Muqaddas Ramazon oyi tugashiga sanoqli kunlar qoldi. Saharlikni uyda, oila davrasida qilib olgan ro‘zadorlar hamma vaqt ham iftorlikka o‘z uylariga qaytishga yoki tamaddixonalarga kirishga ulgurmasliklari mumkin.

«Gazeta.uz» fotomuxbirlari Yevgeniy Sorochin va Madina A’zam iftorlik vaqtida Toshkent ko‘chalarini kezib, yo‘lda yoki metroda og‘iz ochayotgan, ishdan qisqa tanaffus olib, iftorlik qilayotganlarni suratga oldi hamda ro‘zadorlarga suv va xurmo tarqatayotgan yigitlar bilan suhbatlashdi.

Kimdir ishlab turgan joyida bir nafasga tanaffus qilib, duosini o‘qiydi va og‘iz ochgach, yana o‘z ishiga qaytadi.


Ayrim ro‘zadorlar iftorlik vaqtini jamoat transportida, mashinalarda, bekatlarda o‘tkazishlariga to‘g‘ri keladi.



Yana kimdir esa yo‘ldaligida og‘iz ochishiga to‘g‘ri keladi.



MGIMO universiteti talabalari Ikrom va Diyor «Minor» metro bekati oldidagi chorrahada ro‘zadorlarga xurmo va suv ulashishmoqda. Bunday ko‘ngillilarni Toshkentning boshqa nuqtalarida ham uchratish mumkin. Yosh yigitlar muqaddas Ramazon oyida ko‘proq yaxshi ishlar qilish kerakligini ta’kidlashadi.

«Hozir muqaddas oy, bu oyda biz yaxshilik qilishimiz, odamlarga quvonch, tabassum ulashishimiz kerak. Bu oyda odamlar qalbida yovuzlik bo‘lmasligi kerak. Ular eski ginalarni unutishi kerak. Bu oyda xuddi hamma narsani boshidan boshlagandek yashashni boshlash kerak. Siz xuddi qayta tug‘ilgandek bo‘lasiz. Bu oyda iloji boricha ko‘proq ezgu amal qilish kerak», — deydi Ikrom.


Yigitlarning aytishicha, ular avvaliga mehribonlik uyi uchun xayriya qilishmoqchi bo‘lishgan. «Lekin bilsak, hamma puli borlar mehribonlik uyiga borar ekan».

Shundan so‘ng, ular iftorlik vaqtiga uyiga yetib olishga ulgurmayotganlarga, yo‘lda bo‘lganlarga yordam berishga qaror qilishgan.

«Ular mashinalaridan tushib, suv sotib olishga ulgurishmayapti… Ko‘rib turganingizdek, bu yerda tirbandliklar ham katta. Nima uchun suv bermas ekanmiz? Bizning yomon niyatimiz yo‘q».

Ikrom ushbu aksiyaning tashabbuschisi do‘sti Diyor ekanligini aytadi.

«U meni taklif qildi. Qandaydir tashkilot a’zosi emasmiz. O‘z pullarimizga hamma narsalarni sotib olganmiz», — deydi u.


«O‘tgan yili pulimiz ko‘proq edi. Biz mahallalarga borib, kim muhtojligini so‘rardik, ularga go‘sht, kerakli narsalarni xarid qilardik. Bu yil esa faqat suv va xurmo olyapmiz, budjetimiz cheklangan. Ertaga ham chiqamiz, bugundan qolgan suv va xurmolarni tarqatamiz. Instagram`da yopiq akkauntlarimizda bu ishni qilayotganligimizni yoritamiz. Kim xohlasa, chin ko‘ngildan chiqarib, pul beradi… Kimdir bizga qo‘shilmoqchi bo‘lsa, qo‘shilishi mumkin. Biz shaharning turli qismlarida suv va xurmo tarqatamiz. Biz tanimaydigan bolalar ham kelib, bizga yordam berishadi»", — deydi Diyor.

Yigitlar masjidlarga borib, taroveh namoziga keladiganlarga ham suv tarqatayotganliklarini aytishdi.