Atlas savdo majmuasidagi aksiyaga minglab odam yig‘ilganligi sababli tirbandliklar va tiqilinchlar yuzaga keldi.

Chilonzor tumanidagi Atlas savdo majmuasida maishiy texnikalar uchun 70% chegirma bo‘layotganligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabar e’lon qilingan edi. Unda 23−24 aprel kunlari Texnikalar «Yarmarkasi»da texnika va elektronikalarga katta chegirmada texnika yarmarkasi bo‘lib o‘tishi aytilgan. Yarmarka Toshkent shahri Chilonzor tumani 2-dahada bo‘lishi aytilgan edi.

E’londan so‘ng shanba, 23 aprel kuni minglab fuqarolar Atlas savdo majmuasida to‘plandi. Buning natijasida Chilonzor tumanida yirik tirbandliklar kuzatilganligi ma’lum bo‘ldi, tashrif buyurganlar orasida tartibsizliklar uchradi.


Toshkent shahar IIBB ushbu aksiya natijasida 18 mingga yaqin fuqarolar savdo majmuasi oldida to‘planganligini ma’lum qildi.

Savdo majmuasi bir vaqtning o‘zida bunchalik ko‘p fuqarolarni qabul qilish imkoniga ega emasligi sababli yopilganligi aytildi. Shuningdek, IIBB fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida ham bu ish qilinganligini ta’kidladi. Do‘kon yopilganligi sababli arzonlashtirilgan narxda sotuv bo‘lmasligi aytildi.


«Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan savdo majmuasidagi vaziyat nazoratga olindi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, kun issiqligi va tiqilinch bo‘lganligi sababli bir nafar ayol xushidan ketgan, shu yerning o‘zida u xushiga keltirilib, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi va uyiga yuborildi, deyiladi poytaxt IIBB ma’lumotida.