Ijtimoiy tarmoqlarda «Guanjou» klinikasi bemorlarga mahalliy dorilarni qayta qadoqlab, narxini bir necha o‘n barobar qimmatga sotayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Videolarda ichki ishlar xodimlari tibbiyot markazlarida tekshiruvlar o‘tkazayotgani aks etgan.

Toshkent shahar IIBB mazkur holat yuzasidan ma’lumot berdi.

«GUANGZHOU MEDICAL of CHINA» MCHJ mansabdor shaxslari va xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 186−3-moddasi 2-qismi «b» bandi («Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, shuningdek dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish») alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi doirasida mazkur klinikaning Toshkent shahridagi va boshqa viloyatlardagi filiallarida tekshiruv o‘tkazilgan.

Hozirda Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Videolardan birida o‘zini ichki ishlar xodimi deb tanishtirgan shaxs klinika rahbariyati va ishchilari mahalliy dorilarni qayta qadoqlab, o‘z narxidan qimmatga sotganini ta’kidlagan. «Shu narsa dorixonada 7−10 ming so‘m sotiladi (videodan qaysi dori haqida gap ketayotganini tushunish ilojsiz), noinsoflar salafanga solib, bizni o‘zbek kasallarga suvi bilan birga 2 mln so‘mdan sotayapti», — dedi u.

Klinikaning xitoylik vakili hamma dori ham bunday emasligi, ayrimlari Xitoydan olib kelinganini aytgan. Qolaversa, u dorilar bo‘yicha javobgar emasligi va bunga rahbariyat javob berishi kerakligini qo‘shimcha qilgan.