O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 aprel kuni Qashqadaryo viloyatidagi yangi Ko‘kdala tumanida o‘tkazilgan yig‘ilishda insonlar farovonligi va ertangi kunga ishonch o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida gapirdi. Hokimlarga murojaat qilib: «Qo‘lingdan hech narsa kelmasa, odamlarga hech bo‘lmaganda 100 ta tovuq ber… Olti oy ichida u bilan gaplash. Ularning dunyoqarashi o‘zgaradi», degan edi.

Davlat rahbari o‘z murojaatida aholi o‘rtasida tovuqlar tarqatilayotgan Andijon viloyatini misol qilib keltirdi. «Kecha Andijonni televizorda ko‘rsatishyapti. Tovuq tarqatilyapti. Xo‘jaobod, Paxtaobod, Qo‘rg‘ontepa — eng og‘ir tumanlarimizda 100 tadan tovuq olganlar: „Men har kuni kamida 80 ta tuxum olaman“, deydi» — deya ta’kidladi prezident.

Davlat OAVlarining reportajlari

«O‘zbekiston 24» telekanalining 20 apreldagi syujetida hududlarda «Bir mahalla — bir mahsulot» tamoyili asosida parrandachilik rivojlantirilayotgani haqida so‘z boradi. Andijon viloyatida yil oxirigacha aholi xonadonlariga 957,1 ming bosh tovuq va 30 ming bosh kurkalar yetkazib berish rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar 2 ming oilaning har biriga 100 bosh tovuq, 407 xonadonga jami — 20 ming bosh kurka topshirildi.

«Zotdor va sifatli parranda» yetkazib beruvchilardan biri — «Paxtaobod parrandasi». Korxona bosh hisobchisi tovuqlar Gollandiyadan keltirilishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tovuqlarning 60 foizi tuxum qo‘ya boshlagach, xarajatlar o‘zini oqlaydi, odamlar aylanma mablag‘ga ega bo‘ladi.

«Oilalarga tarqatilgan 100 bosh tovuqlarning 80 foizi tuxumga to‘liq kirgan. Agar mahsulotlarning 30 donasi uyda iste’mol qilinsa, qolgan 50 donasi lider tadbirkor tomonidan sotib olinadi. Bir tuxumning o‘rtacha narxi 1500 so‘m bo‘lsa, oilaning sof daromadi 2 million so‘mdan oshadi. Bunda kredit to‘lovi, ozuqa, yem va oila iste’moli uchun yetti xazinaning biri bo‘lgan — tovuqdan kelgan foydadan to‘lanadi», — deyiladi xabarda.


Foto: Xalk so‘zi.

Telekanal bilan suhbatlashgan ayrim fuqarolar kuniga 60−70 donadan tuxum olishlarini aytishgan.

Banklar tomonidan yetkazib beruvchilarga qariyb 11 mlrd so‘m miqdorida kreditlar ajratilib, buning hisobiga «tadbirkor naslchilik tuxumlarini xorijdan olib keladi, tovuqlarni inkubatorlarda boqadi va 120 kundan so‘ng aholi xonadonlariga tarqatadi». Gap tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan ehtiyojmand oilalar haqida bormoqda.

«O‘zbekiston 24» telekanalining xabar berishicha, buning natijasida 200 ta mahalladagi 4 mingga yaqin oila qo‘shimcha daromad manbai bilan ta’minlanadi.

Parlamentning «Xalq so‘zi» gazetasi ham aholining ijobiy fikrlarini keltirmoqda. Paxtaobod tumanidan Izzatillo Ostonaqulov 110 ta tovuq kuniga 60 ta tuxum qo‘yib, shundan 50 tasini sotayotgani, qolgan 10 tasini esa do‘konga olib ketayotganini ma’lum qildi. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, barcha tovuqlar tuxum qo‘ya boshlagach, oyiga 5 mln so‘m daromad oladi.

«Yetti xazina durdonasi» oilaviy korxonasi shu kungacha Xonobod shahri, Qo‘rg‘ontepa, Buloqboshi, Xo‘jaobod va Jalaquduq tumanlaridagi oilalarga 100 ming bosh parranda yetkazib bergan. Mutaxassislar har bir oilada bo‘lib, tovuq boqish texnologiyasi bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib bormoqda.

Qo‘rg‘ontepalik Abdurahim Xo‘jamberdiyevning aytishicha, uning 80 ta tovug‘i tuxum qo‘yadi, 50 tasini sotadi, qolganini oilasi iste’mol qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, oyiga 4,5 mln so‘m daromad oladi.

Hammasi ham quvonarli emas

Kun.uz nashrining xabar berishicha, bozorda tovuqlarning real narxi 35−45 ming so‘m bo‘lib, aholiga esa 85−95 ming so‘mdan kreditga sotilmoqda. Bu miqdorga har bir tovuq uchun 20 kunlik yem ham kiradi. Biroq 100 ta tovuq kuniga 30 tadan ortiq tuxum qo‘yayotgani yo‘q, ba’zilari esa kasalliklardan nobud bo‘lmoqda.

Oltinko‘l tumanida yashovchi Marhabo To‘ychiava 8 mart kuni 94 ming so‘mdan 100 bosh tovuq sotib olganini aytdi. Avvaliga ular ko‘pi bilan 30 ta tuxum qo‘ygan bo‘lsa, 22 aprel holatiga ko‘ra, 15 kundan beri tovuqlar tuxum tug‘magan. Bundan tashqari, 25 ta tovuq nobud bo‘lgan.

«20 kunlik yem berishgandi. Shu bo‘yi berishgani yo‘q. Oilamga foydasi tegsin deb olgandim. Bitta o‘quvchi farzandim bilan yashayman. Mahallaqo‘m bilan hokim yordamchisi: „500−600 ming foyda ko‘rasiz“, deb berib chiqib ketgan edi. Endi tug‘mayotgan tovuqlarga kuniga 10 kilodan yem olib beryapman. Tuxumlarini 700 so‘mdan olamiz deyishyapti. Bu bizga faqat ziyon», — dedi u.

Asaka tumanida yashovchi Gavxara Xudoyberdiyeva ham 100 bosh tovuq sotib olgan. «Bizga asli qora tovuq beramiz deyishgan edi. Mana, qizil tovuqlarni berishdi. 90 ming so‘mdan olgan tovuqlarimizni narxi bozordan teng barobar qimmat ekan. Yuz tovuqdan 20tasi tuxum tug‘yapti. Bozorda 700dan sotyapman. Xaridor topish ham qiyin. Menga tovuqlarni berayotib, ozuqasi yetkazib berilishi, tuxumlarni o‘zlari sotuvga olib ketishini aytishgan edi. Shu kungacha ozuqa tugab, ziyonga kirib ketyapman», — dedi u.

«Xo‘ja» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Izzatoy Abdurashidova 200 bosh tovuq sotib olgan va unga 200 kilogramm yem qo‘shib berilgan. Dastlab tovuqlar 30 tadan tuxum qo‘ygan bo‘lsa, so‘nggi 15 kun ichida ular umuman tuxum tug‘may qo‘yishgan.

«Tovuqlarni xuddi bola boqqanday avaylab boqyapmiz. Olib kelgan kunlarimiz sovuqqotmasin deb, kechasi bilan „nagrevatel“ qo‘yib chiqdik. Juda nozik tovuqlar ekan. Kechasi bilan bir-ikkitasi o‘lib qolyapti», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tovuqlar olib kelib berilgan paytda unga 200 bosh deb, 198 ta tovuq berishgan, shundan 28−30 boshi nobud bo‘lgan.

«To‘g‘risi, bizga bu tovuqlarni „80 foiz tuxumi bor“ deyishgani uchun olgandik. Shunga qarab hisob-kitob qilganmiz. O‘zimizcha ikki yuzta tovuqdan 50 foiz tuxum olsak, 750 ming so‘m kredit to‘lasak, 1 mln 200 mingga don yedirsak, ikkita voyaga yetgan farzandlarimiga 500 mingdan oyiga maosh bo‘lar ekan, degandik. Hozir foyda ko‘rishni o‘ylab, adashganimizni bilyapmiz», — deydi Izzatoy Abdurashidova.

«Biz tovuq olishga birovni majbur qilmayapmiz»

Bu ishlarni nazorat qiluvchi Andijon viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘ining oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha o‘rinbosari Dilshodbek Yo‘lchiyening Kun.uz'ga aytishicha, «Paxtaobod parranda» MCHJa inkubatsiya uchun tuxumlar Niderlandiya va Belarusdan olib kelingan.

«Biz aholiga besh yarim oylik tuxum tug‘adigan tovuqlarni beryapmiz. Bozorda tuxum tug‘maydigan tovuqlar arzon bo‘lishi mumkin. Tashish paytida o‘lgan tovuqlar qaytarib berilyapti. Hech kim tovuq olishga majburlanayotgani yo‘q. Tovuqlar «Paxtaobod parranda»dan tashqari «Xurshid tantanasi», «Yetti xazina» va boshqa parrandachilik korxonalari orqali ham tarqatilyapti. Har bir tumanda klasterlar tashkil qilingan, ular «muravey» mototsikllarida yurib, tuxumlarni yig‘ib olib, bozorlarda sotishni tashkil qiladi», — dedi u.

Aslida imtiyozli kreditlar aholining qo‘yi qismini ish bilan ta’minlashi va daromadini oshirishga xizmat qilishi lozim. Kreditdan parranda yetishtirayotgan monopol tadbirkor yoki o‘rtakash vositachi emas, aholi foyda ko‘rishi kerak, deb yozadi Kun.uz.

Parrandachilikni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorning tovuqlari yo qirilib ketadi, yo so‘yib yeb bitiriladi, oqibatda fuqaro foyda ko‘rmaydi, kreditni ham to‘lay olmaydi. budjet pulidan moliyalashtirilgan kredit esa «muammoli kredit»ga aylantirilib, yana soliq to‘lovchilar hisobidan qoplanadi.

Andijon viloyati hokimligi munosabati

Hokimlik matbuot xizmatining yozishicha, aholi xonadonlariga parranda tarqatish uchun har bir mahallalarda 1 tadan, jami 870 ta kooperativ tashkil qilingan. 1 nafardan zooveterinar vrach biriktirilib, kooperativlar tomonidan parranda tarqatiladigan xonadonlarga tovuq kataklari qurib berilmoqda.

Tarqatilayotgan tovuqlarning narxi bo‘yicha hokimlikning ma’lum qilishicha, haqiqtan ham bugun bozorda parrandalar 40−50 ming so‘m atrofida sotilmoqda, lekin bozorda:

  • parrandalarning sog‘lom ekanligiga va qancha muddat tuxum tug‘ishiga hech kim kafolat bermaydi;
  • tovuq narxiga ozuqasi qo‘shib berilmaydi;
  • tovuqlarda kasalliklar aniqlanganida, ularni davolash uchun zooveterinar vrachlar tomonidan pullik xizmat ko‘rsatiladi;
  • bozorda aholiga tarqatiladigan parranda miqdoridagi tovuq bo‘lmaydi.

«Ushbu xarajatlarni hisobga olinadigan bo‘lsa, bozor tovuqlari tannarxi qiymati ko‘payib ketadi. Ushbu hisob-kitoblardan ko‘zlangan maqsad, aholiga tarqatilayotgan parrandalarning sifat darajasi, kafolati belgilangan, bepul nazorat qiluvchi veterinar vrachlar biriktirilgan. Mana shu hisob-kitoblarning o‘zi narx masalasidagi tafovutga javob beradi», — deyiladi hokimlik xabarida.

O‘rganishlarda texnik sabablarga ko‘ra, tarqatilayotgan tovuqlarning 3−4 foizi nobud bo‘layotganligi aniqlangan. Lekin nobud bo‘layotgan parrandalar o‘rniga yangi parrandalar bilan qoplab berish tizimi o‘rnatilgani aytildi.

«To‘g‘ri, parranda tarqatish davomida transportirovka va parvarishlash davrida boshqa ko‘zda tutilmagan sabablar bilan nobudgarchiliklar bo‘lishi tabiiy, lekin bu nobudgarchiliklar aholi xonadonlariga qoplab berilishi hisobiga o‘z yechimini topmoqda», — deya ma’lum qildi hokimlik.

Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar to‘liq raqamlashgan holda «Yagona elektron platforma» orqali ajratilib kelinayotgani aytildi. Yagona platforma orqali imtiyozli kreditlar olishda «Marketpleys» elektron savdo do‘koni yordamida ta’minotchi korxona va fuqaro orqali erkin oldi-sotti shartnomalari imzolanadi.

Shartnoma asosida fuqaro kredit olish jarayonida «Marketpleys» orqali mahsulotlarni o‘zi tanlab oladi va ta’minotchi tomonidan mahsulotlar fuqaro xonadoniga yetkazib berilgandan va fuqaro tomonidan yetkazilgan mahsulotdan qanoat hosil qilganidan so‘ng kredit mablag‘lari ajratiladi.

«Hisob-kitoblarga ko‘ra, aholi xonadonlariga tarqatiladigan 100 bosh parranda boqish natijasida xonadonlarda kuniga o‘rtacha 80 donadan tuxum olinsa, uning har birini 1 ming 100 so‘mdan sotilganida bir oyda o‘rtacha 1 mln 121 ming сўм daromad olinishiga erishadi», — deya qayd etdi hokimlik.