Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”
Qadrli toshkentliklar, shinam, ko‘rkam, zilzilaga bardoshli uy – sizlarga sovg‘a
Ittifoq respublikalari yangi Toshkentni qanday qurishgan?
1966-yil 26-aprel kuni erta tongda Toshkent dahshatdan larzaga tushdi. Taxminan 8 ballik zilzila butun ko‘cha va mavzelarni yer bilan yakson qildi. Eski tipdagi uylar, ayniqsa, eng ko‘p zarar ko‘rdi. 78 mingdan ziyod oila boshpanasiz qoldi.

Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish, vayron bo‘lgan poytaxtni qayta tiklash uchun O‘zbekiston viloyatlari va butun Sovet ittifoqi quruvchilari Toshkentga oshiqdilar. Uch yarim yilda buni uddalashdi. Shaharning turli qismlarida “Butunittifoq hashari” usulida qurilgan uylar bugungi kungacha saqlanib qolgan. Ayrimlarining yon va old tomonlari quruvchilar toshkentliklar uchun esdalik sifatida qoldirgan mozaika, bezak va yozuvlar ko‘rinishidagi “dastxatlar” bilan bezatilgan.

“Gazeta.uz” 1966–1970-yillardagi binolarning shahar arxitekturasi va aholi madaniyati uchun qanday ahamiyati va qiymati borligini tahlil qildi.
Chilonzorning beshinchi mavzesidagi 7-uyning yon tomoni Bunyodkor (sobiq Xalqlar do‘stligi) shoh ko‘chasiga qaragan. Toshkentdagi X-Places shahar tadqiqotchilari hamjamiyati o‘lkashunosi Rustam Husanov ramziy tasodifga eʼtibor qaratadi: ko‘rinishidan eʼtiborga sazovor bo‘lmagan to‘rt qavatli bino aziyat chekkan poytaxtda “Butunittifoq hashari” dasturi doirasida qad rostlagan birinchi turar-joy binosidir. Uni “Ukrstroy” trestining Lugansk qurilish-montaj poyezdi quruvchilari jamoasi bunyod etishgan.
Chilonzorning beshinchi mavzesidagi 7-uy.
“Qardosh Ukraina va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi abadiy va buzilmas do‘stlik ramzi bo‘lsin. 1966-yil” — esdalik taxtachasida ushbu tilaklar saqlanib qolgan. Hozirda u porlab turibdi, lekin bir necha yil oldin Husanov usti oqlab yuborilgan taxtachani yuvishlarini so‘rab shahar hokimiyatiga murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, uning ikkinchisi ham bor – xuddi shunday taxtacha Rossiya muzeylaridan birida saqlanadi.
Chilonzorning beshinchi mavzesidan uch yarim yil ichida mamlakat va ittifoq respublikalari kuchlari tomonidan hayotga qaytarilgan yangi Toshkent tarixi sahifalariga ekskursiyani boshlaymiz. Aynan shu turar-joy hududida esdalik yozuvlari va mozaikali eng ko‘p turar-joy binolari to‘plangan. Ushbu taxtachalarni Rossiya, Ukraina, Belarus, Ozarbayjon, Gruziya, Armaniston, Litva, Moldova, Latviya, Estoniya, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston shaharlaridan qurilish-montaj poyezdlarida yetib kelgan qurilish brigadalari to‘rt va besh qavatli binolarning yon tomonlariga qoldirganlar.

“Har doim nima uchun markazdagi uylarning yon tomonlarida deyarli hech qanday yozuv yo‘qligiga hayron bo‘lganman – faqat M-13 da “Ленинград — Ташкенту” (Leningraddan — Toshkentga) yozuvi bor. Ehtimol, quruvchilarning buni qilishga vaqtlari bo‘lmagandir, zero birinchi yomg‘ir va sovuq tushmasidan ko‘chalarga tikilgan chodir shaharlaridagi odamlarni ko‘chirishga ulgurish kerak edi”, — deydi Husanov.
Sanʼat va arxitektura tarixchisi, Alerte Héritage Markaziy Osiyo madaniy meros observatoriyasi prezidenti Boris Chuxovichning fikricha, “Kiyev — Toshkentga!”, “Leningrad — Toshkentga!” va shunga o‘xshash yozuvlar 1960-yillarning o‘rtalarida sovet propagandasining o‘ziga xos nou-xausi edi.

Bu borada ekspert Toshkent va Ashxobodni solishtirishni samarali deb hisoblaydi. Turkmaniston SSR poytaxtida 1948-yilda 7,3 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan. Toshkentda tabiiy ofat, asosan, shaharning bir qancha qismlaridagi eski binolarni vayron qilgan va tinch aholi orasida ko‘plab qurbonlarga olib kelmagan bo‘lsa, Ashxobod uchun 5-6-oktabrga o‘tar kechasi ijtimoiy fojiaga aylangandi. Turli manbalarga ko‘ra, 25 dan 100 minggacha odam halok bo‘lgan va shahar yer yuzidan deyarli supurib tashlangan. Turkmaniston o‘z kuchi bilan poytaxtni tiklay olmadi. Ittifoq respublikalari yordamga keldi.
Ammo Stalin davlatida tinch aholi o‘rtasida qurbonlar bo‘lishiga olib kelgan tabiiy ofatlar haqida, qoidaga ko‘ra, sukut saqlanardi. Shuning uchun Ashxobodni qayta tiklash ommaviy axborot kampaniyasi bilan birgalikda kechmagan
Boris Chuxovich,
Sanʼat va Markaziy Osiyo
arxitekturasi tarixchisi
Ammo Stalin davlatida tinch aholi o‘rtasida qurbonlar bo‘lishiga olib kelgan tabiiy ofatlar haqida, qoidaga ko‘ra, sukut saqlanardi. Shuning uchun Ashxobodni qayta tiklash ommaviy axborot kampaniyasi bilan birgalikda kechmagan
Boris Chuxovich,
Sanʼat va Markaziy Osiyo
arxitekturasi tarixchisi
Toshkentda esa boshqacharoq harakat qilishdi. Mutaxassis buni respublika va ittifoq elitasining bir qancha guruhlari manfaatlari bilan bog‘laydi. Chuxovichning fikriga ko‘ra, bir tomondan, respublika hokimiyati Toshkent zilzilasining kuchi va oqibatlarini bo‘rttirib ko‘rsatishdan manfaatdor edi — bu ittifoq markazidan respublikaga sarmoyalarni jalb qilish va “yangi Toshkent”ni qurish bo‘yicha ulkan rejalarni amalga oshirishga xizmat qildi. Boshqa tomondan, zilzila SSSR tarixida muayyan bir vaqtda sodir bo‘lgan. Bu aslida KPSS Markaziy Qo‘mitasi bosh kotibi Leonid Brejnev Sovet Ittifoqining yangi rahbari sifatida hal qilishi kerak bo‘lgan birinchi ijtimoiy muammo bo‘ldi.
реклама
реклама
“U o‘sha kuni, 26-aprelda hukumat raisi Aleksey Kosigin bilan birga shaharga keldi va aftidan, zudlik bilan o‘zini yuzaga kelgan muammolarni muvaffaqiyatli hal qilishga qodir Ittifoq yetakchisi sifatida ko‘rsatish zarurligini his qildi. Shu bois Toshkentni qayta qurish bilan birga olib borilgan axborot kampaniyasi insoniyat tarixidagi eng dahshatli zilzilalardan biriga uchragan Ashxobodni qayta tiklashdan juda farq qilar edi. Ittifoq va respublika ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston SSR poytaxtiga ko‘rsatilayotgan yordamlarni keng yoritdi. Uylar devoridagi yozuvlar ushbu axborot kampaniyasining bir qismiga aylandi”, — deya tushuntiradi Boris Chuxovich.
Uyning qurilishdan keyingi va bugungi kundagi holatini ko‘rish uchun fotosurat bo‘ylab o‘ngga va chapga o‘tkazing
Sanʼat va arxitektura tarixchisining fikricha, bugungi kunda sovet quruvchilarining “dastxatlari” shaharning kundalik hayoti va o‘ziga xosligi, shuningdek, toshkentliklarning umumiy xotirasi va madaniyatining bir bo‘lagiga aylangan.
“Bu sovet davrining ko‘p madaniyatli tarixi belgisidir. O‘ylaymanki, ularni aynan shu sifatda saqlab qolish kerak. Maʼlumki, shahar muhitining sifati uning murakkabligi va tarixiy ko‘p qatlamliligi bilan belgilanadi”, — deydi Boris Chuxovich.
O‘lkashunos Rustam Husanovning taʼkidlashicha, uylarning old qismidagi yozuvlarning aksariyati RSFSR, jumladan, Moskva va Leningrad quruvchilari tomonidan qoldirilgan. Bu ularga KPSS Markaziy Qo‘mitasi va SSSR Vazirlar Sovetining 1966-yil 14-iyundagi qarori bilan 660 ming kv.m. yashash maydonini barpo etish vazifasi yuklatilgani bilan bog‘liq.
“...Bilasizki, mamlakatimizning qator ittifoq respublikalari va viloyatlari Toshkentni qo‘llab-quvvatlashga hozirdanoq tayyor ekanliklarini bildirishgan. (...) Biz ularning yordami, hukumatning yordami nafaqat vayron bo‘lgan uy-joylarni tiklash, balki shahar qiyofasini o‘zgartirish imkonini beradigan asosiy va hal qiluvchi kuch bo‘lishiga ishonamiz. Majoziy maʼnoda aytganda, bu yangi, yana-da go‘zal, kuchli – hech qanday zilzila qo‘rqinchli bo‘lmaydigan Toshkentning boshlanishi”.
(KPSS MK bosh kotibi L. I. Brejnevning 1966-yil 28-aprelda O‘zbekiston partiya faollari yig‘ilishidagi nutqidan).
Chilonzorning 23-mavzesi «Российский» deb ataladi. Bu yerda “Novokuznesk” (24-uy), “Saratov – Toshkentga!” (29-uy), “Sibir - Toshkentga!” (23-uy) va “Leninning Vatani - Toshkentga!” (28-uy) yozuvlari saqlanib qolgan.
Tulalik quruvchilar o‘ziga xosligi bilan ajralib turishgan. 25-uyning yon tomoni Tula gerbi va shahar Kremli minorasi tasvirlangan barelyef bilan bezatilgan. Qo‘shni 26-uyning ikki yonida ham bitiklar saqlanib qolgan. Ular g‘isht bilan terib chiqilgan “Tula — Toshkentga!” va jamoaviy “dastxat” — Tula, Kaluga, Oryol va Bryansk yodga olingan barelyefdir.
Uylarning aholisi dastlab barelyeflar rangli bo‘lganini eslashadi. Hattoki to‘qqiz qavatli 58-uyning yon qismida atom va raketa tasvirlangan kompozitsiya chiroqlari ko‘chib qolganga qadar porlab turgan ekan. Qachonligini hech kim eslolmaydi.

Xalqlar do‘stligi ramzlarini hech kim tartibga solmadi. So‘nggi yillarda ulardan butunlay voz kechishmoqda, xuddi Chilonzor-13dagi 13-uy yon qismidagi “Kiyev - Toshkentga!” yozuvi bilan bo‘lgani kabi. U bo‘yab tashlangan, Rustam Husanov yana shahar hokimiyati eʼtiborini bunga qaratganidan so‘ng, qayta tiklashdi.
O‘lkashunosning aytishicha, barcha “dastxatlar” orasida belarus va litvaliklarniki eng o‘ziga xoslaridir.

Uning so‘zlariga dalil Chilonzorning 24-mavzesidan topiladi. Besh qavatli 2-uyning yon tomoni afsonaviy “Toshkentliklarga belarus xalqidan baxt uchun” («Ташкентцам на счастье от белорусского народа») yozuvi bilan bezatilgan, qo‘shni, uchinchi uyda esa belarus qizi tasvirlangan mozaika saqlanib qolgan.
31-34-uylar hovlisida litvalik quruvchilar tomonidan uchta: o‘zbek, litva va rus tillarida yozuvlar tushirilgan g‘ishtli stela o‘rnatilgan. Har bir g‘ishtning qirralari taroshlangani uchun devor relyefli, to‘lqinsimon bo‘lib chiqqan.
33-uy old jabhasidagi temirdan tayyorlangan Riganing 1967-yilgi nafis gerbi aholiga rigalik quruvchilarni eslatib turadi. Husanovning aytishicha, ushbu ramziy belgi ham tarixiy hisoblanadi: sovet hukumati Riganing yangi – xoch va katolik toji o‘rniga yulduz tasvirlangan gerbini endigina tasdiqlagan hamda Toshkentdagi uy fasadidan joy olgan bu nishon – sovet Rigasining birinchilardan bo‘lib qo‘llanilgan yangi geraldikasidir.
“Ehtimol, dastlab yozuvlar shaharda hozir topish mumkin bo‘lganlardan ko‘proq bo‘lgan. Ularning hammasi ham g‘ishtdan yoki temir karkasdan yasalgan emas. Har holda, Toshkentning qayta tiklanishiga oid adabiyotlarda uchraydigan bir nechta yozuvlarni topa olmadim”, — deydi Rustam Husanov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, MDH davlatlaridan kelgan sayyohlar O‘zbekistonning yangi poytaxti qurilishiga o‘z vatanlarining qo‘shgan hissasini ko‘rishdan mamnun bo‘ladilar.
Ular doim tabassum qiladilar. Ular uchun bir oz xijolatli, chunki zamonaviy standartlarga ko‘ra, bu uylar jozibasiz ko‘rinadi, lekin keyin bu kabi arxitekturani jozibali qilishning iloji bo‘lmagan 60-yillardagi shoshilinch qurilishning bir qismi ekanini tushunib yetishadi
Rustam Husanov,
o‘lkashunos
Ular doim tabassum qiladilar. Ular uchun bir oz xijolatli, chunki zamonaviy standartlarga ko‘ra, bu uylar jozibasiz ko‘rinadi, lekin keyin bu kabi arxitekturani jozibali qilishning iloji bo‘lmagan 60-yillardagi shoshilinch qurilishning bir qismi ekanini tushunib yetishadi
Rustam Husanov,
o‘lkashunos
Boris Chuxovichning taʼkidlashicha, 1966-yildan 1970-yilgacha qurilgan uylarning xizmat qilish muddati 50-100 yil deb belgilangan va ular allaqachon minimal dasturni bajarganini aytish mumkin. Zilziladan keyin qurilgan mikrotumanlarda yuz minglab toshkentliklar istiqomat qilishda davom etmoqda. Shaharning kengayishini hisobga olsak, bu muhit, ekspertning fikriga ko‘ra, hayot sifatini belgilovchi omillar yig‘indisi nuqtai nazaridan batamom qulay bo‘lib qolmoqda.
“Tashqaridan qaraganda, bu inshootlar sipo ko‘rinishga ega, ammo o‘zining asl meʼmoriy halolligini saqlab qolgan. Ular ampir yoki Las-Vegas kabi yasan-tusan qilmaganlar va o‘zlarining vazifalariga to‘liq mos keladilar. Bu uylardagi xonadonlarning qulaylik minimalizmi qaysidir maʼnoda hovlilarning keng ko‘lamda ko‘ngil yozishga mo‘ljallab obodonlashtirilgani hamda turar-joy binolarining yorug‘lik va quyosh nuri tushishi uchun puxta o‘ylangan joylashuvi bilan qoplanadi. Bolalar bog‘chalari va maktablar, shuningdek, ijtimoiy-maishiy xizmatlarning birlamchi jamlanmasi oqilona holda joylashgan”, — deydi Boris Chuxovich.
Uning fikricha, bu kamtarona arxitektura bugungi kunda ham arzon sanoat uy-joylarini qurish muammosini tezkor hal etish namunasi sifatida eʼtiborga loyiqdir.
“Men bunga 2021-yil oktabr oyida bir guruh shveysariyalik arxitektorlar ularning talabalariga Toshkentda 60-yillarda qurilgan turar joylarni ko‘rsatishimni so‘raganlarida amin bo‘ldim. Ekskursiyamiz Chilonzor markazidan boshlanib, so‘ng uning chekkasiga ko‘chdi. Ko‘pgina meʼmor-talabalar, xususan, ushbu keng ko‘lamli egalitaristik (tenglik - tarj.) uy-joy tajribasining qisqa vaqt ichida amalga oshirilgani hamda yuz minglab odamlar o‘zlarini ipoteka va ko‘p yillik moliyaviy majburiyatlar yuki ostiga tashlamasdan bepul uy-joy olishganidan hayratda qolishdi”, — deb eslaydi Boris Chuxovich.
U “Toshkentni qayta tiklash” kampaniyasi, asosan, shaharning butunlay yangi qismlarini qurish bo‘lganiga eʼtibor qaratadi.

“Shaharning haqiqatan ham jabrlangan qismining (Qashqardan tortib eski qalʼagacha) aholisi markaziy mikrotumanlarga joylashtirildi. Markaz ko‘proq odamlarni joylashtirishi uchun tez-tez uning hududidagi bir va ikki qavatli uylar saqlanib qolgan mavzelari buzib turildi, ular orasida arxitektura nuqtai nazaridan qimmatli yodgorliklar ham bor edi”, — deydi ekspert.
Chilonzorning 1966-1970-yillarda barpo etilgan mikrotumanlariga aholining ko‘chirilishi boshqa muammolarni ham hal qildi. U yerdan avvallari barak va kommunal namunadagi uylarda istiqomat qilgan yoki muqaddam ikki xonali “xrushyovka”da tiqilib yashagan to‘rt yoxud undan ko‘p kishilik oilalar ham kvartiralarga ega bo‘lishdi. Misol uchun, Chuxovichning so‘zlariga ko‘ra, 1966-yilgacha qurilgan birinchi Chilonzor mikrotumanlarining ko‘plab aholisi Sovet respublikalari yordamida qurilgan yangi mikrotumanlardan ko‘proq maydonli va xonali yangi kvartiralarga ega bo‘lishgan.
Bu “jabrlangan Toshkentga” yordam deb atalardi, biroq aslida bu O‘zbekistonning yangi poytaxtini qurish bo‘yicha umumittifoq kampaniyasi bo‘lib, u davlatning “Sovet Sharqi”dagi muvaffaqiyatlari ko‘rgazmasiga aylanishi kerak edi.
Boris Chuxovich,
Sanʼat va Markaziy Osiyo
arxitekturasi tarixchisi
Bu “jabrlangan Toshkentga” yordam deb atalardi, biroq aslida bu O‘zbekistonning yangi poytaxtini qurish bo‘yicha umumittifoq kampaniyasi bo‘lib, u davlatning “Sovet Sharqi”dagi muvaffaqiyatlari ko‘rgazmasiga aylanishi kerak edi.
Boris Chuxovich,
Sanʼat va Markaziy Osiyo
arxitekturasi tarixchisi
Uning so‘zlariga ko‘ra, Chilonzorning ayrim hududlarida (masalan, 9, 13, 22 yoki 24-mavze qismlarida) “xrushyovka” uylarini shunday qurish davom ettirilgan. Mehmonxona va oshxonadan chiqish eshiklari bo‘lgan yirik balkonlar yangi seriyalarning umumiy yangiligi bo‘ldi. Ular “xrushyovka” uylardagi mitti balkonlar o‘rnini egalladi.
реклама
реклама
Chuxovich takomillashtirilgan loyihali “eksperimental” seriyalar qurilishini asosiy innovatsiya deb ataydi.

“Bunday seriyalarni rejalashtirish uchun “anʼanaviy o‘zbek oilasi”ning kengaytirilgan demografik tarkibi asos bo‘ldi, biroq, aslida, keng xonalari, balkonlari va yordamchi xonalari bo‘lgan bu uylar asosan Eski shaharda yashagan ko‘p bolali oilalar uchun emas, balki Brejnev jamiyatining shakllanib kelayotgan “elitasi” uchun qurilgan edi”, — deydi Boris Chuxovich.
Toshkentda uy-joylar qurilishi maktablar, bolalar bog‘chalari, savdo korxonalari, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini barpo etish, shuningdek, o‘sha vaqtdagi meʼyorlar asosida muhandislik jihozlash hamda aholi punktlarini obodonlashtirish ishlari bilan birgalikda amalga oshirildi.

Chilonzorning 13-mavzesida “Ukrstroy” tresti qurilish-montaj tashkilotlari brigadalari mehnat qilishdi. Turar-joy binolaridan tashqari, Donesk quruvchilari ikki qavatli “Doneskiy” do‘konini, kiyevliklar esa binosi hozirgacha saqlanib qolgan, biroq qoplama o‘rnatilgani sababli g‘amnok ko‘rinishga kirib qolgan “Kiyevlyanka” pochta-kafesini qurdilar.
Sobiq “Kiyevlyanka” pochta-kafesi.
Boris Chuxovichning aytishicha, yangi Toshkent qurilishida ittifoq respublikalari ishtirok etishining bir qancha variantlari bor edi.

“Baʼzi mahallalar butunlay boshqa respublikalar (aniqrog‘i, Rossiya va Ukraina) arxitektorlari va quruvchilari tomonidan loyihalashtirilgan va qurilgan. Bu, masalan, M-7 yoki V-23 mavzelari. Boshqa hollarda, mikrotuman loyihalari Toshkentda, uy-joy loyihalari esa boshqa respublikalarda ishlab chiqilgan hamda ularning vakillari keyinchalik ularni qurgan (masalan, Chilonzor V-24 mavzesi). Shu bilan birga, boshqa respublikalar o‘z quruvchilari va texnikalarini shunchaki jo‘natib yuborgani, ular tomonidan qurilgan mikrotumanlar va uylarning loyihalari Toshkentda nihoyasiga yetkazilgani holatlari ham esga olinadi”, — deya tushuntiradi ekspert.
Uning qayd etishicha, boshqa respublikalarda arxitektorlar tomonidan ishlab chiqilgan mikrotumanlar loyihalari ikki marta aprobatsiyadan o‘tkazilgan: Toshkentda va ayrim hollarda Moskvada. Chuxovich Ukraina kvartalini (M-7) misol qilib keltiradi, uning atrofida o‘sha paytda ko‘plab ekspertlar va muassasalar ishtirokida jiddiy muhokama boshlangan.

“Toshkent shu yerda qavatlari oshirilgan va loyihasi takomillashtirilgan eksperimental uylar qurishga intildi. Biroq Moskva bunga ruxsat bermadi va binolar zichligini oshirishga buyruq berdi. O‘z navbatida, toshkentlik arxitektorlar ukrainalik arxitektorlar tomonidan taklif etilgan xonadonlar sxemasini tanqid qildi, buning natijasida mikrotumandagi turli tipdagi xonadonlar o‘rtasidagi nisbat sezilarli darajada o‘zgardi. Shunday qilib, to‘rt xonali kvartiralar soni kamaydi, lekin ikki va uch xonali kvartiralarning maydoni oshdi. Mutaxassislar chekka hududlarda unchalik injiqlik qilishmadi. Moskvaliklar tomonidan ishlab chiqilgan V-23 kvartal loyihasi deyarli eʼtirozlarsiz qabul qilindi”, — deydi Boris Chuxovich.
Ittifoq respublikalarining loyihalari qurilish materiallari bo‘yicha ko‘p jihatdan farq qilar edi. Bu ushbu mamlakatlarning har biri O‘zbekistonga qurilish poyezdlarini jo‘natgani bilan bog‘liq. Ularda Toshkentga toshchilar, suvoqchilar, montajchilar, muhandis-texnik ishchilar, zarur jihozlar, asbob-uskunalar va materiallar yetib keldi.

Rustam Husanovning so‘zlariga ko‘ra, Estoniya brigadasining qizil g‘ishtlari, ukrainalik quruvchilar Chilonzor, Ganga yaqinidagi M-15 va Markaziy univermag hududidagi uylarning old jabhalarini bezagan koshin plitkalar yaxshi ajralib turadi.
Boris Chuxovichning taʼkidlashicha, Ittifoq respublikalari quruvchilari butunittifoq I-310 seriyasining turli xil modifikatsiyalari asosida loyihalarga o‘zgartishlar kiritishda maʼlum erkinlikka ega edilar. Ayrim mikrotumanlar boshqalardan jiddiy farq qiladi. Eng avvalo, bu – Ukraina arxitektorlari va quruvchilari tomonidan ishlab chiqilgan va qurilgan M-7, moskvaliklar tomonidan ishlab chiqilgan va qurilgan M-1, 2, 4, 5 va 6, leningradliklar loyihasiga muvofiq qurilgan M-13.

“Ushbu holatlarda ko‘plab eksperimental yechimlar qo‘llanilgan. Ular aynan shaharning markaziy tumanlarida joriy etilganiga eʼtibor qaratmaslik mumkin emas. Shunday qilib, egalitaristik “xrushyovka” loyihalari bosqichma-bosqich o‘sib boruvchi ijtimoiy tabaqalanishli Brejnev jamiyatiga aylandi va bu oxir-oqibat sovet tizimining o‘zini o‘zi yo‘q qilishiga olib keldi”, – deydi ekspert.
“...Toshkent quruvchilarining internatsional otryadlari muvaffaqiyat bilan harakat qilishdi. Uch yarim yilda 3200 ming kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirildi, 60 mingdan ortiq xonadon taʼmirlandi, o‘nlab maktablar, bolalar bog‘chalari va yaslilar, shifoxonalar, savdo korxonalari qurildi. Maʼmuriy, ilm-fan, madaniyat muassasalarining zamonaviy, ko‘rkam binolari, yangi keng ko‘chalar, xiyobonlar va maydonlar shahar landshaftiga juda mos tushadi.

Yangi Toshkent kengayib, yuksalmoqda – zamonaviy shinam shahar. U o‘z chegaralarini ancha kengaytirdi: hududi olti ming gektarga, aholisi esa 204 ming kishiga ko‘paydi.

Toshkentning yangi mavzelari, uylari aholisi ham “Moskva”, “Leningrad”, “Rus”, “Ukrain”, “Belarus”, “Qozoq”, “Gruzin”, “Ozarbayjon”, “Arman”, “Qirg‘iz”, “Litva”, “Turkman”, “Latviya”, “Tojik”, “Moldova”, “Estoniya” quruvchilarini hech qachon unutishmaydi”.
(V.A. Arxangelskiy tahriri ostidagi “Toshkent – ​​qardoshlik shahri” kitobidan. 1969-yil).
O‘tgan yili “Gazeta.uz” fojeaning poytaxtga zarar yetkazilgan va Toshkentni tiklash bo‘yicha birgalikdagi harakatlar aks ettirilgan arxiv fotosuratlarini eʼlon qilgan edi.
Matn muallifi: Viktoriya Abduraximova.
Fotosuratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.
Maqolada V.A. Arxangelskiy tahriridagi “Toshkent — qardosh shahar” kitobi fotomateriallaridan foydalanilgan.
Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting