aylantirgan».

«Yaqinda tuman hokimi va tegishli mas’ullar, tumandagi ta’lim sifati past bo‘lgan maktab rahbarlari bilan o‘zaro suhbat jarayonida o‘quvchilarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularni bilim olishga qiziqtirish, to‘garaklarga jalb qilish, lozim bo‘lsa, qat’iy tartib-intizom bilan yosh avlodga ta’lim-tarbiya berish bo‘yicha tavsiyalar berilgan», — deya qayd etdi hokimlik matbuot xizmati.

Hokimlik «ijtimoiy tarmoqlarda bu holat boshqacha talqin qilingan», deb hisoblaydi.

«Bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tegishli ishlar amalga oshiriladi», — deya ma’lum qildi hokimlik. Biroq qaysi holatlarning oldi olinayotganiga aniqlik kiritilmagan.