Xabaringiz bor, 20 aprel kuni Forish tumanida Nurota tog‘ tizmasi tomonidan sel va suv toshqinlari Sardobadan kam bo‘lmagan darajada talofat keltirdi. Sardoba suv ombori yorilishi oqibatida 6 nafar fuqaro halok bo‘lgan bo‘lsa, Egizbuloqda 5 nafar fuqaro vafot etganligi ma’lum qilindi.

«Gazeta.uz» muxbiri Abdullo Ëdgorov 2 kun davomida aholi turar joylari va ularning ko‘p yillik ro‘zg‘origa yetgan zararni o‘rgandi, ular bilan suhbatlashib voqea qanday bo‘lganiga oydinlik kiritishga harakat qildi.

Payshanba kuni favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev va Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev talofat yetgan uylar orasini aylanib, odamlar bilan muloqot qildi.

Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev (chapdan ikkinchi) va favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev (o‘ngdan ikkinchi).

Suhbat davomida Abdulla Qo‘ldoshev odamlar orasida o‘z xonadonini yig‘ishtirib, uy jihozlarini tozalayotgan Isroil ismli fuqaroni oldiga chaqirdi hamda viloyat hokimi va boshqalarga sel kelganida o‘zini yo‘qotmasdan, «qahramonlik qilgan», deb tanishtirdi. «Isroil o‘z farzandi va ayolining hayotini saqlab qolib, sel kelib urgan uydan olib chiqib ketgan», — dedi vazir.

«Gazeta.uz» muxbiri ularning suhbati yakunlangach Isroil Aliyevdan tabiiy ofat qanday sodir bo‘lgani haqida so‘radi.

«Uydan eshikni ochib qarasam, oldimda 2 metr balandlikdagi suv turganini ko‘rdim. Qaytib uyga kirib ketdim, chiqishni iloji yo‘q edi. Bolamni deraza ustiga chiqardim. Suv pasayguncha shunday jon saqlab turdik», — dedi u.

Seldan keyin Isroil Aliyevning uyi.

Ta’kidlanishicha, u suv balandligi pasaya boshlagach uydan chiqishga harakat qilgan.

«Daraxtga qarab turdim, suv uni ayirichaga (balandligi taxminan 60−70 sm — tahr.) yetganidan keyin endi chiqsa bo‘lar ekan deb chiqdik. Uyni orqasidagi narigi ko‘chaga chiqib ketdik», — deya so‘zlab berdi Isroil Aliyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, suv 2 metrdan baland kelishiga uylar va ularning oldidagi to‘siqlar — tosh bilan qalangan hududiy chegara devorlari — sabab bo‘lgan.

«To‘siqni buzib o‘taman degancha damba bo‘ladi. Buzgandan keyin to‘plangan suv keladi. Agar o‘zini yo‘li bilan kelganida oqib o‘tib ketaverardi. Hozirgacha bunday baland va shiddat bilan sel kelmagandi. 2013 yoki 2014 yilda tizza baravar kelgan, uyimni faqat hovlisiga kirgan, lekin ja unaqa vahimali, qo‘rqinchli joyi yo‘q edi», — dedi u.

Seldan keyin Isroil Aliyevning uyi. Xonalar ichi loyga botgan, FVV va boshqa hasharchilar yordamida loylar chiqarilgan.

Isroilning qayd etishicha, sel oqibatida uysiz qolganlarga uy qurib berilishi va’da qilingan.

«Hokimiyatdagilar 3 xonali uy qilib beramiz, prezident tomonidan quriladi deyapti. Boshqa joyni o‘rganib, suvga moslashgan joylardan, suv, gaz, svet boradigan qilib, qishloqcha qurib, 30 ta xo‘jalikka qilib beramiz degan va’dasi bor», — deya umid bildirdi Isroil Aliyev.

Viloyat hokimi Ergash Soliyev uylarni buzib o‘tgan suv yo‘lida boshqa uylardan yetarli masofada xavfsiz oraliq hududda kanal qurilishi va atrofiga daraxtlar ekilishini ma’lum qildi.

Isroil Aliyevning qo‘shimcha qilishicha, hokimiyat vakillari betondan kanal o‘rnatilishi va odamlar o‘tib, qaytishi uchun ustidan ko‘prik qurilishini aytgan.

Seldan keyin Isroil Aliyevning uyi.

Avvalroq, sel va suv toshqini oqibatida Egizbuloq mahallasida 5 kishi, shu jumladan ikki nafar yosh bola halok bo‘lgani haqida yozgandik. Bundan tashqari, 53 ta xonadon to‘liq talofat ko‘rdi. 25 ta uyda yashovchi 100 dan ortiq fuqaro vaqtincha boshqa joyga ko‘chirildi. «Gazeta.uz» voqea joyidan tayyorlangan fotoreportajni ham e’lon qilgandi.