Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) va Moliya vazirligi mamlakatning toza energiyaga o‘tishi hamda elektr energiyasiga o‘sib borayotgan talabni qondirish uchun shamol stansiyalarini rivojlantirishda O‘zbekiston hukumatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi bitimni imzoladi, deb xabar qildi moliya tashkiloti matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

XMK O‘zbekiston hukumatiga xususiy sektor tajribasi va kapitalini mamlakatning bir qancha hududlarida 500 MVt gacha quvvatga ega shamol elektr stansiyalarini qurish va ishlatishga safarbar qilish uchun davlat-xususiy sheriklik (DXSH) tuzilmasini yaratish bo‘yicha maslahatlar beradi.

Loyiha O‘zbekistonning 2026 yilga borib elektr energiyasining 25 foizini qayta tiklanadigan manbalardan ishlab chiqarish maqsadiga erishishga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.

Dunyo bo‘ylab o‘rnatilgan quvvati 743 GVt dan ortiq shamol elektr stansiyalari ishlab chiqarishning eng tez o‘sib borayotgan va eng arzon energiya manbalaridan biridir. O‘zbekiston hukumati o‘z oldiga 2026 yilgacha besh gigavatt quyosh va uch gigavatt shamol energiyasini ishga tushirishni maqsad qilib qo‘ygan, deb ta’kidladi XMK.

2018 yildan buyon XMK O‘zbekiston hukumatiga energetika sektoriga shaffof va raqobatbardosh tarzda hamda eng yuqori ekologik, ijtimoiy va boshqaruv standartlariga muvofiq xususiy sarmoyalarni jalb qilish bo‘yicha maslahatlar berib kelmoqda. Qayta tiklanadigan energiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va sektorni xususiy investitsiyalar uchun ochish XMKning O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasidagi faoliyatining asosini tashkil etadi, deyiladi hisobotda.

Loyiha O‘zbekiston hukumati tomonidan XMK bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan energetika sohasida bir qancha raqobatbardosh tenderlardan biridir. Xususan, XMK Navoiy viloyatida 100 MVt quvvatga ega xususiy quyosh elektr stansiyasi uchun tender va moliyalashtirishda yordam berdi, u 30 mingdan ortiq uy-joylarni quvvatlantirish uchun yetarli elektr energiyasi ishlab chiqaradigan mamlakatdagi birinchi kommunal miqyosdagi qayta tiklanadigan energiya inshootidir.