O‘zbekistonda 9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan harbiy paradlar o‘tkazilmaydi. Bu haqda Milliy matbuot markazida Mudofaa vazirligi vakillari ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Vazirlikning tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Oybek Mamadaliyevning so‘zlariga ko‘ra, respublikada mazkur sanaga bag‘ishlangan bayramlar boshlab yuborilgan.

“9 may — Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayramlar nafaqat Mudofaa vazirligida, balki butun respublikada davom etmoqda. Aynan qariyalarni qadrlash, ularga hurmat ko‘rsatish maqsadida butun mamlakatda tadbirlar boshlab yuborilgan”, — dedi u.

Shuningdek, u mazkur bayram munosabati bilan harbiy parad o‘tkazish nazarda tutilmaganini ma’lum qildi.

“Oldin ham parad bo‘lmagan. O‘tgan yili ham, undan oldingi yillar ham bo‘lmagan bu narsa. Harbiy parad bo‘lishi masalasida hech qanday ma’lumot yo‘q”, — deya ta’kidladi Oybek Mamadaliyev.