20 aprel kuni soat 15:00 atrofida Forish tumanidagi Egizbuloq mahallasida Nurota tog‘ tizmasi tomonidan sel keldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bunga kuchli yomg‘ir sabab bo‘lgan.

Vazirlik bu hudud uchun 10 kub / soniya hajmda suv kelishi normal holat hisoblanishini, sel kelgan kuni esa u 150 kub / soniyagacha ko‘tarilganligini ta’kidladi. O‘zgidromet yetakchi mutaxassisi Erkin Abdulaxatovning aytishicha, G‘allaorolda yog‘gan yomg‘ir ikki soat ichida yillik yog‘inning qariyb 10 foizini bajarib ulgurgan. Viloyatning «G‘allaorol» meteorologik stansiyasida 2 soat 5 minut oralig‘ida 31,5 mm yomg‘ir yog‘gan.

Biroq, aholi orasida ushbu ma’lumotga ishonch kamroq, ularning fikricha, suv 2−3 metrgacha to‘planib, katta tezlik va hajmda kelishi uchun uning yo‘li to‘silgan bo‘lishi mumkin. «Gazeta.uz» muxbiri mazkur holat bo‘yicha surishtiruv o‘tkazdi. U bilan suhbatlashgan 10 nafardan ortiq kishining so‘zlariga ko‘ra, qishloq tepasidagi «Huaxin Cement Jizzakh» sement zavodining kareriga olib o‘tuvchi yo‘lda ikki tepalik o‘rtasida yuk mashinalari uchun bunyod etilgan yo‘l damba vazifasini o‘tagan bo‘lishi mumkin.

Huaxin kareriga olib boruvchi yo‘l.

Mazkur farazni hozirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshchiligidagi ishchi guruh ham o‘rganib chiqmoqda, biroq uni asoslash uchun dalillar yetarli emas.

Jizzax telekanalida efirga uzatilgan reportajda «karer yuk mashinalari uchun daralarni ustidan jarlarni tekislab, yo‘l qilgan, yomg‘ir va do‘llar yig‘ilib, shu yerdan katta bosim bilan birdaniga qishloqqa urilgan» degan faraz borligi ta’kidlangan.

«Mana bu xarita surati Google`dan sel kelishidan oldin olingan rasm. Rasmlarni yig‘dik, haqiqatdan ham damba bo‘lganmi, bo‘lmaganmi ularni solishtirib chiqamiz», — dedi viloyat FVB bo‘lim boshlig‘i Temur Hamrayev.

Markazda tepalik ustida Huaxin kareri tasvirlangan. Foto: Jizzax viloyati FVB matbuot xizmati.

«Gazeta.uz»ga viloyat FVB matbuot xizmati ma’lum qilishicha, damba qurilganligi haqida versiya ham bor, lekin katta ehtimol bilan u o‘zini oqlamaydi.

«O‘rganishlar davomida sel Huaxin kareri yo‘lining bir qismini yuvib ketganligi aniqlandi. Ya’ni sel yo‘li bilan karer yo‘li ma’lum masofada tutash bo‘lgan. Ammo selning yo‘nalishi fizika qonuniyatlariga asosan eng chuqur nuqta bo‘ylab harakatlangan», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, Google xaritadan vaqtlar oralig‘ida holat o‘rganilganida mazkur hududda juda eski sel yo‘llari bo‘lganligi aniqlangan. Bu bir asrda bir marta keladigan sel yo‘llari bo‘lishi mumkin. Mahalliy aholining orasidan ham mazkur dambani ko‘rganlar topilmadi.

Mazkur suratda soy yo‘lining ikkitasini ko‘rish mumkin, sel markazda turgan uyning ikki tomonidan, tepaliklar orasidan o‘tgan.

Egizbuloqda yashovchi Isroil Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, suv 2 metrdan baland kelishiga uylar va ularning oldidagi to‘siqlar — tosh bilan qalangan hududiy chegara devorlari — sabab bo‘lgan.

«To‘siqni buzib o‘taman degancha damba bo‘ladi. Buzgandan keyin to‘plangan suv keladi. Agar o‘zini yo‘li bilan kelganida oqib o‘tib ketaverardi. Hozirgacha bunday baland va shiddat bilan sel kelmagandi. 2013 yoki 2014 yilda tizza baravar kelgan, uyimni faqat hovlisiga kirgan, lekin ja unaqa vahimali, qo‘rqinchli joyi yo‘q edi», — dedi u.

Umuman mazkur hududga Nurota tog‘ tizmasidan qishloqning boshlanish qismiga uchta, uning o‘rtalariga yana ikkita soy yo‘li kelib qo‘shiladi. Shundan ikkitasi Huaxin karerining ikki tomonidan o‘tgan.

Ravshan Ibragimov (markazda).

Jizzax viloyati FVB boshlig‘i, podpolkovnik Ravshan Ibragimovga ko‘ra, bu qishloq sel kelish xavfi mavjud bo‘lgan hudud hisoblanmaydi.

«Bu [hudud] sel kelish xavfi bor obyektga kirmaydi. Bir otaxon „oxirgi marta 1969-yil guvoh bo‘lganman, men o‘shanda 9 yosh edim, lekin bunchalik bo‘lmagandi“ dedi. Undan oldin ham 50 yil ilgari bo‘lganmi… Birinchi yaxshigina do‘l yog‘ayaptida, orqasidan yomg‘ir quyganidan keyin do‘l bor kuchi bilan yuvib ketayapti. Agar do‘l yog‘maganda ham yarim-bir soat yog‘gan yomg‘irda bunaqa bo‘lmas edi. Bu ham bir tabiat qonuni», — deydi Ravshan Ibragimov.

«Gazeta.uz» muxbiri aholi bilan suhbatda bir holatga e’tibor qaratdi: odamlar orasida o‘sha dambani yoki uning o‘rnini aniq biluvchilar, ko‘rganlar mavjud emas. Bu faraz faqatgina mish-mish va taxminlarga asoslanib ilgari surilgan bo‘lishi mumkin.

Biroq surishtiruv davomida «Huaxin Cement Jizzakh» kompaniyasining 2 yildan beri karerda sement xom ashyosini qazib olish va portlatish ishlari natijasida atrof-muhitga tarqatayotgan changidan mahalliy aholi, shu jumladan, Egizbuloq qishlog‘i aholisi aziyat chekayotgani aniqlandi.

«Huaxin Cement Jizzakh»

KTYADRga ko‘ra, «Huaxin Cement Jizzakh» MJCH xitoylik investorlar tomonidan 2018 yilning 13 iyulida tashkil etilgan.

Uning asosiy faoliyati — sement ishlab chiqarish hisoblanadi. Ta’sischisi sifatida esa 100 foizlik ulush bilan Huaxin Central Asia Investment (Wuman) Limited kompaniyasi ko‘rsatilgan. Unga Bingjun Yao XXX rahbarlik qiladi. Kompaniyaning ustav kapitali 248 mlrd 371,4 mln so‘mni tashkil etadi.