25 aprel — dushanba kuni Ilon Mask Twitter Inc (TWTR.N) kompaniyasini 44 mlrd dollarga sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.

«Bu bilan millionlab foydalanuvchilar va global liderlar to‘plangan ijtimoiy media platformasi nazorati dunyodagi eng boy odamga o‘tadi», — deyiladi xabarda.

O‘tgan hafta noaniq bo‘lib ko‘ringan kelishuv bo‘yicha muhokamalar hafta oxirida Mask Twitter aksiyadorlarini o‘z taklifining moliyaviy tafsilotlari bilan qiziqtirganidan keyin tezlashgani aytiladi.

U kompaniyaning har bir aksiyasini 54,20 dollarga sotib olishga kelishgan. Bitim amalga oshishi uchun Mask 25 mlrd dollardan ortiq kredit mablag‘larini jalb qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, yangilikdan so‘ng Twitter aksiyalari 5,7 foizga oshib, 51,70 dollarni tashkil qildi.

Shartnoma Twitter`ning 2013 yildan beri davlat kompaniyasi sifatidagi faoliyatini yakunlaydi va xususiylashadi.

«Umid qilamanki, hatto mening eng yomon tanqidchilarim ham Twitter`da qolishadi, chunki aynan shu so‘z erkinligini anglatadi», — deb yozgan Mask ijtimoiy tarmoqni sotib olish haqida e’lon qilishdan biroz oldin.

Twitter`ning birjadagi qiymati raqobatchilarini ortda qoldirdi. Foto: Reuters

Qolaversa, mazkur qaror oshkor qilingach Twitter aksiyalari naxri taxminan 6 foizga o‘sgan.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, tvitterning 1,3 mlrd atrofida akkauntlar bor, ulardan 330 millioni faol hisoblanadi. Eng ko‘p foydalanuvchilar (80 mln atrofida) esa AQShda.

«Erkin fikr shakllanadigan platforma o‘laroq tvitter qator totalitar davlatlarda — Xitoy. Rossiya, Eron, Venesuela va so‘z erkinligi mavjud deb e’lon qilingan O‘zbekistonda bloklangan. Qattiq senzura o‘rnatilganiga qaramay, Islom Karimov davrida O‘zbekistonda tvitterga nisbatan cheklovlar mavjud bo‘lmagan», — deya qayd etdi bloger.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil iyul oyida «O‘zkomnazorat» davlat inspeksiyasi «Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunni buzgani uchun Twitter, TikTok, «VKontakte», WeChat va Skype messenjeriga kirishni cheklagan edi.

Noyabr oyi boshida Telegram, Facebook, «Odnoklassniki», YouTube va boshqa saytlar ham qoidabuzarlar reyestriga kiritildi. Bu jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘ldi va bir necha soatdan keyin kirish tiklandi. «O‘zkomnazorat» rahbari lavozimidan ozod etildi, biroz vaqt o‘tgach, AKT vazirligi rahbari va bosh vazirning IT bo‘yicha maslahatchisi o‘z lavozimlarini tark etdi. Bugungi kunga qadar TikTok, Twitter, «VKontakte», WeChat va Skype`ga kirish cheklanganligicha qolayotgandi.

Hozircha rasmiy idoralar tomonidan bu holatga izoh berilmadi.

O‘zbekistonda TikTok, Twitter va «VKontakte» ijtimoiy tarmoqlar faoliyatiga cheklov qo‘yilganidan so‘ng, VPN dasturiga talab birdaniga ortgandi. So‘nggi marta bunday holat 2018 yilning kuzida, Facebook va YouTube bloklanganida kuzatilgan edi.

Hozirgacha Twitter ijtimoiy tarrmog‘iga faqatgina VPN (Virtual Private Network) orqali kirish mumkin edi.

Bundan oldin O‘zbekistonda Twitter faoliyati cheklanganiga qaramasdan, davlat organlari va rasmiy shaxslar, jumladan Senat rahbari Tanzila Narbayeva hamda prezident matbuot xizmati mazkur ijtimoiy tarmoqda postlar e’lon qilishda davom etayotgani haqida xabar berilgandi.

2022 yilning mart oyi o‘rtalariga ketib, O‘zbekistonda Twitter, TikTok va «VKontakte» ijtimoiy tarmoqlari erkin ochilishni boshladi. Shu bilan birga, ular kirish cheklangan ijtimoiy tarmoqlar ro‘yxatidan chiqarilmagan. O‘shanda ham oradan sal vaqt o‘tib, tarmoqqa kirish qiyinlasha boshladi.