25 aprel kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidagi tog‘li hududda ekologlar ona qo‘ng‘ir ayiqni ikki bolasi bilan uchratib qolgani haqida xabar bergan edi. Jonivorlar «Terakli» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida tasvirga olingan.

26 aprel kuni Kun.uz yetti kun avval mahalliy aholi tomonidan ayiq bolalardan kamida bittasi o‘ldirilgani haqida xabar kelib tushganini ma’lum qildi. Biroq ushbu ayiq bolasining Ekologiya davlat qo‘mitasi suratlarida aks etgan ayiqlar oilasidan ekanligi haqida hech qanday dalil yo‘q.

Shundan so‘ng, Ekologiya davlat qo‘mitasi «bunday vahshiylikni» keskin qoralab chiqib, hodisa yuzasidan Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi davlat inspektorlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilayotgani haqida xabar berdi.

Kecha qo‘mita ushbu holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi. Ma’lum qilinishicha, qo‘mita inspektorlari va tuman IIB xodimlari bilan birgalikda olib borilgan tezkor qidiruv natijasida gumondor shaxs Dehqonobod tumani «Oqqishloq» MFY Qizilsoy qishlog‘ida yashovchi fuqaro K. Sh. ekani aniqlangan. Uning xonadoni tekshirilganida, bir dona ayiq bolasining terisi topilgan.

«Ayiq bolasi terisini saqlab kelgan fuqaroning so‘zlariga ko‘ra, u ayiq bolasini o‘lik holda topgan. Bu holatga aniqlik kiritish maqsadida ayiq bolasi terisi ekspertizadan o‘tkaziladi», — deyiladi xabarda.


Videodan skrinshot

Gumondor shaxsdan tushuntirish xati olinib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan va hozirda tuzilgan ishchi guruh tomonidan surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Xabarda holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar berilishi aytib o‘tilgan.

Ma’lumot uchun, Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan va muhofaza qilinadi. Ayiq bolalari yanvar-fevral oylarida dunyoga keladi, ona ayiq bolalari bilan mart-aprel oylarida inidan chiqadi. Qo‘ng‘ir ayiqlarning hayotiga brakonerlar xavf soladi. Qizil kitobga kiritilgan hayvonot yoki o‘simlik dunyosi turlarini nobud qilish bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.


25 aprel kuni Davlat ekologiya qo‘mitasi e’lon qilgan ona ayiqning ikki bolasi bilan surati.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Ekopartiya fraksiyasi a’zosi Islom Xushvaqtov Qashqadaryoda ayiq bolasi o‘ldirilgani to‘g‘risida xabar tarqalganidan so‘ng Facebook sahifasida o‘z fikrini bildirib, vakolatli davlat organlaridan mazkur ekologik xuquqbuzarlik yuzasidan batafsil ma’lumot berishini so‘ragan edi.

«Xomo sapiyens (aqlli odam) xaqiqiy ovchi sifatida hayvonlarga yashash imkonini berishi lozim, shu sababli ham u neandertal (yovvoyi odam)ga nisbatan ovchilik madaniyatiga ega ekanligi bilan ajralib turadi, yo‘qsa maxluq qiyofasidagi inson bo‘lib qolaveradi. Albatta, biz sivilizatsiyalar davrida xuquqiy davlatda umrguzaronlik qilamiz. Qonunchiligimizda xar qanday xuquqbuzarlikka nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan», — deydi deputat.