Prezident kelgusi haftada Ramazon hayiti munosabati bilan ham aholiga yana 5 kunlik dam olish berilishini aytdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

«Joriy yilda Navro‘z bayrami munosabati bilan qo‘shimcha dam olish kunlari belgilangani, 250 ta mehmonxona va muzeylar aholiga chegirma bergani, ziyorat obyektlari bepul qilingani ichki turizm uchun katta turtki berdi», — deya ta’kidladi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu orqali Buxoro va Samarqandga qo‘shimcha 110 ming mahalliy turistlar borgan.

Prezident kelgusi haftadagi dam olish kunlari hududlarda ichki turizmni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyat ekanini aytib o‘tdi.

«Endi ushbu ishlarni faqat bayramlar arafasida emas, balki yil davomida tizimli ravishda tashkil etish bo‘yicha yangi tartibni joriy etamiz», — dedi prezident.

Jumladan, 2022 yildan boshlab barcha davlat tashkilotlari xodimlari uchun yiliga bir marotaba mahalliy sayohatga chiqish xarajatlarining 20 foizini budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan qoplash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident 4 ta hududdan tashqari barcha viloyat hokimlarining turizm bo‘yicha o‘rinbosarlariga 3 oy sinov muddati bergani haqida yozgan edik. Shuningdek, davlat rahbari qaysi hokim muzeylar muammosi bilan shug‘ullandi, degan savolga ijobiy javob yo‘qligini ta’kidladi. Mutasaddilarga turizm sohasida pandemiyagacha bo‘lgan ko‘rsatkichlarni tiklash eng ustuvor vazifa etib belgilandi.