Samarqand viloyatida fermer 6 gektar yer maydonini noqonuniy tarzda 170 ming dollarga sotishga uringanlikda gumonlanmoqda. Bu borada viloyat IIBga fuqaro S. ariza bilan murojaat qilgan.

Uning ta’kidlashicha, dehqonchilik va chorvachilik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun Pastdarg‘om tumani hududidan yer olish niyatida aprel oyining o‘rtalarida K.Z. ismli shaxs bilan tanishib qolgan.

Fermer Pastdarg‘om tumani «Nayman» mahallasi hududida joylashgan, o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 6 gektar yer maydonini 170 000 AQSh dollarga sotishini aytgan.

U Pastdarg‘om tuman hokimligidagi tanishlari orqali yerni fuqaroning nomiga rasmiylashtirib berishi evaziga fuqarodan oldindan 20 000 dollar talab qilganligi aytilmoqda. Ariza beruvchi IIBdan K.Z. ismli shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Shu asosda 23 aprel kuni Samarqand viloyati IIB, DXX viloyati boshqarmasi va viloyat prokuraturasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda K.Z. ariza muallifidan 20 ming dollar miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan hozirda tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Samarqand tumanida fermer hokimning soxta qarori bilan 19 ming dollarga yer sotgani haqida yozgan edik.