Tarix guvoh — urushlar insoniyatni hamisha fojeali insoniy yo‘qotishlar va ijtimoiy-iqtisodiy tanazzulga yetaklagan. Urushlar keltirib chiqaradigan oqibatlarni butun miqyosi bilan o‘lchashning imkoni yo‘q. Faqat aniqki, urush madaniylashgan inson vujudida ibtidoiy odam qiyofasini yaratadi, erishilgan taraqqiyot va farovonlikni ana shu odamning qo‘li, ibtidoiy axloqi vositasida yo‘qqa chiqaradi.

Insoniyatni o‘tmishdagi xatolardan saboq olishga, ularga qayta yo‘l qo‘ymaslikka va oqibatlarini takrorlamaslikka chaqiradigan, tarix bilan bir qatorda yana bir qudrat borki, u urush davrlarini shunchaki faktlar va raqamlar orqali emas, balki badiiy so‘z vositasida butun sezgilari, dahshati, fojeasi bilan, (deyarli) bor bo‘y-basti bilan ko‘z oldimizda gavdalantiradi. Bu qudrat — badiiy so‘z qudratiga tayangan adabiyotdir.

«Gazeta.uz» kolumnisti Muqaddamxon Saidrasulova insoniyat o‘tmishidagi shunday qora kunlarga (imkon qadar xolisona) nazar tashlash va bugungi kunimiz uchun zarur xulosa chiqarish umidida, urush adabiyotida o‘ziga xos janr — kundaliklar, aniqroq aytganda, Ikkinchi jahon urushi davriga oid yaxudiylarga qarshi qirg‘in xotiralarini o‘zida jamlagan «Anna Frank kundaligi» to‘g‘risida hikoya qiladi.

Urushlar — insoniyat yo‘l qo‘yishi mumkin bo‘lgan xatolar, jaholatlar orasida eng mudhishi va halokatlisi, eng achinarlisi va og‘riqlisidir. Sababi, urushda insonga xos ziddiyat va nizolar g‘ayriinsoniy — insonga xos bo‘lmagan yo‘llar bilan hal etiladi (yoki shunday qilishga urinishadi). Urushda qay bir tomonning qo‘li baland kelmasin, yuzlab, minglab, millionlab qurbonlarning, ayniqsa, navnihol yigitlarning tuproqqa qorishgan navqiron jasadlari ustida g‘alaba bayrog‘i tiklanadi. Yodda tutish kerakki, hech bir ota-ona farzandini bombardimon ostida qolishi, o‘qqa tutilishi yoki (undan qanday maqsad ko‘zlangan bo‘lmasin) urush dahshatlari ta’sirida ruhiyatini boy berish evaziga jon saqlab qolib, qolgan umrini tirik murdadek, mash’um xotiralar girdobida o‘tkazishi uchun dunyoga keltirmaydi, shu niyatda voyaga yetkazmaydi.

Urush adabiyotida Ikkinchi jahon urushi xotiralari bilan bog‘liq kundaliklar orasida «Anna Frank kundaligi» eng ko‘p shuhrat qozongan. Ehtimol bunga sabab uning hali bolalik, faqatgina bolalikka xos mas’umlik, haqgo‘ylik va hayrat tark etmagan 13 yoshli qizaloq tomonidan bitilganligidir.

Darhaqiqat, kundalik o‘smir yoshli yaxudiy qiz — Anna tomonidan, uning xayoliy do‘sti Kittiga maktublar shaklida yozilgan bo‘lib, kundalikdan Annaning 1942 yil iyunidan 1944 yil avgustigacha bo‘lgan ikki yillik davrga oid xotiralari, jumladan, uning o‘y-xayollari, qalb kechinmalari, yaxudiylarga qarshi ta’qiblar va qirg‘in sabab maxfiy boshpanada kechgan og‘ir turmushi tafsilotlari, yon-atrofida va dunyoda sodir bo‘layotgan hodisalarga nisbatan o‘smirlarga xos munosabati joy olgan.

Germaniyada yaxudiylarga qarshi siyosat. Hijrat.

Birinchi jahon urushidagi mag‘lubiyat, urushdan keyingi hududlarining qisqarishi, reparatsiyalar va, keyinroq, Buyuk Depressiya natijasida Germaniyada siyosiy vaziyat beqaror, mamlakat og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy ahvolda edi. Ayni paytda natsistlarning g‘oyalari xalqda farovonlik va mamlakatning urushdan avvalgi kuch-qudratini tiklash umidini uyg‘otadi va 1933 yilda Adolf Gitler rahnamoligidagi Natsistlar partiyasi hokimiyatni egallaydi. Natsistlarning shafqatsiz va radikal ruhdagi siyosati ko‘lamining tobora kengayib borishiga (shu bilan birga, Ikkinchi jahon urushiga zamin hozirlanishiga) nisbatan dunyoning ta’sir kuchiga ega davlatlari tomonidan avvaliga hech qanday reaksiya bo‘lmagan. Ta’kidlash joizki, o‘sha davrda Birinchi jahon urushi va inqiroz oqibatlari qator Yevropa davlatlarini har tomonlama holdan toydirgan, ehtimol ular qayta urushga kirishga tayyor emas edilar.

Natsistlar hokimiyat tepasiga kelishi bilan mamlakatda yaxudiylarga (nafaqat yaxudiylarga, balki imkoniyati cheklanganlar, lo‘lilar, slavyanlar va h.k.) qarshi kurash boshlanadi. Avvaliga ularni muayyan kasblardan chetlashtirish, ta’lim olish imkoniyatlaridan mahrum qilish, mamlakatdan ko‘chib ketishga undash bilan boshlangan qarshi siyosat bora-bora fuqarolikdan mahrum qilish, keyinroq ochiqdan-ochiq qatli om — ommaviy qirg‘inga aylanadi.

Kelib chiqishi o‘ziga to‘q oiladan bo‘lgan Otto Frank (Annaning otasi) 1933 yilda natsistlar tomonidan boshlangan ta’qiblardan so‘ng oilasi bilan Niderlandiyaga ko‘chib o‘tishga qaror qiladi. 1939 yilning kuzida Germaniyaning Polshaga bostirib kirishi bilan Ikkinchi jahon urushining boshlanishi, keyinroq — 1940 yilning may oyiga kelib natsistlarning Niderlandiyaga kirib kelishi va hokimiyatni qo‘lga olishi mamlakatdagi yaxudiylarning nisbatan betashvish turmushlariga nuqta qo‘yadi. Tobora avj olayotgan urush, ayni paytda ta’qib va bosimlar, majburiy mehnat va o‘lim lagerlariga chaqiriqlar fonida Otto Frank, o‘sha paytda aksariyat yaxudiylar singari, nasroniy do‘stlarining ko‘magi bilan o‘zi ishlaydigan korxona binosida natsistlardan yashirinish maqsadida maxfiy boshpana hozirlaydi.

Otto Frank ishlaydigan korxona binosidagi maxfiy boshpana. Maxfiy boshpanada jon saqlayotgan yahudiylar haqida korxonaning sanoqli xodimlari, xususan, yashiringanlarga muntazam yordam ko‘rsatgan nasroniy do‘stlarigina xabardor bo‘lishgan. Foto: annefrank.org


Korxona binosining maxfiy boshpana joylashgan qismiga olib chiquvchi eshik shkaf bilan to‘sib qo‘yilgan. Foto: annefrank.org

Franklar oilasi va ularning do‘stlari maxfiy boshpanada ikki yil — 1942 yil 6 iyulidan 1944 yil 4 avgustigacha — natsistlar tomonidan qo‘lga olingunlariga qadar jon saqlashgan.

«Oddiy fuqarolar — begunoh odamlar — qatlni kutish uchun qamoqqa olib ketiladi. Gestapo isyonchini topa olmasa, beshta asirni devorga tirab, qatorasiga o‘q uzadi. Ertasi kuni ularning „tasodifan o‘lganligi“ haqidagi xabarni gazetalarda o‘qiysan» — Anna Frank kundaligidan.

Anna shaxsiyati va o‘smirlik inqirozi

Anna oilada ikkinchi (ayni paytda kenja) farzand bo‘lgan. 16 yoshli nisbatan vazmin va mulohazali opasi Margodan farqli ravishda Anna tabiatan sho‘x-shaddod va sergap, murg‘ak qalbi bir olam orzularga to‘la qiz edi. Buyuk yozuvchi bo‘lish istagi unga tinchlik bermas, shu bilan birga dunyo kezish, chet tillarini o‘rganishni, erkin va zamonaviy ayol bo‘lishni orzu qilardi.

Annada aksariyat kattalarga xos bo‘lmagan cho‘rtkesarlik va isyonkorlik mavjud edi. Mamlakatdagi betartibliklar, yaxudiylarga qarshi siyosat, tortib olingan huquqlar va kiritilgan asossiz cheklovlar uning sabrini toshirardi. Xususan, risoladagidek jamiyatda risoladagidek odam foydalanishi mumkin bo‘lgan barcha imkoniyatlar — har qanday turdagi transportda harakatlanish, turli xizmat ko‘rsatish va jamoat obyektlari, ko‘ngilochar joylar, har qanday sport maydonchalariga tashrif buyurish yaxudiylar uchun taqiqlangan, ular uchun hatto xarid qilish va umuman jamoat joylarida bo‘lish vaqti chegarasi ham o‘rnatilgan edi.

Avvaliga shunga o‘xshash taqiqlar, keyinroq, (Anna uchun) kutilmaganda maxfiy boshpanaga ko‘chib o‘tilishi hamda u yerda, o‘zlarini binodagi boshqa kishilarga sezdirib qo‘ymaslik maqsadida, har qanday ovoz va shovqinning cheklanishi, tashqi dunyodan butunlay uzilgan holda, o‘zini imkon qadar bu makonu zamonda mavjud emasdek tutish talabi erkka va o‘yin-kulgiga tashna yosh Annani salkam aqldan ozdirardi. Shu bilan bir vaqtda, maxfiy boshpanadagi og‘ir yashash sharoiti hamda istalgan paytda tashqi dunyo bilan aloqa uzilishi, ta’minot to‘xtashi yoki qo‘lga tushib qolish xavfidan muntazam tahlika ostida yashayotgan kattalar Annaning o‘tish davri bilan bog‘liq qaysarlik, tajovuzkorlik va isyonkorligini noshukurlik deb baholashlari, doimiy tanqid ostiga olishlari uning tinkasini quritardi.


Franklar oilasi. Foto: http://exhibitions.ushmm.org

Natijada Anna otasi va opasining bee’tiborligi, onasining kesatiqlariyu ta’na-dashnomlari, «qo‘shnilarning» tanqidlariyu pand-nasihatlaridan to‘yib, o‘z qobig‘iga o‘ralgan holda, his-tuyg‘ularini «bo‘g‘ib», kattalar nazarida risoladagidek qiz rolini o‘ynashni ma’qul ko‘radi. O‘z dunyosiga sig‘dirolmagan qalb kechinmalarini, og‘riqlarini esa pinhona do‘sti Kittiga — kundalikka to‘kib soladi.

«Tasavvurimizdagi olam parchalanib, yo‘q qilingan, inson tabiatining eng jirkanch tomoni ustunlikni qo‘lga olgan hamda haqiqat, adolat va Xudo tushunchalari shubha ostida qolgan kezda biz, yoshlarga, o‘z fikrimizda sobit turish ikki karra og‘irroq bo‘ladi».

Anna Frankning kundaligi. Foto: annefrank.org

Shunday qilib, Anna 13 yoshga to‘lishi munosabati bilan hadya etilgan bejirim kundalik bilan do‘st tutinib, hech kimga ishonmagan, onasi, opasi, hatto o‘ziga eng yaqin deb biladigan dugonalaridan ham pinhon saqlagan sirlarini u bilan bo‘lishadi. Anna kundalik yozish haqidagi qarorini sirdosh do‘sti yo‘qligi bilan izohlagan. U bir tinglovchiga, hamdard-hamfikrga muhtoj edi. Biroq uning qalb tug‘yonlari, vujudida ko‘pirib-toshayotgan his-tuyg‘ulari, o‘smirlarga xos aqlida yangrayotgan oxiri yo‘q savollar, jumboqlarning aks-sadosi (ehtimol vaziyat taqozosi sabab) kattalarning quloqlariga yetib bormaydi.

Natijada, kattalarning me’yorlariga mos kelmaydigan, chegaralarini yorib o‘tadigan murg‘ak qalb kechinmalari, mulohazalar, xotiralar jonsiz kundalik qatlaridan panoh topadi.

«Nega har kuni urush uchun millionlab pul sarflanyapti-yu, kambag‘allarga, tibbiyot va san’at sohasiga bir chaqa ham ajratilmayapti? Dunyoning boshqa joylarida botmon-botmon oziq-ovqat chirib yotgan bir paytda nega ko‘plab insonlar ochlikdan o‘lmoqda? Nima uchun inson zoti bunchalar ahmoq?»

Qog‘oz, Annaning ta’biri bilan aytganda, odamlardan ko‘ra sabrliroq. Chunki qog‘oz uni so‘zsiz tinglaydi, e’tiroz bildirmaydi, dashnom bermaydi, tanqid yoki pand-nasihat qilmaydi.

Qayd etish joizki, maxfiy boshpanadagi hayot Annani ulg‘aytiradi. Fikrlari, mulohazalari teranlashadi, oilasiga munosabati (yaxshi tomonga) o‘zgaradi. Kattalarni «tushuna» boshlaydi. Kundalikni 1942 yildan — 13 yoshdan yoza boshlagan bo‘lsa, 1944 yilga kelib avvalgi yozganlari o‘ziga o‘rinsiz, kulguli, hatto erish tuyula boshlaydi, onasiga nisbatan keskin ayblovlaridan hijolat chekadi va kundalikning ayrim qismlarini qayta yozib, tuzatishlar kiritadi.

«Ota-onalar farzandlariga faqat maslahat berishadi yoki ularni to‘g‘ri yo‘naltirishadi. Alaloqibat, insonlar o‘z «men"larini o‘zlari shakllantirishadi».

Mutolaa — hayotiy zarurat

Kundalikda bir jihat e’tiborni tortadi — Anna va u mansub bo‘lgan jamiyat a’zolarining o‘qish, o‘rganish, mutolaaga bo‘lgan jiddiy munosabati. Tashqi dunyodan uzilgan, mavhum kelajak oldida turgan, tahlika ostida hayot kechirayotgan bo‘lishlariga qaramay, ularning barchasi nimadir o‘qish-o‘rganish payida bo‘lishadi.

Avvaliga bu maxfiy boshpanada kunning ayrim belgilangan soatlaridan tashqari vaqtda ovoz chiqarmaslik, gaplashmaslik yoki harakatlanmaslik talabi bilan bog‘liq, shunchaki vaqtni o‘ldirish vositasi degan tasavvur uyg‘onadi. Biroq bu mazmundagi shubhalarni aritadigan boshqa bir jihat bor — yashirinishdan avvalgi davrga oid xotiralarida (undan keyingilarida ham) Anna har qanday tug‘ilgan kun yoki bayramlar haqida hikoya qilar ekan, eng ko‘p qabul qilingan sovg‘a kitoblar ekanligiga guvoh bo‘lish mumkin.


Ular o‘qish, o‘rganish, mutolaaga — tabiiy zarurat, voz kechib, chetga surib, hatto kechiktirib bo‘lmaydigan ehtiyojdek qaraydilar. Xuddi odamning qorni ochganida, chanqaganida, uyqisi kelganida (yoki hojatga chiqqisi kelganida), uni keyinga qoldirib turishning imkoni bo‘lmaganidek, o‘qish-o‘rganishni ham paysalga solishmaydi.

Yana bir e’tiborli jihati shundaki, bu intilish zamirida, nazarimda, zamonaviy dunyodagi aksariyat o‘quvchi-talabalarga xos moddiy farovonlik maqsadi emas, aqliy yuksalish, o‘zi yashab turgan dunyoni kashf etish, atrofidagi bo‘lib o‘tgan va o‘tayotgan voqealar, jarayonlardan boxabar bo‘lish istagi yotadi.

Millatlar va dinlar o‘rtasidagi hamjihatlik

Yaxudiylarga nisbatan ommaviy qirg‘inning ko‘lami tobora kengayar ekan, yashirinish, yashiringanlarga yordam ko‘rsatish, soxta hujjatlar tayyorlab berish, ularni oziq-ovqat va boshqa zaruratlar bilan ta’minlash kabi sa’y-harakatlar, natsistlarning o‘ta shafqatsiz siyosiy tuzumiga qaramay, ommalashib borgan.

Franklar oilasi va ular bilan birga yashagan millatdosh do‘stlari, umuman, yaxudiylarning natsistlar ta’qibi va qirg‘inidan vaqtinchalik yoki butunlay xalos bo‘lishi va omon qolishida nasroniylar, Annaning ta’biri bilan aytganda, mardlik namunasini ko‘rsatganlar.

Shunisi e’tiborliki, ular bu ishlari ortidan o‘zlari duch kelishlari mumkin bo‘lgan potensial xavfni bo‘ynilariga olib, ongli ravishda shu ishga qo‘l uradilar. Ular har qanday vaziyatda insonparvarlikka, umuminsoniy qadriyatlarga sodiq qolishgan. Inson qadr-qiymatini har narsadan — mollaridan, jonlaridan ustun qo‘yib, shuncha haqsizlik, shafqatsizliklar orasida o‘z vijdonlarini pok saqlab qolishga muvaffaq bo‘lishgan.

«Agar hech bo‘lmaganda bitta do‘stimizni saqlab qololsak ham, qolgani ahamiyatsiz».

Ehtimol ular bu urush insonlarga baxt yoki farovonlik olib kelmasligini, uning behuda qon to‘kish va vayronagarchilikdan, millatlar, xalqlar orasida adovat urug‘ini sepishdan boshqa narsa emasligini yaxshi anglaganlar.

«Urush keltirgan ayanchli kulfatlar haqida soatlab gapirish mumkin, faqat dilim xufton bo‘lgani qoladi. Iloji boricha ovozimizni ham chiqarmay, jimgina urush tugashini kutishdan boshqa choramiz yo‘q. Yahudiylar ham, nasroniylar ham kutyapti — butun dunyo kutyapti… Ko‘pchilik esa o‘limini kutib yotibdi».

«Anna Frank kundaligi»

Kundalikdagi oxirgi «xat» 1944 yil 1 avgustda — maxfiy boshpanadagi sakkiz nafar yaxudiy va ularning ikki nafar haloskorlari hibsga olinishidan uch kun oldin yozilgan. Maxfiy boshpanada jon saqlaganlarning yetti nafari, shu jumladan, Franklar oilasining uch a’zosi konslagerlarda halok bo‘ladi. Faqatgina Otto Frank konslager daxshatlaridan omon qolib, 1945 yilda Amsterdamga qaytadi.

Anna Frankning kundaligi va boshqa qaydlari. Foto: annefrank.org

Yashiringanlarni hibsga olish payti, tintuv vaqtida tushirib qoldirilgan kundalikni topib olgan Franklar oilasining yaqin do‘sti Mip Giz uni Otto Frankka topshirgan. Otto Frank ayrim tuzatishlar bilan kundalikni kitob holida chop ettirgan va qolgan umrini qizining nomini abadiylashtirishga bag‘ishlagan.

Anna Frank muzeyi, Amsterdam. Foto: annefrank.org

Franklar yashiringan maxfiy boshpana hozirda Anna Frank nomidagi uy-muzeyga aylantirilgan. Anna Frank kundaligi asosida qisqa va to‘liq talqinda filmlar suratga olingan. Kitob bugungi kungacha 70 dan ortiq tillarga tarjima qilingan.

Anna Frank uy-muzeyi eshigi. Foto: Davlat Umarov / «Gazeta.uz».

Foto: annefrank.org

«Insonlar qalbiga vayronkorlik ancha chuqur ildiz otgan, ularda zo‘ravonlik, o‘limga, qasosga tashna qalb ming yillardan beri mavjud! Toki insoniyat tabiatidagi ushbu nuqson o‘zgarmas ekan, urushlar ham tobora avj olaveradi, peshona teri bilan tiklangan, barpo etilgan hamda parvarish qilingan barcha narsa vayron bo‘laveradi va hammasi yana yangidan boshlanaveradi!»

Muqaddamxon Saidrasulova — iqtisodchi, O‘zbekiston Milliy universiteti tayanch doktoranti.