«Gazeta.uz» o‘z mamlakatlarini tark etib, O‘zbekistonga ko‘chib o‘tishga qaror qilgan Rossiya, Belarus va Ukrainada istiqomat qilganlar haqida turkum materiallarni taqdim etadi. Turkumlar doirasida ular mamlakatga kelganidan bir oy o‘tgach, hayot qanday o‘tgani, bu jarayonda duch kelgan qiyinchiliklar haqida so‘zlab beramiz. Qahramonlar o‘z taassurotlari, O‘zbekistondagi hayotning ijobiy va salbiy tomonlari, kelajak rejalari bilan o‘rtoqlashadilar.

Daniil, 32 yosh, IT-mutaxassis

Cherepovetsda tug‘ilganman. U Vologda viloyatidagi shahar, bizda ko‘plab zavodlar va shunga yarasha ekologiya mavjud. Maktab yillarida oilamiz bilan Kaliningradga ko‘chib o‘tdik. So‘nggi 10 yil davomida esa oilam bilan UAZ avtomashinalari ishlab chiqaradigan o‘rtacha Ulyanovsk shahrida yashayman. Bu shaharda IT-kompaniyalar va IT-hamjamiyat faolligidan boshqa hech qanday ajoyib narsa yo‘q.

Men IT-mutaxassisman — xalqaro bozorda faoliyat yurituvchi Ulyanovskdagi yirik IT-kompaniyasida stajyorlikdan texnik direktor lavozimigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdim. So‘nggi uch yil davomida AQShdagi xalqaro IT kompaniyasi bilan shartnoma asosida dasturchilik va menejment bilan shug‘ullanmoqdaman — biz ochiq kodli ma’lumotlar bazalari (open-source) bilan ishlaymiz.


O‘g‘li bilan yapon bog‘ida sayr

Ketish uchun bir nechta sabablar bor edi, lekin asosiy trigger, albatta, barchaga ma’lum bo‘lgan voqea va kiritilgan sanksiyalar ham bo‘ldi. Men antimilitaristman, keskin vaziyatlarni yoqtirmayman. Bu men sevadigan ishimga katta ta’sir ko‘rsatayotgan edi.

Turli yo‘nalishlar ustida o‘yladim. Chiptalarni sotib olganimda, reyslar hali bekor qilinmagan edi, ammo voqealarning bunday rivojlanishini oldindan sezish mumkin edi. Men bir kunga ham Istanbul, ham Toshkentga chipta sotib oldim — u yerda ham, bu yerda ham do‘stlarim, hamkasblarim bor edi. Istanbulga parvoz bekor qilindi, shuning uchun Toshkentga keldim. Yolg‘iz uchdim, chunki qayerga uchishimni bilmasdim. Bir oy o‘tgach, xotinim va o‘g‘lim ham oldimga uchib kelishdi.

Mamlakat tanlashga jiddiy yondashdim. Men uchun quyidagi omillar muhim edi: til, odamlar, viza masalalari, yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati, banklar faoliyati va valyuta nazorati, shahar infratuzilmasi, madaniyat va hayot sifati, qulaylik va parvoz vaqti. O‘zbekiston menga mos keldi. Bu yerda juda ko‘p ijobiy his-tuyg‘ularni boshdan kechirdim. Toshkent, mana bir oydirki, kutganimdan ham yaxshiroq chiqdi.

Yevropa va AQSh sanksiyalari masofadan faoliyat ko‘rsatadigan IT-mutaxassislar ishini qiyinlashtirishi mumkin — men ham masofaviy formatda ishlayman. Ko‘pgina kompaniyalar Rossiya hududidagi odamlar bilan ishlash yoki Rossiya banklariga pul to‘lashdan bosh tortishi mumkin, ularning ba’zilari sanksiyalarga ham duchor bo‘lgan.

O‘zbekistonda YATT (yakka tartibdagi tadbirkor) yoki o‘zini o‘zi band qilish mumkin, bankda xorijiy valyutada hisob raqami ochish va xorijiy kompaniyalardan rasman to‘lovlar olishingiz, soliq to‘lashingiz va shu yerda yashashingiz mumkin. Bu juda zo‘r, ko‘p mamlakatlar buni bu yerda amalga oshirilgandek tez va qulay bajarishga ruxsat bermaydi. Men o‘zim hali foydalanmaganman, chunki men shoshqaloqlikni yoqtirmayman — men banklar, turli tafsilotlar, soliq va tariflarni batafsil o‘rganaman.

YATT uchun kvartirada ro‘yxatdan o‘tish kerak — men uni bir hafta oldin qildim, bundan oldin turistik ro‘yxatda turgan edim. O‘ylaymanki, aprel oxirigacha bu yerda ro‘yxatdan o‘tish va daromadlarni ko‘chirishni tugataman. Shuni ta’kidlash kerakki, ro‘yxatdan o‘tish bir kun va bir necha soatdan ko‘p bo‘lmagan vaqtni oladi.

O‘zim bo‘lgan joyning qoida-qonunlari bo‘yicha yashashni yaxshi ko‘raman va osongina moslashaman. Biror narsa meni bezovta qilganini eslay olmayman — aksincha, hamma narsa juda qulay va hamyonbop edi. Bankomatlar, do‘konlar, transport, oziq-ovqat — hammasi joyida.

Sayohatlarga oldindan tayyorgarlik ko‘rishni afzal ko‘raman: men boradigan mamlakat va shaharni o‘rganaman, xaritalarni, sharhlarni yaxshi ko‘raman. Toshkentlik hamkasblarim menga birinchi marta kvartira va taksilar, do‘konlar, valyuta haqida ma’lumot olishda yordam berishdi. Chilonzorda yashagan birinchi haftada onlayn ro‘yxatdan o‘tdim — hammasi juda qulay edi. Tezkor internet bor edi, hammasi VPN`siz ishladi.

Birinchi kuni tuman bo‘ylab sayr qildim, SIM-karta sotib oldim, belgilangan narxlari bo‘lgan do‘kon va bir nechta kafe topdim, ayirboshlash shoxobchasidan pul — rubl va dollar — almashtirdim, bankomat orqali valyuta ayriboshlashni sinab ko‘rdim. Natijada menda allaqachon pul, aloqa, kvartira va Internet bor edi.

Bir hafta o‘tgach, shaharni o‘rganish uchun uning qarama-qarshi qismida arzon kvartirani ijaraga oldim. Uzoq muddatli ijaraga joy topish uchun ko‘pgina bog‘lar, ko‘chalarni aylanib chiqdim. Oxirida Ekopark yonidagi M-1 hududidan kvartirani ijaraga oldim, olti oyga ro‘yxatdan o‘tdim.

Bu orada JSHSHIRni ro‘yxatdan o‘tkazdim va ERI qildim — hamma narsa juda tez va qulay edi. Telegram-kanallar juda ko‘p yordam bermoqda, u yerda juda samimiy va kuyinchak odamlar bor. Shuningdek, men relokantlar uchun tashkil etilgan bir nechta uchrashuvlarda qatnashdim — bu ham qiziqarli va foydali tadbir bo‘ldi.

Yugurishni, shahar va bog‘larda sayr qilishni yaxshi ko‘raman. Toshkentda menga kerak bo‘lgan hamma narsa bor — u yerda juda ko‘p ajoyib parklar va kilometrlab mukammal piyodalar yo‘laklari mavjud. Deyarli har bir ko‘chada kichik do‘konlarning ko‘pligi meni juda xursand qildi. Biz bozorlardan mamnun edik — ularni allaqachonlar unutib yuborgandim, bu yerda ular juda yaxshi ekan.

Menimcha, Rossiyadagi yirik savdo markazlari kichik biznes, bozorlar va do‘konchalarni deyarli butunlay o‘ldirdi. Toshkentda yaxshi savdo markazlari va do‘konlar, shuningdek, juda ko‘p kichik biznes bor ekan, ularda iltifotli xayrixoh sotuvchilar sizga kerakli narsalarni sotarkan. Hech qanday xiralik yo‘q — bu menga yoqdi.

Fasfud va mahalliy kafelar yoqdi: qimmat restoranlar muxlisi emasman, lekin arzon narxda osh, lag‘mon yoki kabob yeyish — zo‘r narsa. Xuddi sizning tez ovqatlanish tarmoqlaringiz kabi — ular juda mazali taomlar tayyorlashadi, men ularni Ulyanovskda filiallar ochishga taklif qilaman.


Daniil relokantlar bilan uchrashuvda.

Bu yer menga yoqyapti, yashash uchun yaxshi infratuzilma mavjud. Tog‘larga, suv omborlariga hali sayohat qilganim yo‘q, Samarqand, Buxoro, Xiva kutmoqda. Bu yerda mehribon va mehmondo‘st odamlar bor — qayergadir ketishga hech qanday sabab ko‘rmayapman.

Hozir o‘g‘limizni bog‘chaga berishni rejalashtirmayapmiz — rafiqam bolaga qaraydi. Va maktabga hali erta — bu yil u atigi 5 yoshga to‘ladi. Lekin bu borada qandaydir muammo yo‘qligini o‘qidim. Men tez-tez bolalar bog‘chalari va maktablar yonidan o‘taman, hamma narsa toza. Ko‘plab xususiy maktablarni va xususiy maktablar reklamalarini ko‘rdim — umuman, ta’lim haqida qayg‘urmayman.

Albatta, Rossiyani juda tez tark etdim, u yerda ishlarim qoldi — kelajakda u yerga borishim kerak bo‘lishi mumkin. Qozonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri samolyot borligidan xursandman.

Bir yil ichida so‘zlarimni takrorlay olamanmi yoki yo‘qmi, tushunib yetishim uchun yozgi jaziramani boshdan kechirishim qolyapti.

Kseniya, 27 yosh, jurnalist

Men Moskvada tug‘ilganman va butun umrimni o‘tkazdim. So‘nggi yillarda «Exo Moskvы» radiostansiyasida ishladim, bir vaqtning o‘zida magistraturada o‘qidim — men ishchanman, deyarli uyda bo‘lmasdim.

Radioda kino haqida o‘z ruknim bor edi, uni hamkasblarim bilan olib borardik: yangi kino haqida suhbatlashardik, sharhlar qilardik — zero hozirda kinoshunoslikka o‘qiyotgandim. O‘zimning podkastim ham bor edi, biz uni endigina boshlagandik: kino ijodkorlarning ko‘zi bilan qanday ishlashi haqida gaplashmoqchi edik. «Exo» nomi ostida uni boshqa chiqara olmaymiz (radiostansiya va sayt tugatilgan — tahr.). Podkastni yangidan boshlash kerak, yoki… Uni tashlash juda achinarli, lekin uni qanday davom ettirishni hali o‘ylab ko‘rmadim.


Kseniya Toshkentdagi «O‘zbekiston» mehmonxonasida oldida.

Biz mart oyining birinchi haftasida ketdik, to‘rt kishi: men, erim va hamkasbim o‘zining yigiti bilan. Men erimdan juda xavotirda edim — agar chegaralar yopilsa yoki harbiy holat joriy etilsa, boradigan joy qolmaydi. Va men hamma narsadan voz kechishga tayyor edim — shunchaki uni chiqarib yuborish uchun.

Biz borishni o‘ylagan birinchi yo‘nalish Gruziya edi. Ammo mart oyining birinchi haftasida u yerga chiptalar juda qimmat edi. Men tushundimki, hamma u yerga boradi va u yerda qiyin bo‘ladi — hamma uchun uy-joy yetarli emas.

Biz boshqa yo‘nalishlarga qaray boshladik, Urganchni topdik, Toshkentga qaray boshladik. Chiptalar odatdagidan qimmatroq edi, lekin boshqa yo‘nalishlarga nisbatan narx ancha-muncha adekvatroq edi.

Hamkasbimiz Toshkentda tug‘ilgani va yashaganini esladik — bu yerda tanishlari ham bor bo‘lib chiqdi, birinchi kunlarda tunab qolish uchun joy topsa bo‘lardi. Va shunday bo‘ldi — dugonamizning oilasi juda katta yordam berdi.

Sharmandali tomoni, men O‘zbekiston haqida umuman hech narsa bilmasdim. Ajoyib odamlari bo‘lgan go‘zal va yoqimli mamlakat bo‘lib chiqdi, bizni juda iliq kutib olishdi, hamma joyda bizga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishdi va yordam berishdi. Men faqat kimnikiga kelganimiz haqida gapirmayapman. Qaysidir darajada men juda uyaldim, chunki Moskva umuman bunday shahar emas. U juda g‘azabnok, juda og‘ir va men butun umrim davomida yashagan odam sifatida buni doimo his qilganman. Bu yerda esa qay darajada moskvalik ekanligimni anglab yetdim va odamlar o‘rtasidagi munosabatlarda bu meni o‘zimga keltirdi.


Kseniya Human House`dagi sumalak ziyofatida.

Radioda ishlagan to‘rt yil davomida bir oy ham to‘liq dam olmadim. Endi qaror qildim: modomiki ketgan ekanmiz, men dam olvolaman. Oxirgi vaqtlarda uncha faol bo‘lmagan holda ish topishga urinishlarni boshladim — o‘z rezyumemni mahalliy chatga joylashtirdim.

Toshkentdagi birinchi kunimizda moskvaliklar sifatida hamma narsani Moskva tezligida qilishni xohladik. Darhol SIM-kartalarni olishga bordik, o‘shanda 7 mart — qisqa ish kuni edi, bu haqda o‘ylamagandik. Moskvada buni his qilmaysiz, har qanday masalani hafta oxiri yoki hatto bayram kunida ham hal qilishingiz mumkin. Bu yerda esa hamma narsa boshqacha bo‘lib chiqdi — bu biz uchun katta syurpriz bo‘ldi. Va negadir — sababini tushunmadik — tushdan keyin butun Toshkent tirbandlikda qolib ketdi va biz Chilonzordan chiqa olmadik.

Moskva yo‘llaridagi vaziyat dahshatli deb o‘ylardim. Bu yerda esa hammasi juda yomon ekan. Men hech qachon mashina haydagan odammasman, guvohnomam yo‘q, lekin hatto men muammolarni ko‘rib turibman. Yashil chiroqda piyodalar o‘tish joyidan o‘tmoqchi bo‘lsangiz, sizga yo‘l berishmaydi. Bu, albatta, meni hayratda qoldiradi. Yoki chap yo‘lakdagi mashinalar qanday qilib to‘satdan o‘ngga burilish uchun svetoforda yo‘lni o‘zgartirishga qaror qilishadi.

Biz taksi haydovchilari bilan suhbatlashdik — ular odamlarni yaxshi, mehribon, kuyinchak ekanliklarini aytishadi, lekin ular rulga o‘tirishlari bilan birdaniga vahshiylashadilar. Umuman hech kim qoidalarga rioya qilishni xohlamaydi, hatto yo‘llarda hurmat yo‘qdek. Bir necha bor mashinalar to‘qnashuv yoqasida turganini ko‘rdim. Avariyalarga hali duch kelmaganim hayratlanarli. Mashinada vaqtimda ham avariya sodir bo‘lishiga oz qoldi. Bu meni xafa qiladigan, hatto biroz qo‘rqitadigan narsa.

Meni xafa qilgan yana bir holat. Bizda podkast yozish g‘oyasi bor edi, do‘stimiz orqali studiya izlayotgandik. U odamlardan surishtirdi va keyin bizga: bir kishi ish joyim sababli shubhalanganligini aytdi, bizga unaqasi kerak emas, deyishibdi.


Kseniya Human House`dagi sumalak ziyofatida.

Men o‘zim bilan kontakt linzalari suyuqligini olib kelishni unutibman. Ularni ko‘rish darajam juda yomonligi uchun taqaman. Moskvada bunday suyuqliklar har qanday dorixonada sotiladi. Bu yerda esa uni topishga qiynalyapman. Dorixonalar shunchaki nima haqida gapirayotganimni tushunishmadi.

Ijobiy taassurotlardan biri bankka borganim bo‘ldi. Moskvadan kelgan odamlar sifatida biz bu yerda hamma narsa qanday ishlashini tushunmaymiz. Texnik nuqtai nazardan, hamma narsa juda oddiy bo‘lib chiqdi: pul o‘tkazmasini olish uchun avval siz (navbat uchun) taloncha olishingiz kerak, so‘ngra bularning barchasini rasmiylashtirib beradigan odamning oldiga borasiz, u sizga bosh hisobchiga qo‘l qo‘yishga olib borishingiz kerak bo‘lgan qog‘ozlarni beradi. Bundayini, ehtimol, faqatgina bolaligimdan eslayman.

Bank xodimlari katta yordam beradi, hammasini batafsil tushuntirishadi: ilovani yuklab olish, uning qanday ishlashini batafsil tushuntirib berishga tayyor, garchi undagi hamma narsa intuitiv tarzda aniq bo‘lsa ham. O‘ylaymanki, Moskvada bank bilan o‘zaro munosabatlarimiz tezroq tugagan bo‘lardi.

Uy-joy masalasiga kelsak, biz ijara haqidagi e’lonni topdik va tezgina ijaraga oldik. Uy egasi juda kuyinchak ekan — ro‘yxatdan o‘tishda biz bilan yurdi. Biz dastlab tuman ichki ishlar bo‘limiga bordik — ma’lum bo‘ldiki, bizga kerak bo‘lgan protsedura faqat shaharda amalga oshirilishi mumkin ekan.

Men tushundimki, bu yerda hamma narsa boshqacha: bu boshqa mamlakat, hamma narsa o‘ziga xos tarzda amalga oshiriladi va buni hisobga olish kerak. Shuning uchun, bu yerda meni Moskvada g‘azablantiradigan hamma narsadan ham g‘azablanavermayman.

Uyda asosan ishladim, o‘qidim yoki shunchaki uxladim. Shuning uchun menda deyarli bo‘sh vaqt yo‘q edi, faqat kinodan tashqari, u ham ish bo‘ldi. Bu yerda hordiq chiqarishimiz juda xilma-xil bo‘lmoqda.

Biz kvizda bo‘ldik, kechqurunlari ko‘proq sayr qila boshladim, 139 Documentary Center`ga kirdim — u yerda juda yoqimli oqshom o‘tkazdik. Filmni tomosha qilgandan so‘ng, munozara bo‘ldi — men ish joyimdagi shunga o‘xshash tadbirlarda tez-tez qatnashgan Moskvaga qaraganda ancha ishonchli muhitni his qildim.


Kseniya kvizda ishtirok etmoqda. Foto: Mozgoboynya.

Biz ketganimizda kino biznesi bilan bog‘liq sanksiyalar allaqachon joriy qilingan edi. Shunga qaramay, «Dunyodagi eng yomon odam» festival filmi Rossiyada chiqdi, lekin bu yerda emas. Menga O‘zbekistonda faqat kassabop filmlar kinoteatrlarga chiqishini aytishdi.

Kassabop «Betmen» Rossiyada chiqarilmadi, uni shu yerda tomosha qildik. Lekin men bunday filmlarning katta muxlisi emasman — men festival kinolarini yaxshi ko‘raman. Bu yerda tomosha qila olmasligingiz bilan qanday kurashish mumkin, men buni hali o‘ylab ko‘rmadim. Aftidan, qaroqchilikka murojaat qilishingiz kerak bo‘ladi — bu birinchi narsa. Ikkinchidan, o‘zbek videoxizmatiga obuna bo‘lganman — biz uni kvizdan yutib oldik. Birinchi oy bepul. Agar shunday ehtiyoj bo‘lsa, uzaytiramiz.

Turmush o‘rtog‘im ham, men ham ish qidiryapmiz. Albatta, biz faqat Toshkent bilan cheklanib qolmaymiz. Uyimizda bo‘lmaganimiz uchun, hamma joydan qidiramiz. Biz hozircha shu yerda yashaymiz, keyin esa vaziyatga qarab harakat qilamiz.

Relokantlar uchun Telegram-chatlar