Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanganlikda gumonlangan 9 nafar shaxs qo‘lga olindi, deb xabar berdi Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati.

Zangiota tumani «To‘qimachi» mahallasida yashovchi (1983 y.t.) Q.S. ismli shaxs 18 yashar shartli xaridorga 4 dona (tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi modda bo‘lgan) dori vositasini 250 ming so‘mga sotayotgan vaqtida xolislar ishtirokida ushlangani aytilmoqda.

Shuningdek, uning yonidan 10 dona shu turdagi dori vositasi daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilib olingan. Shu tariqa boshlangan tezkor tadbir davom ettirilgan.

Ushbu shaxs hamda boshqalarni dori bilan ta’minlayotgan Uchtepa tumanida yashovchi 42 yoshli Javlon va 52 yoshli Baxtiyor, Olmazor va Yunusobod tumanida yashovchi 25−27 yoshli Rustam va Muhammad, Toshkent tumanida yashovchi 44−31 yoshli Sherzod va Jasur ismli shaxslar ham shartli xaridorga dorilarni sotayotgan vaqtida ushlangan.

Ular tuzgan guruhning yana bir a’zosi Chilonzor tumanidagi dorixonalardan birida sotuvchi bo‘lib ishlovchi Javohir esa 200 dona (tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi modda bo‘lgan) dorini 3 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlangan. Uning avtomashinasidan esa 590 dona shu turdagi dori vositalari daliliy ashyo sifatida olingan, deyiladi xabarda.


Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati.

«O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 9 nafar shaxs qo‘lga olinib, ulardan bozor narxi 34 mln so‘mga teng bo‘lgan jami 1351 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi noqonuniy muomaladan olingan» — deyiladi xabarda.

Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, yanvar-mart oylarida davlat bojxona organlari xodimlari tomonidan O‘zbekiston hududiga 503,6 kg giyohvandlik vositalarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgani hamda 101 ming dona kuchli ta’sir etuvchi va 1,6 ming dona psixotrop moddalar kirishining oldi olingani haqda xabar bergan edik.