NASA kosmik agentligi (AQSh) Crew Dragon kosmik kemasi 25 aprel kuni to‘rt nafar ekipaj a’zosi bilan Yer orbitasi va Xalqaro kosmik stansiya bo‘ylab 17 kunlik sayohatdan so‘ng Yerga qaytganini ma’lum qildi. Kema Florida yaqinidagi Atlantika okeaniga muvaffaqiyatli qo‘ndi.

Shattl 9 aprel kuni Yer orbitasiga Ilon Maskning Space X Falcon 9 raketasi orqali yetkazilgan edi. Space X va Axiom kompaniyalari tomonidan amalga oshirilgan mazkur parvoz Xalqaro kosmik stansiyaga yuborilgan birinchi tijoriy reys bo‘ldi.


XKSga ulangan Crew Dragon kemasi. Foto: NASA.

To‘rt nafar kosmik sayyohlar guruhi orbitada taxminan o‘n kun qolishi kerak edi, biroq Atlantika okeanida rejalashtirilgan qo‘nish joyidagi noqulay ob-havo sharoiti tufayli missiyaning qaytishi 25 aprelga qoldirildi.

XKSda bo‘lgan vaqt davomida sayyohlar tadqiqot olib borishdi va ilmiy materiallar to‘plashdi. Ma’lum qilinishicha, bu saraton hujayralarining o‘sishini o‘rganish, stansiyada foydalanish uchun yangi havo tozalagichni ko‘rgazmali sinovdan o‘tkazish va kelajakda kosmik qurilish uchun avtonom plitkalardan foydalangan holda olib borilgan tadqiqotlardir.


XKSda achchiq qizil qalampir o‘sadi. Foto: NASA.


Crew Dragon kemasining XKSdan chiqarilishi. Axiom videosidan skrinshot.

XKSdan chiqarilganidan 16 soat o‘tgach, Crew Dragon ekipaji Yerga qaytib keldi.

Xalqaro kosmik stansiyaga birinchi xususiy astronavtlar missiyasining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi kosmik sayohatchilar uchun imkoniyatlarni ochish va NASAning past Yer orbitasidagi biznes maqsadiga erishishda muhim qadamdir, dedi AQSh tashkilot ma’muri Bill Nelson.