Musulmonlarning Ramazon Hayiti bayrami arafasida O‘zbekiston delegatsiyasi Chechenistonda bo‘lib, respublika rahbari Ramzan Qodirovga prezident Shavkat Mirziyoyevning tabriklari va esdalik sovg‘asi — «Poi Kalon ansambli»ning 3D shaklidagi suratini taqdim etdi. Bu haqda Checheniston rahbari 24 aprel kuni o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.

Poi Kalon — Buxorodagi me’moriy ansambl bo‘lib, Kalon minorasi, Kalon masjidi va Mir Arab madrasasidan iborat.

«Bu yerda dunyoning ko‘zga ko‘ringan musulmon olimlari, jumladan, Axmat-Xoji Qodirov ham ta’lim olgan. Mening qadrli otam Buxoroda o‘qib yurgan davrlarini doimo yaxshi so‘zlar bilan eslab, samimiy va mehribon aholi haqida gapirib berardi. Bu yerlarda o‘tgan yoshlik davrlariga nisbatan nozik tuyg‘ular his etardi. Bu chinakam go‘zal va betakror joy bo‘lib, u haqli ravishda «Shanxay hamkorlik tashkilotining sakkiz mo‘jizasi»dan biri maqomini olgan», — deya qayd etdi Ramzan Qodirov.


U Shavkat Mirziyoyevga «nafaqat tabrik, balki O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi samarali hamkorlik, siyosiy va madaniy munosabatlar uchun ham» minnatdorchilik bildirdi.

«Shubhasiz, Shavkat Miromonovich o‘z yurti, xalqi uchun ko‘p ishlar qilmoqda, do‘stona munosabatlar o‘rnatmoqda, O‘zbekistonning jahon miqyosidagi mavqeini mustahkamlamoqda. Ishonchim komilki, O‘zbekiston fuqarolari shunday oliyjanob prezidenti borligi uchun ham omadli, Shavkat Miromonovich esa shunday ajoyib xalqning boshida turish baxtiga muyassar bo‘lgan», — dedi Checheniston rahbari.


Kanalda e’lon qilinishicha, surat o‘lchami 115×70 sm bo‘lib, «Poi Kalon ansambli» kartinasi «noyob qo‘l mehnati» hisoblanadi. U 3,4 kg 925 probali kumushdan, maydoni va gumbazlari 999 probali tilla bilan ishlangan, uning ramkasi esa oltin barg bilan qoplangan.

«Men [sovg‘aga] qarayapman va uni qo‘yishga joy qidirayapman. Prezident lol qoldirishni biladi», — deb yozadi Ramzan Qodirov.