“Dadam: „Jeff Bezosni ko‘rdingmi?” – deb so‘rardi” — Amazon kompaniyasining reklama bo‘yicha konsultanti Irina Ablyazova

Amazon kompaniyasining tematik reklamalarning avtomatlashtirilgan xaridi bo‘yicha konsultanti Irina Ablyazova – “Xorijdagi o‘zbekistonliklar” loyihasining navbatdagi mehmoni. Biz undan Amerikadan bo‘lmaslik ish topishga qanday yordam berishi, kompaniyaning qatʼiy korporativ madaniyati, nima uchun rahbariyatga chuqur hurmat bilan munosabatda bo‘lish shart emasligi va AQShga qanday qilib borish mumkinligi haqida so‘radik.

“Gazeta.uz” tahririyati “Xorijdagi o‘zbekistonliklar” loyihasi doirasida xorijda tahsil olayotgan yoki xorijiy oliy o‘quv yurtlarini tamomlab, chet elda ishlayotgan hamyurtlarimiz bilan suhbatlarni eʼlon qilib boradi. Biz vatandan uzoqdagi hayot, xorijiy taʼlimni tanlash sabablari va qahramonlar duch kelgan sinovlar haqida suhbatlashamiz. Loyihaning yangi mehmoni — Amazon kompaniyasining programmatika bo‘yicha konsultanti Irina Ablyazova.
Irina Ablyazova Buxoroda tug‘ilib, uch yoshigacha ushbu shaharda yashagan, so‘ngra oilasi bilan Navoiyga, keyin esa Toshkentga ko‘chib o‘tgan. Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida o‘qish bilan bir qatorda Yel universitetida (AQSh) “Biznes boshqaruvi va menejment” bo‘yicha Pre-MBA yozgi kursini tamomlagan. 2016-yilda Irina Hult International Business School (Boston, AQSh)ning Xalqaro biznes, savdo, tijorat yo‘nalishi bo‘yicha magistratura darajasini tamomlagan. 2021-yil oktabr oyidan Irina Ablyazova Amazon‘da programmatika (internetda tematik reklamani to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki maxsus platforma orqali sotib olishning avtomatlashtirilgan usuli) bo‘yicha konsultant sifatida ishlab kelmoqda.
– AQShga ko‘chib o‘tish fikri qanday paydo bo‘ldi?
– Butunlay ketish niyatim yo‘q edi. Shunchaki, bolaligimdan ingliz tilini repetitor bilan o‘rganganman va u ko‘pincha til o‘rganib, chet elga ketgan, u yerda ish topgan yoki vataniga ajoyib loyihalarni amalga oshirish uchun qaytib kelganlarning hikoyalari bilan o‘rtoqlashardi. Men ham zo‘r bo‘lishni xohlardim.

Yel universitetida Pre-MBA dasturini tugatib, AQShda O‘zbekistonga bir necha yil kechikish bilan keladigan qiziqarli narsalar borligini anglab yetdim. Masalan, xuddi shu programmatika. 2015-yilda Vestminster universitetini tamomlab, magistraturada o‘qish uchun Bostonga uchib keldim. Amerika universitetida bakalavr yoki magistratura bosqichini tamomlagandan so‘ng chet el fuqarosi mamlakatda bir yil ishlash huquqini qo‘lga kiritadi. Shunday qilib, AQShda ish topdim va turmushga chiqdim.
– Xorijda o‘qish qaroringizga ota-onangiz qanday munosabatda bo‘lishdi?
— Dadam har doim menga ishongan va qo‘llab-quvvatlagan. U: “Seni hech narsada chegaralamayman – ko‘zlagan maqsadlaringga erish”, – derdi. U o‘g‘li bo‘lishini juda istardi, ikki qiz tug‘ildi. Onam juda xavotirlanardi va yig‘lardi, chunki men qarindoshlarimiz bo‘lmagan mamlakatga uchib ketayotgandim. U qo‘ng‘iroq qilib: “Qizim, men seni ichimda ushlab turmaslik uchun narsalaringni yig‘ib, shkafga olib qo‘ydim. Amerikada xotirjam yasha va o‘qi”, – degan kunni yaxshi eslayman.
– AQShdagi birinchi ishingizni eslaysizmi?
— Hult International Business School‘ning birinchi yilida men startapga ishga joylashdim. Uning jamoasi atigi 3 kishidan iborat edi. G‘oya Bostonda spirtli ichimliklarni bir soat ichida yetkazib berishdan iborat edi. To‘lov sifatida menga oylik yo‘l chiptasi berishardi, uning narxi taxminan 120 dollar edi.

Biz ichimliklar qutilarida o‘tirgan holda rejalar va vazifalarni muhokama qilardik, lekin loyiha yaratuvchilari juda ko‘p qiziqarli g‘oyalarga ega edilar va menga to‘liq harakat erkinligi berildi! Biz qimmat uylarga borardik (u yerda kvartiralarni ijaraga olish narxi oyiga 10 ming dollardan boshlanadi) va rahbariyatga aholi uchun bepul vino va pivo degustatsiyasini o‘tkazishni taklif qilardik. Odamlar odatda rozi bo‘lishardi. Shuni taʼkidlash kerakki, Bostonda pivo asosiy mahsulot, shaharning g‘ururi. Shaharda mahalliy ichimlik turlarini ishlab chiqaradigan ko‘plab pivo zavodlari mavjud. Tarvuz yoki mango taʼmli pivoni tatib ko‘rish mumkin.
реклама
реклама
O‘sha paytda 22 yoshda edim va hech qachon spirtli ichimliklarni isteʼmol qilmaganman, hatto hididan jirkanardim. Shuning uchun, odamlar mahsulotlar haqida savollar berishganda, avvaliga hech narsa deya olmay qolardim. Shu haqdagi juda ko‘p maqolalarni o‘qishimga to‘g‘ri keldi. Men bu joyda olti oy ishladim, keyin Nyu-Yorkka ko‘chib o‘tdim. Jamoa bir necha yil davomida yaxshi ko‘tarildi va xizmatni 15 mln dollarga yirik kompaniyaga sotishdi va yuqori boshqaruvdagi o‘rinlarini saqlab qolishdi. Keyin bu kompaniya Uber tomonidan sotib olindi. Hozirda startap yaratuvchilari u yerda alkogol yetkazib berish yo‘nalishiga masʼul.
— Amazon`ga qanday kelib qolgansiz?
— Amazon‘dan oldin men 2,5 yil davomida reklama agentliklarida programmatika (maxsus platforma orqali internetda tematik reklamani avtomatlashtirilgan holda xarid qilish) sohasida ishladim, so‘ngra WarnerMedia telekommunikatsiya konglomeratida mijoz tomoniga o‘tdim. Bir necha yil o‘tgach, keyingi kasbiy o‘sish uchun o‘z sohasidagi yetakchi kompaniyalardan biriga kirish kerak degan fikr tug‘ildi. Amerikada ulardan bir nechtasi bor — Google, Amazon, Trade Desk.

Oxiri Amazon‘ga yozib, ularga mening mutaxassisligim bo‘yicha xodimlar kerakmi yoki yo‘qligini so‘radim. Kompaniya vakansiyaga havola bilan javob berdi, rezyumeni yubordim va ishga qabul qilishning barcha bosqichlaridan o‘tdim. Arizani topshirishdan to taklifni olishgacha bo‘lgan jarayon 3,5 oy davom etdi.

Birinchi bosqich kadrlar bo‘limi xodimi bilan suhbat bo‘ldi. Shundan so‘ng men professional xususiyatlarni baholash bo‘yicha ikkita vazifani bajardim va oxirida 6 soatlik suhbatga taklifnoma oldim.

Pandemiyagacha davr bo‘lganida Amazon ofisiga borardim. Hozirgi voqelikda ish izlovchi 6 soat davomida kompyuter oldida o‘tirib, intervyu oluvchilar bilan onlayn suhbatlashmoqda. Tanaffus qilish yoki ketishning iloji yo‘q. O‘sha paytda qizim bir yoshga to‘lmagan edi va chaqaloq kun bo‘yi: “Onam, onam, onam qayerda?” – deb meni qidirardi. Onasi esa bir shisha suv bilan xonaga qamalib olgandi.
Bostondagi Hult International Business School magistraturasi bitiruv kechasi.
Irina otasi Timur Ablyazov bilan, 2016-yil.
— Yakuniy suhbat chog‘ida nomzodlarning qanday malaka va xususiyatlari baholanadi?
– Intervyuni o‘tkazadiganlar tanlov bo‘layotgan vakansiyaga aloqador emas, bular Amazon‘ning 6 ta tasodifiy xodimi. Ular chidamlilikni baholadilar, mantiq va reaksiyalarni sinab ko‘rdilar, storytelling (hikoya qilish) qobiliyatlarini ko‘rib chiqdilar, chunki mening pozitsiyam mijozlar bilan doimiy muloqotni, ko‘plab qo‘ng‘iroqlar va aloqalarni talab qiladi.

Har bir intervyu oluvchi maʼlum bir hissiy fon yaratishga intildi. Kimdir do‘st bo‘lishga urinib, norasmiy, do‘stona suhbatlashdi, kimdir sovuqqonlik ko‘rsatib, masofa saqladi, bu esa odamni chalkashtirardi. Aytganlarimdan shubhalanib, qo‘shimcha tafsilot va tasdiqlarni talab qilgan yana bir ayol ham bor edi.

Suhbatdan so‘ng, intervyu oluvchilar xodimlarni yollaydigan guruh bilan uchrashib, o‘z xulosalarini beradilar. Jarayon taxminan uch hafta davom etadi, chunki ularning hammasi jadvallari osongina mos tushavermaydigan band odamlar.
– Nima deb o‘ylaysiz, qanday xususiyatlaringiz sizga ish bo‘yicha taklif olishga yordam berdi?
– Birinchi navbatda tajriba. Men dastlab ataylab agentlikka bordim, u yerda unchalik yaxshi maosh berishmaydi va siz ertalabdan kechgacha ishlashingiz kerak, lekin juda katta tajribaga ega bo‘lasiz. O‘shanda men shu darajada ko‘p ishlaganmanki, Uber‘da platina maqomini qo‘lga kiritdim. Gap shundaki, Amerika kompaniyalarida, agar xodim soat 20:00 dan keyin ishdan chiqadigan bo‘lsa, taksi xarajatlarini qoplash odatiy holdir. Men kechasi 12 gacha ishlardim, ofis Manxettenda joylashgan edi va men Bruklinda yashardim. Uber bir tomonga 120 dollarga tushardi. Har haftaning oxiriga kelib ish beruvchim mendan 700 dollarga yaqin qarzdor bo‘lardi.

Menimcha, Amazon, Google, Netflix kabi yirik kompaniyalar turli millatdagi, turlicha yondashuv va qarashlarga ega bo‘lgan odamlarni ishga olishadi. Bu yerda mening Amerika madaniyatini to‘liq o‘zlashtirmaganim va hali ham O‘zbekiston bilan mustahkam aloqani his qilayotganim o‘z taʼsirini o‘tkazdi – men boshqa nomzodlardan ajralib turardim.
– Programmatika bo‘yicha mutaxassislar aynan nima ish qilishadi?
– Programmatika, bu – targetlangan va kontekstli reklama aralashmasi, uni sotib olish turi. Biz foydalanuvchilar haqidagi maʼlumotlarni yig‘amiz, xatti-harakatlar segmentlarini tahlil qilamiz hamda qayerda va qanday o‘zini tutayotganiga qarab aniq bir foydalanuvchini targetlaymiz.

Eng oddiy misol — YouTube banner reklamalari. Siz Nike ayollar krossovkalarini qidiryapsiz va Nike bannerlari sizni taqib qiladi. Biz sizga bu reklamani ayol kishi bo‘lganingiz uchun, potensial krossovka xaridori bo‘lganingiz uchun, maʼlum yoshda va maʼlum bir hududda bo‘lganingiz uchun ko‘rsatamiz.

Bundan tashqari, maʼlum bir saytda reklama sotib olishni tanlash mumkin. Bunday holda, reklama beruvchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri resurs maʼmuriyati bilan bog‘lanish o‘rniga platformani (masalan, “Yandeks” yoki Google) o‘rnatadi, sozlamalarni tanlaydi va endi uning banneri saytning butun auditoriyasiga emas, balki faqat, deylik , 18 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan 3 million so‘mdan 5 million so‘mgacha maosh oladigan va yaqinda ko‘zi yorigan ayollarga ko‘rsatiladi.
– Umuman, Amazon kompaniyasida ishlash qanday?
— O‘tgan yilning oktabr oyidan beri Amazon kompaniyasida bo‘lishimga qaramay, men haligacha ofisni ko‘rmaganman. Biz uzoqdamiz. Lekin men u yerning juda zo‘r ekanligini eshitdim. Kompaniya hududida bolalar bog‘chasi mavjud bo‘lib, siz kun davomida bolaning oldiga borib turishingiz mumkin. Amazon, shuningdek, xodimlarga uy hayvonlari bilan ishga kelishga ruxsat berilgan kunlarni ham belgilab beradi.

Qizig‘i shundaki, bizda tushlik uchun aniq vaqt yo‘q. Bu yerda hech kim hamkasbining soat 12 da rejalashtirilgan tanaffusi borligini o‘ylamaydi va shu vaqtga xotirjamlik bilan uchrashuv yoki qo‘ng‘iroq qo‘ya oladi. Menda ham ketma-ket 9 ta qo‘ng‘iroq bo‘lib turadi.
— Amazon o‘zining qatʼiy korporativ madaniyati bilan mashhur: har bir xodimdan maksimal darajada ishlashi talab qilinadi, hamkasblarini qattiq tanqid qilish mumkin. Shunga o‘xshash narsani boshdan kechirdingizmi?
— Korporativ madaniyatning qatʼiyligi boshidanoq seziladi. Yangi xodimlar 3 haftalik treningdan o‘tadilar: qanday qilib email yozish, qo‘ng‘iroqlarga qanday javob berish, suhbatni qanday qurish bo‘yicha. Bir qarashda “Nega men xat yozish kabi oddiy narsalarni o‘rganishim kerak?”, degan savollarni berasiz o‘zingizga. Lekin xabarning to‘g‘ri tuzilishi ko‘p vaqtni tejaydi. O‘z nuqtai nazaringizni tushuntirishga 5 ta xatni bag‘ishlash o‘rniga, siz bitta elektron pochta xabarini yozasiz va hamma narsa qabul qiluvchilarga darhol tushunarli bo‘ladi.

Shuningdek, har bir xodim, har hafta bir soat davomida o‘z menejeri bilan gaplashadi. Qo‘ng‘iroqning birinchi yarmida u bir hafta ichida nima qilganingizni tinglaydi, ikkinchi yarmida esa sizdan nimani kutayotganini aytadi. Ish soatlarida imkon qadar samarali bo‘lish talab qilinadi u yoki bu vazifani bajarishni xohlamaslik mumkin emas. Biroq rahbariyat odamlar doimo 100 foiz quvvatini ushlab turishga qodir emasligini tushunadi. Agar yetarli kuchingiz bo‘lmasa, siz buni rahbariyatga ro‘yirost tan olishingiz va qo‘shimcha dam olish kuni so‘rashingiz mumkin.
реклама
реклама
Bir tomondan, Amazon madaniyati, bu – natijalarga va qatʼiy chegaralarga eʼtibor, boshqa tomondan, ajoyib samaradorlik. Inson nima qilishi kerakligini tushunadi, lekin bunga javoban maʼlum chegaralar qo‘yadi. Shunday qilib, masalan, dam olish kunlari yoki 17:30 dan keyin hech kim meni bezovta qilmaydi. Men korporativ qonun bilan himoyalanganman. Agar kimdir xodimni belgilangan vaqtdan tashqari ishlashga majburlamoqchi bo‘lsa, unda muammo oddiygina hal qilinadi. Menejeringizga yozish kifoya va u tezda bunday harakatlarni to‘xtatadi.
— O‘zbekistonlik qarindoshlaringiz va do‘stlaringiz sizdan nima haqida ko‘proq so‘rab turishadi?
— Jeff Bezos haqida. Esimda, oldinlari dadam: “Jeff Bezosni ko‘rdingmi?” deb qiziqaverardi. Ammo Amazon kompaniyasida ishlash kompaniya asoschisi bilan muloqot qilish degani emas. Bezosni faqat yangi ishga qabul qilish dasturi paytida onlayn ko‘rganman.
— Ushbu dastur haqida batafsil maʼlumot bersangiz.
— Amazon yetakchilikning 14 ta tamoyili ustiga qurilgan, ulardan birinchisi “mijozlarga yo‘nalganlik”. Siz mijozni yaxshi ko‘rishingiz kerak va dasturning birinchi haftasi ushbu postulat (isbotsiz qabul qilinadigan qoida – tarj.) asosida qurilgan. Yangi kelganlarga Jeff Bezosning chiqishlari aks etgan videolar namoyish etiladi, keyin esa uning o‘zi treninglarga keladi va kompaniya qanchalik buyuk ekanligini hamda Amazon nima uchun Amazon bo‘lganini tushuntiradi. Jeff Bezos juda xarizmatik shaxs. U o‘zini to‘liq ishiga bag‘ishlaydi, chunki trening paytida siz uning mijozisiz, u sizni chin dildan hurmat qiladi va har qanday savollarga javob berishga tayyor bo‘ladi.

Yangi xodimlar uchun Bezos guruh mashg‘ulotlarini tashkil qiladi, ular bilan tanishadi, hol-ahvol so‘raydi. Odamlar o‘zlariga nima yoqishi, nima yoqmasligini ochiq aytishadi. O‘sha damda u haqiqatan ham suhbatdoshni tinglaydi, keyin xayoliga kelgan fikrlari bilan o‘rtoqlashadi.

Sessiya vaqtida men menejer yo‘qligidan xavotirimni bildirdim. O‘sha paytda jamoa endigina shakllanayotgan edi va menga Amazon‘da ustozim bo‘ladigan odam yetishmasdi. Jeff Bezos bu muammo haqida bilishini va 3 hafta ichida hal qilinishini aytdi. Hammasi shunday bo‘ldi. Kompaniya asoschisi o‘z darajasidan past bo‘lgan masalalarni ham chuqur o‘rganishi yoqimli holat.
– Mijozlarga yo‘nalganlik tamoyilini aytib o‘tdingiz. Xodimlar haqiqatdan ham unga rioya qiladimi?
– Bu falsafa miyaga shu qadar qattiq singdiriladiki, olti oylik ishdan keyin odam boshqacha ishlolmay qoladi. Siz mijoz uchun hamma narsani qilasiz, chunki siz uni sevasiz va qadrlaysiz.

Har bir Amazon xodimining o‘z mijozi bor. Men uchun bu reklama beruvchi kompaniyalar. Sayt jamoasi uchun esa – internet foydalanuvchilari, va dasturchilar haqiqatdan ham interfeysning iloji boricha qulay bo‘lishi haqida qayg‘urishadi. Logistika markazi uchun bu – jo‘natmalarni oluvchilardir, shuning uchun buyurtmalar juda ehtiyotkorlik bilan va aniq tarzda qadoqlanadi. Hech kim buyurtma qilingan narsalarni beparvolik bilan qutiga tashlamaydi.

Agarda jo‘natma yo‘qolib qolsa, Amazon vaziyatni hal qilish o‘rniga takroriy yetkazib berishni maʼqul ko‘radi. Baʼzida buyurtmachiga boshqa tovar yetkazilib berilgan, biroq unga o‘sha kunga shu tovar kerak bo‘lgan holatlar ham uchrab turadi. Bunday holda kompaniya buyurtmani FedEx yoki UPS orqali jo‘natadi. Albatta, qo‘llab-quvvatlash xizmati uzoq vaqt tortishib, mijozning vaqtini olishdan ko‘ra, kelgusida uning ishonchini qozonganligi evaziga ko‘proq daromad topadi.

Biroq, mijozga bo‘lgan muhabbat chegaralarni hurmat qilganda va o‘zingizni qadrlaganingizda paydo bo‘ladi. Kishida dam olish, yaxshi uyqu va muloqotga vaqt bo‘lsa, u kuch, energiyaga to‘lib, bor imkoniyatini ishga solishga tayyor bo‘lib ishga keladi.
— Faoliyatingizga o‘zbek tarbiyasi va mentaliteti nuqtai nazaridan qarasangiz, Amerika kompaniyalarining korporativ madaniyatiga moslashish siz uchun qiyin bo‘lmaganmi?
— Odamlar bilan erkin gaplashishda qiyinchiliklar bo‘lgan. O‘zbek madaniyatida rahbarlarga nisbatan qandaydir andisha bor va xodim hamma narsa yaxshi ekaniga ishontirib, muammoni aytishdan qo‘rqadi. Muammo borligi go‘yoki sizning yaxshi ish qilmayotganingizni bildirayotganga o‘xshaydi. AQShda esa qiyinchiliklar o‘sish uchun imkoniyatlar sifatida qabul qilinadi. Bu yerda qiyinchiliksiz ish bo‘lmasligini va muammolar haqida sukut saqlash uni yana-da kuchaytirishini bilishadi. Shuning uchun fikr va his-tuyg‘ularni o‘z vaqtida rahbarlarga yetkazish muhimdir.

Karyeramning boshida kasbiy jargonda gapirolmaslik muammosiga duch keldim. Suhbatdoshim nima istayotganini tushunmasdim, o‘zimni yo‘qolgandek his qilardim va hamkasblarimdan so‘rashga qo‘rqardim. Oqibatda ular mendan aniq xohlagan narsani qilolmasdim. Bizdan farqli o‘laroq, amerikaliklar suhbatdosh qanchalik katta lavozimda bo‘lmasin, savol berishdan qo‘rqmaydi. Bu yerda hech qanday ahmoqona savollar bo‘lmaydi deb ishonishadi.
— Xorijda o‘qishni orzu qiladigan vatandoshlarga nima maslahat berasiz?
— Reklama sohasida ishlashni o‘ylab ko‘rishni maslahat bergan bo‘lardim. Programmatik-reklama sohasi haqida O‘zbekistonda kam bilishadi, sohaning to‘liq potensiali o‘rganilmagan.
– AQShga ko‘chib o‘tishning qaysi variantini eng maqbul deb hisoblaysiz?
– AQShga borishning bir necha yo‘li bor: turizm, talaba vizasi, ish vizasi, oilani birlashtirish yoki har yillik Green Card lotereyasi.

Turistik vizani olish oson emas. Ariza beruvchining qaytib kelish uchun juda arzirli sababi bo‘lishi va u buni isbotlashi kerak.

Talaba vizasi – chet elda o‘qish va xalqaro bozorda raqobatbardosh bo‘lishni xohlovchi yosh yigit-qizlar uchun ideal imkoniyatdir. Bu yerda nafaqat oliy maʼlumot olish (bakalavr yoki magistratura), balki til kurslarida o‘qish haqida ham o‘ylash kerak.

Bundan tashqari, Amerika universiteti bitiruvchilari uchun ish vizasini olish ancha oson. Talaba vizalari deyarli har doim beriladi, ammo moliyaviy yordam yoki grantlar Yevropa yoxud Kanadaga qaraganda kamroq tarqalgan. Qo‘shma Shtatlarda taʼlimning to‘liq narxini qoplaydigan bir nechta taʼlim dasturlari mavjud, ammo shunga mos ravishda raqobat ham bor.

Ish vizasi — eng qiyin yo‘l, chunki lotereya barcha nomzodlar o‘rtasida o‘tkaziladi. Har yili 300 ming kishidan atigi 80 ming kishi tanlab olinadi. Ish beruvchi aynan sizning AQSh iqtisodiga kerak ekanligingiz haqida ariza berishi kerak. Mos ravishda kompaniya bunday qimmatli xodimga yuqori maosh taklif qilishga majbur.

Oilani birlashtirish va Green Card lotereyasini Qo‘shma Shtatlarga emigratsiya qilishning eng real yo‘llari deb atagan bo‘lardim. Agar aka-ukalaringiz, ota-onangiz yoki AQSh rezidenti bo‘lgan farzandlaringiz bo‘lsa, qonuniy ravishda emigratsiya qilishingiz va hatto eng boshida ijtimoiy moliyaviy yordamdan umid qilishingiz ham mumkin.

Agar Amerikada taʼlim olish uchun qarindoshlar yoki ishtiyoq/moliya bo‘lmasa, Green Card lotereyasi qoladi.

Tanishlarimdan o‘zbekistonliklar Meksika orqali AQShga noqonuniy o‘tayotganini eshitdim. Inson chegarani noqonuniy kesib o‘tishi bilanoq, u avtomatik tarzda o‘zini munosib daromaddan, tibbiy xizmatlardan va mamlakatdagi erkin hayotdan mahrum qiladi. Men sizga faqat qonuniy va halol usullar bilan harakat qilishingizni maslahat beraman, ayniqsa Qo‘shma Shtatlarda uzoq vaqt qolishni istasangiz.
реклама
реклама
— O‘z tajribangizdan kelib chiqib, AQShga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lganlarga qanday maslahat berasiz?
– Migratsiya – har doim nomaʼlumlik tomon qadamdir. Men o‘z tajribamga asoslanib tavsiya qiladigan bir nechta narsalarni keltiraman:

Birinchidan, shaxsiy aloqalar va mahalliy resurslardan foydalaning. Dastlabki ijtimoiy doira qanchalik katta va kengroq bo‘lsa, odamning moslashishi shuncha osonroq bo‘ladi. Qarindoshlar, do‘stlar, mamlakatda yoki shahringizda yashovchi tanishlar – ular ko‘chib o‘tish bosqichidan o‘tgan odamlar. Albatta, ular vaqt va pulni tejaydigan foydali maʼlumotlarni baham ko‘rishdan xursand bo‘lishadi. Blogerlar ham qo‘l keladi: ulardan uy ijarasi yoki sotib olish, ish qidirish, bolalar uchun maktab yoki shifokorlar topish bilan bog‘liq kanal va resurslarni bilib olish mumkin.

Ikkinchidan, AQShda elektron firibgarlik muammosi bor, shuning uchun har qanday uzoq muddatli shartnomalarni shaxsan o‘zingiz tuzing. Bir qayg‘uli voqeani baham ko‘rishga ijozat bering. Bostonda magistraturaga o‘qishga kirganimdan so‘ng, hali Toshkentda turib oldindan ijaraga kvartira olishga qaror qildim. Rasmiy saytda biz mos variantni topdik, egalari bilan bog‘lanib, 2000 dollar miqdorida oldindan to‘lovni amalga oshirdik. Virtual shartnoma imzolandi va pul bank o‘tkazmasi orqali ketdi, keyin uy egalari kvartira «aniq bizniki bo‘lishi» uchun ko‘proq pul undirishni boshladilar.

Pul o‘tkazmasi VISA / Mastercard orqali amalga oshirilganida, tranzaksiyaga eʼtiroz bildirilishi mumkin edi, biroq bank o‘tkazmasi bilan buning iloji yo‘q ekan. Amerika politsiyasi hatto ishni ko‘rib chiqishdan bosh tortdi. Ularning aytishicha, har kuni talabalar va emigrantlarni bunday yo‘l bilan aldashning minglab holatlari sodir bo‘ladi.

Turmush o‘rtog‘im quruvchilar, xaridorlar va ijaraga beruvchilar masalalarini hal qilish bilan shug‘ullanadigan xalqaro yuridik firmaning advokati. Uning amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, haligacha minglab odamlar firibgarlarning o‘ljasiga tushib qolishadi. Shuning uchun, ikkinchi maslahatim — sizni bunday ishlardan himoya qiladigan advokatlardan pulni tejamang.
Blits
– Siz uchun erta turish qiyinmi?

— Judayam, men boyqushman. Ish kuni soat 9:30 da boshlanadi, men esa 8:30 da – qizim uyg‘onganida turaman. U tug‘ilishidan oldin 9:15 da turardim.

— Biror narsadan afsuslanasizmi?

— Ota-onamni kam ko‘rishimdan. Afsuski, Amerikaga turistik viza olish qiyin.

— Nima sizni tushkunlikka tushirgan?

— Depressiya bo‘lgan, deb ayta olmayman, lekin Nyu-Yorkka ko‘chib o‘tganimdan keyin tushkunlikka tushdim. O‘shanda muammolar va ish qidirish oldida yolg‘iz qolib ketgandim. Kechagina talaba bo‘lgan va kompaniyalardan rad javobi olayotganda umidsizlikka tushmaslik qiyin. O‘shanda menga 15 marta rad javobi kelgan edi.

— Agar vaqtni orqaga qaytarishning imkoni bo‘lsa, qaysi xatoni tuzatgan bo‘lar edingiz?

— O‘zbekistonda kapkeyk-chizkeyklarni qidirishga kamroq vaqt sarflab, milliy taomlarni ko‘proq yegan bo‘lardim. AQShda ular juda kam. Baʼzan 40 daqiqa mashinada Nyu-Yorkdagi “Toshkent” do‘koniga non hidini hidlash, kabob, Xorazm, Samarqand yoki Toshkent palovini yeyishga boraman.

— 5 yildan keyin o‘zingizni qayerda ko‘rasiz?

— Amerikada qaysidir vaqtda odam tanlov oldida turadi: menejer yoki texnik mutaxassis bo‘lish. Ushbu yo‘nalishlar o‘rtasida obro‘ yoki oylik maoshlarida farqlar yo‘q. Amerikaliklar hamma ham boshqaruvchi bo‘lishni xohlamasligini tushunishadi. Men o‘zimni menejer sifatida ko‘rmayapman va mahsulot sohasida ekspertlikni rivojlantirishni rejalashtirmoqdaman.
Matnni Yekaterina Tsoy tayyorladi.
Fotosuratlar Irina Ablyazovaning shaxsiy arxividan.
Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting