O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev turizm sohasini yanada rivojlantirish, ichki turizm bozorini kengaytirish, turizm obyektlarini ko‘paytirish hamda muzeylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida turizm xizmatlarini qamrab olgan «karvonsaroy"lar qurishni topshirdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar qildi.

«Joriy yilda O‘zbekiston turizm magistrali bo‘ylab 31 ta tuman (shahar) hududidan o‘tuvchi yo‘l bo‘yida kompleks turizm xizmatlarini (avtoturargoh, kemping, avtoservis, ovqatlanish, yoqilg‘i quyish) qamrab olgan 1 tadan „karvonsaroy“ barpo etish vazifasi qo‘yildi», — deyiladi xabarda.

Bunday loyihalarga bir oy muddatda 1 trln so‘m kredit resurslari ajratiladi, yil yakuniga qadar yana 100 mln dollar jalb qilinadi. Viloyat hokimlari ham kamida 20 mln dollarlik loyihalarni ishga turishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, Bog‘otning «Qal’a-jiq» va Ellikqal’adagi Aqchako‘lda sanatoriya-kurort tashkil etish, Buxoroda «Qadimiy Buxoro» va «O‘ninchi asr etnoqishlog‘i», Namanganda «Oazis», Sirdaryoda «Sirdaryo ekoturizm», Toshkent viloyatida «Garden» turizm klasterlari va Farg‘onada «Farg‘ona parki» tematik bog‘ini tashkil etish bo‘yicha yirik loyihalarni boshlash kerakligi aytildi.

Viloyat hokimlariga bir oy muddatda ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun hududlarni belgilab, salohiyatli investorlarni aniqlash va amaliy ishlarni boshlash topshirildi.


Bundan tashqari, yig‘ilishda mamlakatda Chimyon, Bildirsoy yoki Zomindan kam bo‘lmagan, lekin salohiyati hali ishga solinmagan turistik manzillar ko‘pligi ta’kidlandi.

Masalan, Boysundagi dunyoda eng chuqur g‘orlardan hisoblangan Boybuloq (Osiyoda eng chuqur, 1 ming 415 metr), yonidagi Vishnevskiy (715 metr), Neandartal odam qoldig‘i topilgan Teshiktosh g‘orlari, Darband darasi, qadimiy ellin madaniyati yodgorligi — Uzundara qal’asi butun dunyodan sayyohlarni o‘ziga jalb qiladi.

Bu yerda mehmonxona, kemping, tog‘ sporti, dor yo‘li, turistlar uylari kabi obyektlarni tashkil etish orqali 500 ming sayyohni bemalol jalb qilish mumkinligi ta’kidlandi.

Bunday imkoniyatlar Bo‘stonliqdagi Tovoqsoy, Ohangarondagi Ovjasoy, Angrendagi Yangiobod, Shahrisabzdagi Miraki, Yangiqo‘rg‘ondagi Nanay, Popdagi Chodak hududlarida ham mavjud.

Chorvoq va To‘dako‘ldan boshqa birorta hududda cho‘milish joylari yo‘qligi qayd etildi. Bu borada Nukusdagi Ashshiko‘l, Buxorodagi Zikriko‘l, Jizzaxdagi Aydarko‘l va Tuzkon ko‘lining imkoniyatlari ishga solinmay turibdi.