Ukrainada urush tufayli mamlakatni tark etishga uringan 11 nafar O‘zbekiston fuqarosi bedarak yo‘qoldi. Ularni qidirish mart oyining boshidan beri davom etmoqda. «Gazeta.uz» mazkur vaziyatni o‘rgandi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Kiyev viloyatining Bucha tumanidagi Kolonshina qishlog‘ida baza qorovuli 9 nafar O‘zbekiston fuqarosining ismi va qaysi mamlakatdan ekanini so‘ragani aks etgan video paydo bo‘lgan edi. Ularning hammasi Surxondaryo viloyatidan ekanini ma’lum qilishgan.

Ulug‘bek Amirqulov, Firdavs Majidov va Valisher Asqarov.

Siratullo Safarov, Kamoliddin Maxmarajabov va Murodjon Botirov.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbeklar o‘zlarini Ulug‘bek Nuriddinovich Amirqulov (1999 yilda tug‘ilgan), Firdavs Xusanovich Majidov (2001), Valisher Alisherovich Asqarov (1994), Siratullo Sayfulloyevich Safarov (2004), Kamoliddin Usmonovich Maxmarajabov (1986), Murodjon Usmonovich Botirov (1992), Navro‘z Xasanovich Xamrayev (1999), Humayni Abdurahmonovich Safarov, Xamidullo Abduraxmonovich Abdumannoyev (1991) deya tanishtirgan.

Navro‘z Xamrayev, Xumayni Safarov va Xamidullo Abdumannoyev.

Ulardan tashqari yana ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi — Ro‘zmat Abdullayev va Kamoliddin Usmonovich Maxmarajabov bedarak yo‘qolgan.

Yo‘qolganlarning fotosuratlari va pasport ma’lumotlari maxsus guruhlarda tarqalmoqda. Xabarlarda aytilishicha, mehnat muhojirlari Kiyevga ishlash uchun urush boshlanishidan avval kelgan. Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng o‘zbeklar mamlakatni tark etishga uringan, ammo jangovar harakatlar tufayli ular Bucha shahrida qolib ketishgan. 3 mart kuni ular bilan aloqa uzilib qolgan.

Voqea qanday sodir bo‘ldi?

«Gazeta.uz» 3 martdan beri aloqaga chiqmayotgan, bedarak yo‘qolgan Valisher Asqarovning ukasi — Surxondaryo viloyati Denov shahridan Sherzod Asqarov bilan bog‘landi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Valisher o‘nlab surxondaryoliklar qatori urush boshlanishidan besh-olti oy avval Kiyevga ishlash uchun ketgan. Ularni tadbirkor bir nechta umumiy ovqatlanish shaxobchalarida non yopish, shaurma, somsa va boshqa taomlar pishirish uchun jalb qilgan.

«Ular kamida 50 nafar edi. Urush boshlanganda hammasi to‘planib, fevral oxiri yoki mart oyining boshida mashinada Buchaga olib kelindi, u yerda ombor bor edi. 50 nafar ichida ayollar va bolalar ham bor edi. Ularni evakuatsiya qilish uchun tadbirkor ikki-uch mashina jo‘natgan. Birinchi reysdan keyin omborda 11 kishi qolgan. Keyin ular boshqa mashina yuborishdi, ammo bu vaqtga qadar rus tanklari va boshqa harbiy texnikalari allaqachon yetib borgan edi», — dedi u.

«Ruslar mashinaga qarata o‘q uzgan, shu sababli taksi haydovchisi ombordagi qolganlarga yetib bormay, qochib ketgan. Buni menga umumiy ovqatlanish shaxobchalari boshlig‘i aytdi va u taksi haydovchisiga yurtdoshlarimizni olib chiqishni buyurdi. Taksichi ham tanish edi, otishma bo‘lgani uchun bora olmasligini aytdi», — dedi Sherzod Asqarov.

Shundan so‘ng tadbirkor 11 nafar o‘zbekistonlikka hududni o‘zlari tark etishni taklif qilgan, o‘shanda hududga kirish taqiqi allaqachon joriy qilib bo‘lingandi.

«Ular ikki-uch kishidan iborat guruhlarga bo‘linishdi. Ikki kishi harbiy xizmatchilardan birining mashinasida bu hududni tark etishga muvaffaq bo‘ldi. To‘qqiz kishi qoldi. Bu vaqtga kelib, tanklar kirib keldi va chiqish ham taqiqlandi. Ular o‘rmonga qochib ketishdi va u yerda ularni videoga olgan qorovulni uchratishdi», — dedi Valisher Asqarovning ukasi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tuman hokimligi uning oilasidan voqea haqida xabar bermaslikni so‘ragan, biroq bu yozuvlar tarmoqda paydo bo‘lib ulgurgan.

O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, qidiruv ishlari 3 martdan beri davom etmoqda.

«Biz vaziyatdan xabardormiz. Joriy yilning 3 martidan boshlab fuqarolarimizni har tomonlama qidirmoqdamiz», — dedi diplomatik missiya vakili.

Bucha shahri 5 martdan 31 martgacha rus qo‘shinlari nazorati ostida edi. Rossiya harbiylari shaharni tark etgach, tinch aholining jasadlari bilan to‘lib toshgan ko‘chalarning fotosuratlari dunyo bo‘ylab tarqaldi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mahalliy aholining o‘limida rus askarlarini aybladi. Rossiya Mudofaa vazirligi foto va video materiallarni «provokatsiya» va «sahnalashtirish» deb atadi.