Ukrainaning urushdan keyingi chegaralari ayni paytda Rossiya va Ukraina o‘rtasida kechayotgan tinchlik muzokaralarining asosiy masalasi bo‘lib qolmoqda. Bu haqda har ikkala tomon delegatsiyalariga yaqin manbalarga tayanib Meduza nashri xabar qilmoqda.

29 mart kuni — qariyb bir oy avval Rossiya va Ukraina o‘rtasida Istanbulda o‘tkazilgan muzokaralarning so‘nggi bosqichidan so‘ng Rossiya tomoni Kiyev va Chernigov yo‘nalishlarida harbiy faollik keskin qisqartirilishini ma’lum qilgani va rus qo‘shinlari shaharni tark eta boshlagani haqidagi xabarlar ortidan, tinchlik sulhi tuzilib, urushga tez orada barham berilishiga umid paydo bo‘la boshlagan edi. Shundan so‘ng Mariupolning egallanishi va Kiyev viloyatining ozod etilishi, ko‘p o‘tmay Buchada sodir etilgan qirg‘in to‘g‘risidagi xabarlar butun dunyo ommaviy axborot vositalari e’tiboriga tushishi, mazkur voqealar yuzasidan dunyo hamjamiyati, keng jamoatchilik orasida yuzaga kelgan qizg‘in munozaralar va keskin e’tirozlar fonida, tinchlik muzokaralari butunlay muzlatilgandek tasavvur uyg‘ota boshladi.

Biroq Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy 22 aprel kuni Ukraina tomoni bilan «bir nechta uzoq davom etgan muzokaralar» bo‘lib o‘tganligini ma’lum qildi. Meduza nashri har ikkala tomon delegatsiyalari va rasmiylariga yaqin manbalardan izoh olib, muzokaralar qanday kechayotgani, Rossiya va Ukraina aynan qaysi masalalar yuzasidan kelishuvga erishishga urinayotganiga oydinlik kiritdi.

Ukraina delegatsiyasiga yaqin manbaning Meduzaga ma’lum qilishicha, muzokaralarning asosiy qismi, ya’ni tomonlarning shaxsiy uchrashuvlari, hozirda Rossiya qo‘shinlari tomonidan deyarli to‘liq bosib olingan Mariupoldagi vaziyat tufayli muzlatib qo‘yilgan. Shunga qaramay, ishchi guruhlar tegishli hujjatlar ustida ishlashda davom etmoqda. Bundan tashqari, muzokaralar borishi bilan tanish bo‘lgan Meduza manbalari (Rossiya va Ukraina tomonidan) bir qancha dastlabki kelishuvlar «aniqlashtirib» olinganligini tasdiqlashgan.

Ma’lum qilinishicha, hozirda ikkita masala yuzasidan kelishuvga erishish bo‘yicha muhokamalar davom etmoqda:

  • Siyosiy masala — Ukrainaning neytrallik va yadrosizlik maqomi hamda Rossiya tomonidan tajovuzga uchragan taqdirda kafil davlatlar tomonidan taqdim etilishi lozim bo‘lgan xavfsizlik kafolatlari;
  • «Madaniyatlarga nisbatan o‘zaro hurmat» masalasi — bu har ikki mamlakatning madaniy aloqalari teng huquqlilikka asoslanishini nazarda tutadi. Masalan, Ukrainada ma’lum miqdordagi rus tilida so‘zlashuvchi maktablar ochilsa, Rossiyada ham xuddi shuncha miqdordagi ukrain tilida so‘zlashuvchi maktablar ochilishi lozim bo‘ladi.

Ukraina delegatsiyasiga yaqin manbaga ko‘ra, hozirda xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha algoritm ishlab chiqilmoqda. Hozirgacha faqatgina ikki davlat — Italiya va Buyuk Britaniya kafil bo‘lishga tayyor ekanliklarini ommaga e’lon qilishdi, biroq bu borada hali hech qanday hujjat imzolanmagan.

Shuningdek, manba Kiyevning pozitsiyasini ham ochiqlagan. Unga ko‘ra, Ukraina tomoni Rossiya qo‘shinlari urush davomida bosib olingan barcha hududlardan olib chiqilishini talab qilmoqda.

Rossiya esa, Meduza bilan suhbatda bo‘lgan manbalarning tasdiqlashicha, bosib olingan hududlarning katta qismini (ehtimol hammasini) o‘zida saqlab qolish niyatida. Kremlga yaqin manbalardan biriga ko‘ra, Rossiya hukumati «dengizni [Ukrainadan] tortib olish» istagidan voz kechmoqchi emas (Ukrainaning Xerson, Nikolay va Odessa viloyatlari Qora dengiz mintaqasiga kiradi). 22 aprel kuni Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni vazifasini bajaruvchi Rustam Minnekayev Rossiya «Ukrainaning janubiy viloyatlari ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishni» rejalashtirayotganini ommaviy tarzda e’lon qildi, biroq u aynan qaysi viloyatlarni nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmagan. Rossiya prezidenti vakili Dmitriy Peskov bu bayonot yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.

Prezident ma’muriyatiga yaqin manbalar, Rossiya muzokaralar qanday borishidan qat’i nazar, Xerson viloyatini Kiyevga «bermasligi» mumkinligini qayd etishgan. Ularga ko‘ra, Xersonda «referendum» o‘tkazish va referendum natijalari asosida uni Ukrainadan «mustaqil» deb e’lon qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, Moskva Mariupolni ham Kiyevga qaytarish istagida emas.

Nashrning yozishicha, Qrim, DXR va LXR taqdirini tomonlar urushdan keyin muhokama qilishi ko‘zda tutilmoqda. Donbass va Qrim masalasi muzokaralar jarayonining bir qismi bo‘lmasligi Rossiya va Ukraina delegatsiyalarining Istanbulda bo‘lib o‘tgan uchrashuvidan so‘ng ma’lum bo‘lgan edi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ushbu hududlar yuzasidan muzokaralar uchun 15 yilgacha vaqt ajratish taklif qilinganini ta’kidlagan.

«Bu masalalar parallel tarzda, lekin alohida muhokama qilinadi. Donbass va Qrim bilan bog‘liq masalalar [rus] qo‘shinlar bu yerdan chiqib ketganda muhokama qilinishi mumkin. Urush ketayotgan paytda bunday nozik hududiy masalalarni muhokama qilish g‘alati bo‘ladi», — deydi Meduzaning Ukraina tomonidagi manbasi.

«Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralar vaqtida biz Qrim masalasida xalqaro komissiya tuzishni va tomonlarga 15 yil ichida yechim topish majburiyatini yuklashni taklif qilgan edik. Donbass masalasida ham xuddi shunday. Bu bizning hududimiz ekanligini hattoki muhokama qilmoqchi ham emasmiz. Ammo Rossiya ularni amalda nazorat qilayotganini tushungan holda, bu masala yuzasidan xalqaro muzokaralarga tayyormiz», — deya qayd etgan Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich Meduza bilan suhbatda.

Shu bilan birga, Kiyevning mazkur taklifi Istanbuldagi muloqotlar chog‘ida amalda bo‘lganini, biroq ayni paytda «vaziyat o‘zgarganligini» hisobga olgan holda «takliflar ham o‘zgarishi mumkin» ekanini qo‘shimcha qilgan.

Xabarda aytilishicha, ishchi guruhlar «madaniyatlarga nisbatan o‘zaro hurmat» to‘g‘risidagi hujjat ustida ishlamoqda. Meduzaning Kremlga yaqin manbasiga ko‘ra, mazkur kelishuv birinchi navbatda «til masalalariga taalluqli». Xususan, ishlab chiqilayotgan hujjatda Ukrainada «rus tili bo‘lishi mumkinligi» qayd etib o‘tilishi ko‘zda tutilgan — Rossiyada ukrain tili teng darajada mavjud bo‘lishi sharti bilan, deya ta’kidlagan Ukraina delegatsiyasiga yaqin manba.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Rossiya ommaviy axborot vositalari, jumladan, Meduzaga bergan intervyusida shunday hujjat ishlab chiqilayotganligini tasdiqlagan.

Nashrga ko‘ra, muzokaralar qancha davom etishi noma’lum. Xususan, 22 aprel kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov muzokaralar to‘xtab qolganini qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina vakillariga «bu muzokaralar umuman kerak emas, ular o‘z taqdirlariga tan berishdi» degan fikr uyg‘onmoqda.

Biroq, Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy 22 aprel kuni Ukraina delegatsiyasi rahbari David Araxamiya bilan «bir nechta uzoq davom etgan muzokaralar» o‘tkazganini ma’lum qilgan. Ammo ularning mazmuni ochiqlanmagan.

Meduza manbalari ham muzokaralar davom etayotganini tasdiqlab, ularning qancha davom etishi noma’lum ekanligini bildirishgan. Ukraina tomoni manbasining qayd etishicha, muzokaralar davomiyligi Donbassdagi voqealar rivojiga bog‘liq.