O‘zbekistonda gilamlarni majburiy markalashni joriy etish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda, deb xabar qildi RBK Davlat soliq qo‘mitasi bosh davlat soliq inspektori Ahmadbek Fayziyevga tayanib.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mita CRPT Turon kompaniyasini ushbu masala ustida ishlashga taklif qilgan.

Kompaniya kuzatuv kengashi raisi Andrey Kirillovning RBKga aytishicha, O‘zbekiston hukumati oldiga uchta yangi mahsulot toifasi — shinalar, avtomobil ehtiyot qismlari va gilamlarda markalash tizimini joriy etish imkoniyatlari va muddatlarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan.

«Respublika vakillarining fikricha, bu sohalarda qalbakilashtirish va kontrafakt darajasi yuqori. Ayniqsa, gilam ishlab chiqarish sohasi muhim — bu, mubolag‘asiz, milliy boylik: har bir hududning o‘ziga xos ishlab chiqarish va bo‘yash usullari mavjud. Gilamlar dunyoning turli mamlakatlariga eksport qilinmoqda, shuning uchun bu bozorda tartibni tiklash masalasi nihoyatda dolzarbdir», — deya tushuntirdi u.

DSQ matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga 2023 yildan boshlab markalashning yangi yo‘nalishlarini topish bo‘yicha ishlar haqiqatda davom etayotganini tasdiqladi.

«Bugungi kunda tahlil o‘tkazilmoqda, natijada ko‘rib chiqish uchun takliflar kiritiladi», — deyiladi qo‘mita xabarida.

CRPT Turon kompaniyasidan ma’lum qilinishicha, yangi mahsulotlar guruhlari bo‘yicha masala o‘rganilmoqda — hozircha aniq qarorlar qabul qilinmagan.

«Bu muzokaralarning birinchi bosqichi, xolos. Davlatdan taklif tushdi, uni sinchiklab ko‘rib chiqish kerak, biznes vakillari bilan muzokaralar olib boriladi. Shundagina aniq javob berish mumkin. Ayni paytda bu faqat taklif», — dedi kompaniya vakili.

Mamlakatda markalashni joriy etish loyihasi 2019 yil oxirida boshlangan va birinchi bosqichlarda tamaki, pivo va alkogolli ichimliklar qamrab olingan edi. 15 apreldan boshlab O‘zbekiston MDH davlatlari orasida birinchi bo‘lib maishiy texnika vositalarini markalashni yo‘lga qo‘ydi.

Dori vositalari va tibbiy mahsulotlarni raqamli markalash 1 sentabrdan, shisha suv va alkogolsiz ichimliklarda esa 1 oktabrdan boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda mahsulotlarning markalanishi va kuzatilishi monitoringi bo‘yicha Asl belgisi Milliy axborot tizimi ishga tushirildi. Tizim operatori Rossiyada tovarlarni markalash tizimining yagona operatori hisoblangan Rossiya istiqbolli texnologiyalarni rivojlantirish markazi tomonidan tashkil etilgan CRPT Turon kompaniyasi tizim operatori hisoblanadi. Uning asosiy egasi Alisher Usmonovning USM xoldingi (50%), yana 25% Rossiyaning Rostex davlat korporatsiyasi hamda Aleksandr Galitskiyning Almaz Capital boshqaruv sherigiga tegishli.