«Andijon polkasi» raqsini YUNESKO nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritish taklif qilindi. Bu haqdagi tashabbus prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi turizm sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha videoselektorda ilgari surildi.

«Bu yil „Andijon polkasi“ — o‘zbek xalq cholg‘u kuyi va raqsining 100 yilligi keng nishonlanadi. Bu raqs nafaqat andijonliklarning, balki ko‘pmillatli O‘zbekistonning eng sevimli va jo‘shqin raqslaridan biri hisoblanadi», — deb yozdi bloger Aziza Qurbonova o‘zining «Mikrofon ko‘targan ayol» Telegram-kanalida

Uning so‘zlariga ko‘ra, videoselektorda «Andijon polkasi» har jihatdan jahon madaniy merosi deb atashga loyiq ekanligi, uni YUNESKO nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha taklif berish tashabbusi o‘rtaga tashlangan. Davlat rahbari ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov topshirig‘iga asosan viloyatda «Andijon polkasi» oyligi e’lon qilingani haqida xabar berilgandi. Viloyat hokimi oyda o‘zini haqiqiy andijonlikman deb bilganlarni butun jamoasi, hamkasblari bilan har kuni Andijon polkasi raqsiga tushishni odat tusiga kiritishga chaqirdi.