Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov magistraturaga o‘qishga kirish uchun mutaxassislik fanlaridan imtihonlarni bekor qilish tartibi ko‘rib chiqilayotganini aytdi. Bu haqda vazir Qarshi davlat universitetining talaba-yoshlari bilan uchrashuvda ma’lum qilgan, deya xabar berdi O‘zA.

Uchrashuvda Abduqodir Toshqulov tizimda o‘z yechimini kutayotgan muammolarga to‘xtalib o‘tgan. Tadbirda talabalarning magistratura mutaxassisligiga o‘qishga kirish uchun chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi malaka sertifikati majburiy qilinganligi to‘g‘risidagi savol berildi.

«Shu savolga javob berish asnosida sizni yangi o‘zgarishdan xabardor qilmoqchiman. Joriy yilda magistraturaga o‘qishga kirish uchun mutaxassislik fanlaridan imtihonlarni bekor qilish tartibini ko‘rib chiqyapmiz. O‘zi shunday ham talaba 8 semestr davomida mutaxassislik fanlaridan kerakli ko‘nikma va bilimni egallaydi», — deya yuqoridagi savolga javob berdi vazir.

Vazirlik rahbarining so‘zlariga ko‘ra, magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qishga kirish uchun chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi malaka sertifikati hamda bakalavr diplomining o‘rtacha bali hisobga olinadi. Hozirda ushbu taklif o‘rganilayotgani qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov OTMlarning ilmiy salohiyatini shubha ostiga olayotganlarga munosabat bildirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ta’limda ishlayotgan 70−80 yoshdan oshganlar shu vaqtgacha ilm bilan shug‘ullangan bo‘lsa, ular ta’lim uchun kerak. Bundan tashqari, vazir tasdiqlanmagan ma’lumot bergani uchun 23 OTM prorektorini tanqid qilgandi.