Fransiyaning amaldagi prezidenti Emmanuyel Makron 24 aprel kuni prezidentlik saylovlarining ikkinchi turida 58,55% ovoz to‘plab, g‘alaba qozondi, deb xabar berdi Le Monde nashri.

Uning raqibi «Milliy uyushma» partiyasi yetakchisi Marin Le Pen o‘z mag‘lubiyatini tan olib, parlament saylovlarida «kurashni davom ettirishga» va Makronga qarshi kurashishga va’da berdi.

Makronning taxminiy g‘alabasi yakunda ko‘pchilik so‘rovnoma prognozlaridan oshib ketdi. Fransiya Konstitutsiyaviy sudi raisi 27 aprel kuni kelasi besh yilga prezident saylanishini rasman e’lon qiladi.

Eyfel minorasi ostidagi zafarli nutqida Makron ko‘pchilik yurtdoshlari uning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlagani uchun emas, balki «o‘ta o‘nglar g‘oyalarini to‘smoqchi bo‘lib unga ovoz berishganini» ta’kidladi. «Men ularga minnatdorchilik bildirmoqchiman va kelgusi yillarda ular oldida burchim borligini bilaman», — deya qo‘shimcha qildi u.

44 yoshli Emmanuyel Makron 20 yil avval Jak Shirakdan keyin qayta saylangan birinchi prezident hisoblanadi. 2017 yilda 39 yoshida davlat rahbari bo‘lgan Makron mamlakat tarixidagi Fransiyaning eng yosh rahbari va o‘zini-o‘zi nomzod qilib ko‘rsatgan birinchi davlat rahbari bo‘ldi. Besh yil muqaddam saylovlarning ikkinchi bosqichida Makron hozirgi raqibi Marin Le Pendan kattaroq farq bilan ustun kelgandi.