O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vladimir Norov 25 aprel kuni Qirg‘iziston elchisi etib tayinlangan Musa Jamanbayevni qabul qildi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA.

«Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari elchining ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilar ekan, diplomatni mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va diplomatik missiyasida muvaffaqiyatlar tiladi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, uchrashuvda tomonlarning siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, energetika va madaniy-gumanitar sohalarda aloqalarni yana-da jadallashtirishga tayyorligi ta’kidlandi. Ilgari erishilgan kelishuvlar ijrosi, shuningdek, oliy, yuqori va mintaqalararo darajalardagi bo‘lajak tadbirlar jadvali ko‘rib chiqildi.

BMT, MDH, SHHT, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Qirg‘izistonning yangi elchisi 43 yoshda. 2000 yilda Bishkek gumanitar universitetining sharqshunoslik va xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakultetini tamomlagan. U davlat xizmatida — Tashqi ishlar vazirligida, parlament apparatida, hukumatda va mamlakat prezidentida ishlagan. 2021 yil may oyidan buyon davlat rahbarining protokol xizmatini boshqarib kelmoqda.

Musa Jamanbayev bu lavozimda 2018−2022 yillarda Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchixonasiga rahbarlik qilgan Ibragim Djunusov o‘rnini egalladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti may oyi oxirida Qirg‘izistonga tashrif buyurishni rejalashtirgan.