Milliy Olimpiya qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasida Davlat soliq qo‘mitasi raisi Kudbiyev Sherzod Davlyatovich O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi raisi etib saylandi. Bu haqda DSQ matbuot xizmati xabar bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yildan buyon Saida Mahmudova O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi raisi sifatida ishlab kelayotgan edi.

Avvalroq, Sherzod Kudbiyev hukumat qarori bilan DSQ huzuridagi Fiskal institut rektori lavozimiga tayinlangan edi.

Ma’lumot uchun, Sherzod Kudbiyev 2020 yil may oyidan beri DSQ raisi lavozimida faoliyat yuritmoqda. Sherzod Kudbiyev (1981 y. t.) Farg‘ona politexnika institutini tamomlagan (mutaxassisligi — moliya va kredit). Vazir bo‘lishiga qadar Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

2015−2016 yillarda Vazirlar Mahkamasi Makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va hududlarni kompleks rivojlantirish masalalari yig‘ma axborot-tahlil departamenti mudiri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.