«Gazeta.uz» 20 aprel kuni Jizzax viloyatining Forish tumani Egizbuloq mahallasida sodir bo‘lgan sel va suv toshqinlari oqibatlari haqida bir qancha fotoreportajlarni (1, 2, 3) e’lon qilgan edi. «Gazeta.uz» muxbiri Abdullo Ëdgorovning so‘zlariga ko‘ra, tepaliklar orasidan kelgan sel birinchi bo‘lib Boyqo‘chqor ota qabristoniga urilgan. Buning natijasida qabristondagi 70 dan ortiq qabrlar yuvilib ketgan.

Qabriston go‘rkovi Sharob Yo‘ldoshevning so‘zlariga ko‘ra, qabristonga nomi berilgan Boyqo‘chqor ota ko‘milganiga 200 yildan ziyodroq vaqt o‘tgan, u insonning bo‘yi 2 metrdan uzunroq bo‘lgan, sel ushbu qabrni ham oqizib ketgan.


Mazkur suratda qabriston orasidan o‘tgan suv yo‘li aks etgan, ilgari bu hududda qabrlar bo‘lgan.


Ko‘k rang bilan Boyqo‘chqor ota qabrining selgacha mavjud bo‘lgan hududi belgilangan.

«Bu [murdalar]ni qayoqqa olib ketganini bilmaymiz, qabristonga tegishli yangi binoni yarmini, eski qabrlarni ham olib ketgan. Pandemiya vaqtida qanaqa kasalliklar tarqaldi, ularni hammasi shu yerga qo‘yilgan. O‘shalarni hammasini tagi bilan olib chiqib ketib, aholi yashash joylariga urib yubordi. To‘rt ko‘chaning hovlisiga kirgan, keyin trassaga chiqib ketgan. Qancha mol o‘tlaydi, qancha odam yuradi, bu yerlarni tozalash uchun SES bor kuchini tashlash kerak», — dedi Sharob Yo‘ldoshev.

Qabristonga qarashli bino.

«Gazeta.uz» muxbiri mazkur qabristonda mayitlar boshqa joylarga (1,5 metr chuqurlikda) qaraganda yer ustiga ancha yaqinroq qo‘yilishiga e’tibor qaratdi.

Ushbu suratdan ham ko‘rish mumkinki, qabrlar chuqur kovlanmagan.



Mahalliy aholi, shuningdek, mazkur qabristonga yaqinlari qo‘yilgan, keyinchalik boshqa hududlarga ko‘chib ketganlar ham chaqirilib, ularning qabrlari qayta tiklanmoqda.


Shu bilan birga, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmatining Forish tumani bo‘limi xodimlari turli joylardan tuproq va suvdan namunalar olishdi.



Forish tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limining mudirasi Flyura Sultonovaning aytishicha, o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar tarqalib ketmasligi uchun tekshiruvlar o‘tkazilmoqda.

«Aholi o‘rtasida o‘ta yuqumli, shu jumladan ichak, kuydirgi kasalliklari tarqalib ketmasligi uchun 3−4ta quduqdagi ichimlik suvi, vodoprovod va oqava suvlaridan namunalar olayapmiz. Bundan tashqari, sel qabriston orasidan o‘tib, juda ko‘p mikroflorani yuvib ketgan, shuning uchun ham aholini muhofaza qilish maqsadida dori-darmonlar tarqatayapmiz», — dedi bo‘lim mudirasi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bakteriofag yo‘qligi sababli yoshi kattalar va bolalarga birdek mikrobga qarshi dori vositasi hisoblanmish — siprofloksatsin tarqatilgan.

Bundan tashqari, odamlar orasida sanitariya qoidalariga rioya qilish bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Flyura Sultonova.

«Ichak kasalliklarini oldini olish maqsadida suvlarni qaynatib ichish, qo‘l gigiyenasiga rioya qilish, hovliga ekilgan ko‘katlarni qaynatilgan suvda yuvib, undan keyingina iste’mol qilish kerakligini tushuntirayapmiz», — dedi u.

Tibbiyot birlashmasi patronajlari va hamshiralar, dezinfektorlar tomonidan zarur choralar ko‘rilayotgani qo‘shimcha qilindi.

«Barcha talofat ko‘rgan joylar, qishloqni boshidan to oxirigacha bo‘lgan hudud, ariq bo‘ylari zararsizlantirilayapti. Undan tashqari, ochilib ketgan qabrlar ko‘milib, u yerlar ham zararsizlantirilayapti. Aholi o‘rtasida yuqumli kasalliklarning tarqalib ketishining oldini olamiz degan umiddamiz», — dedi u.

Olingan namunalar javobi 3 kundan 1 haftagacha bo‘lgan muddatda chiqadi. Agar suv namunalarida bironta infeksiya aniqlangudek bo‘lsa, profilaktik tadbirlar amalga oshiriladi. Keyinchlik ham tekshiruvlar o‘tkazilib turiladi.

«Agarda quduq yoki ichimlik vodoprovod suvlaridan [infeksiya] chiqadigan bo‘lsa, ularga ichishni taqiqlaymiz va birinchi navbatda toza ichimlik suvi bilan ta’minlab beramiz. Bundan tashqari, u yerni zararsizlantirish ishlarini olib boramiz. Undan keyin ham xlor qoldig‘i va patogen floraga qayta va qayta tekshirib turamiz», — deya tushuntirdi Flyura Sultonova.

Biroq, «Gazeta.uz» muxbiri qabrlar suvda oqib ketishi ortidan yuqumli kasalliklar tarqalish xavfi yuqoriligicha qolayotganini ma’lum qildi.

Jumladan, SES xodimlari namuna olayotganda paytda qabristonda ishlayotgan mahalliy aholi shu yerning o‘zidan oqib o‘tuvchi ariqdan suv ichgan va yuzini yuvgan.

Qolaversa, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashga faqat bitta maxsus texnika jalb qilingani, u esa barchaga toza suv yetkaza olmasligi mumkin.

Suratning o‘ng tarafida suv mashinasi turibdi.

Bundan tashqari, odamlar shu ariqdan oqib kelayotgan suvdan foydalangan holda loy tagida qolgan uy jihozlari, shu jumladan idish tovoqlar, xo‘jalik buyumlari, kiyim-kechaklar, gilamlarni yuvib, tozalab olmoqda.

Kasallik tarqalishining oldini olish uchun aholini uzluksiz toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, sel o‘tgan hududdagi poliz ekinlari, ko‘katlarni iste’mol qilmaslik choralari ko‘rilishi, shuningdek, aholini tez-tez to‘laqonli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, turli kasalliklarga tahlillar olish kerak.


Qolaversa, 15-maktab sport zalida tashkil etilgan omborxonaga Sirdaryo, Samarqand, Jizzax va boshqa hududlarning har bir tumanidan oziq-ovqat, qishloq xo‘jalik mahsulotlari, kiyim-kechak, qurilish materiallari karvonlari yetib kelmoqda. Odamlarning so‘zlariga ko‘ra, Jizzax viloyati hokimiyati hozircha biror moddiy yordam ko‘rsatmagan.

E’tiborlisi, «Gazeta.uz» muxbirining Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyevdan 53 ta to‘liq talofat ko‘rgan va boshqa qisman zararlangan uy egalari davlat tomonidan qanday qo‘llab-quvvatlanishi borasidagi savoli ham ochiq qoldi. Viloyat hokimligi matbuot xizmati esa bu borada hech qanday ma’lumotga ega emasligini qayd etdi.