Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda fuqarolarning O‘zbekiston bo‘ylab sayohati uchun sarflangan xarajatlarning bir qismini qaytarish (keshbek) dasturini e’lon qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

1 sentabrdan boshlab:

  • avia, temir yo‘l va avtobus chiptalari narxining 15 foizini (aviatransportga 200 ming so‘mgacha, temir yo‘l va avtobusga 100 ming so‘mgacha);
  • mehmonxona xarajatining 20 foizini (bir kecha uchun — 80 ming so‘mgacha);
  • muzey va boshqa madaniyat obyektlariga chipta narxining 50 foizini (bitta obyekt uchun — 20 ming so‘mgacha) qaytarish tizimi joriy etiladi.

Bayram kunlari va festivallarda aholining faol sayohat qilishiga qulay sharoit yaratish uchun qo‘shimcha avia, temir yo‘l va avtobus qatnovini tashkil etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bunda chiptalarga 50 foizgacha chegirmalar joriy qilinadi.

Ushbu yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev kelasi hafta o‘zbekistonliklar Ramazon hayiti bayrami munosabati bilan 5 kun dam olishini aytdi.

Ramazon hayiti kunlarida aviachiptalarga talabning yuqoriligi munosabati bilan Uzbekistan Airways 2022 yil 1 maydan 5 maygacha Buxoro, Urganch, Farg‘ona va Namanganga qo‘shimcha aviaqatnovlarni bajaradi.

Yig‘ilishda xorijiy va ichki sayyohlarning aviaqatnovlarga bo‘lgan talabini qondirish bo‘yicha qator vazifalar berildi. Jumladan:

  • 1 iyuldan «Ziyorat turizmi» dasturi doirasida xorijiy aviakompaniyalarga ko‘rsatiladigan xizmatlarga 50 foizgacha chegirmalar joriy qilinadi;
  • yil yakunigacha mahalliy aviaqatnovlar soni haftasiga 48 tadan 60 taga, tutashuvchi qatnovlar soni 4 tadan 6 taga yetkaziladi;
  • 1 oktabrga qadar mahalliy aviaqatnovlarga mo‘ljallangan yangi Silk Avia aviakompaniyasi tashkil etiladi;
  • aviatashish xarajatlarini kamaytirish maqsadida 9 ta samolyot to‘liq ekonom-klassga o‘tkaziladi (bunda tariflar 20 foizga arzonlashadi).

Shuningdek, Turizm va Transport vazirliklariga bir oy muddatda turizm sohasida transport infratuzilmasini yaxshilash konsepsiyasini taqdimot qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.