2021 yilda kuzatilgan 7,4% lik iqtisodiy o‘sishdan so‘ng, joriy yilda Ukrainadagi urush va uning oqibatlari fonida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti (YAIM) o‘sish ko‘rsatkichi u qadar yuqori bo‘lmaydi: 2022 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti bor-yo‘g‘i 4% ga o‘sishi kutilmoqda. Bu haqda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) o‘zining 2022 yilgi «Osiyo taraqqiyot istiqbollari» hisobotida ma’lum qilgan edi.

OTB 2023 yil uchun iqtisodiy o‘sish prognozini 4,5% darajasida taqdim etmoqda, biroq xalqaro vaziyatning noaniqligi va koronavirus bilan bog‘liq epidemiologik holatning yomonlashishi ehtimoli mazkur ko‘rsatkichni xavf ostida qoldiradi.

Bank prognozlariga ko‘ra, 2022 yilda O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi o‘tgan yilgi 10,7% dan 9% gacha, 2023 yilda esa 8% gacha pasayishi kutilmoqda.

Ta’kidlanishicha, oziq-ovqat narxlari barqarorligini taminlash maqsadida hukumat o‘simlik yog‘lari, parranda go‘shti, bug‘doy uni va guruch kabi asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini yil oxirigacha import bojlaridan ozod qildi. Shu bilan birga, xorijdan pul o‘tkazmalari oqimining qisqarishi uy xo‘jaliklari daromadlarining o‘sishiga to‘sqinlik qiladi. Shu nuqtai nazardan, mamlakatda 2022 yilda xususiy iste’molning o‘sishi 4,5% gacha sekinlashishi, 2023 yilda 5% gacha tiklanishi kutilmoqda.

2021 yilda to‘qimachilik, oziq-ovqat va tog‘-kon sanoati yetakchiligidagi jadal tiklanishdan so‘ng, O‘zbekiston sanoatida o‘sish sur’ati 2022 yilda 5% gacha sekinlashishi kutilmoqda. 2023 yilda sanoat ishlab chiqarishining o‘sish darajasi 5,5% ga yetishi mumkin.

OTBga ko‘ra, 2022 va 2023 yillarda tovar va xizmatlar eksporti, xususan, mis, oltin, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va neft-kimyo mahsulotlari eksporti 9% gacha o‘sadi.

O‘zbekistonda yashil iqtisodiyotga o‘tish istiqbollari quyidagi vazifalarni o‘z ichiga oladi:

  • davlat korxonalariga qazib olinadigan yoqilg‘i uchun ajratiladigan subsidiyalardan bosqichma-bosqich voz kechish yoki qisqartirib borish;
  • yashil texnologiyalarga xususiy investitsiyalarni yo‘naltirish;
  • yashil moliyalashtirishni institutsionallashtirish, ya’ni moliyalashtiriladigan loyihalarning iqlim bilan bog‘liq risklarini baholashda bank moliyalashtirishiga ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv tizimi tamoyillarini joriy etish.

Uglevodorodlar narxlarini liberallashtirish va davlat korxonalariga subsidiyalar hajmini qisqartirish inflyatsiyani kuchaytirishi mumkin, sababi bu uy xo‘jaliklarining ham xarajatlari o‘sishiga olib keladi, natijada ijtimoiy himoyalash darajasini oshirish talab etiladi. Shu nuqtai nazardan barcha chora-tadbirlar — uglerod neytralligiga erishish strategiyasi, energetika sohasida tarif siyosati, davlat korxonalarini isloh qilish va aholini ijtimoiy himoya qilish — o‘zaro bog‘liq va muvofiqlashtirilgan bo‘lishi lozim.

Aktivlarining qariyb 85% qismiga davlat banklari egalik qiluvchi bank tizimi endigina yashil moliyalashtirishni joriy qila boshlaydi, oldinda sohaga ekologik va ijtimoiy tamoyillarni joriy etish vazifasi turibdi. Bank xodimlari yashil moliyalashtirish uchun munosib loyihalarni to‘g‘ri aniqlay olishlari talab etiladi, deya qayd etmoqda OTB.

Bank hisobotidan, shuningdek, mintaqa hukumatlariga qaratilgan budjetni to‘ldirish va sarflash yuzasidan fiskal siyosatga doir umumiy tavsiyalar o‘rin olgan.

Ko‘proq soliq tushumlariga qanday va nimalar hisobiga erishish mumkin?

Bankning ta’kidlashicha, pandemiya davrida davlat qarzi va hukumatning budjet xarajatlari sezilarli oshdi. Yangi global xavf-xatarlar, oziq-ovqat mahsulotlari hamda energiya resurslari narxlarining o‘sishi va har bir muayyan iqtisodiyotdagi inflyatsiya darajasini hisobga olgan holda, hukumatlar xarajatlarni oshirishlariga to‘g‘ri keladi, biroq ular budjet xarajatlari sifati, shu bilan bir paytda soliq tushumlari haqida ham bosh qotirishlari lozim.

2022 yil uchun Osiyo istiqbollari sharhi mualliflarining qayd etishicha, imtiyozlar va preferensiyalar ta’sirining salbiy jihatlari mavjud: ular raqobat muhitiga putur yetkazadi va budjetga tushumlarning sezilarli kamayishiga olib keladi. Shu bilan birga, Ukrainadagi urush keltirib chiqargan beqarorlik va risklar davri ortib borayotgan ijtimoiy majburiyatlar uchun budjet daromadlarining barqaror o‘sishini talab qiladi.

Oziq-ovqat va ijtimoiy ehtiyojlarni qondirish uchun sarf-xarajatlarga qo‘shimcha ravishda, issiqxona chiqindilarini kamaytirish, ishlab chiqarish va transport sohasini yashillashtirish majburiyatlari ham mavjud. Issiqxona chiqindilarini kamaytirish va iqtisodiyotni to‘liq yashillashtirish bo‘yicha qo‘yilgan maqsadlar juda katta davlat xarajatlarini talab qiladi.

Ularga erishish uchun OTB hukumatlarga soliq tushumlarini YAIMning 3% idan 4% iga oshirish uchun salohiyat mavjud ekanligini qayd etib, soliq tizimlarini safarbar qilishni taklif qilmoqda.

Mualliflar soliqlar va soliqqa tortish sodda, samarali va adolatli bo‘lishi uchun har bir mamlakatda soliq tizimini ehtiyotkorlik bilan tartibga solish zarurligini ta’kidlaydilar.

Bank tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘i va raqamli iqtisodiyotning jadal o‘sib kelayotgan sektoriga soliqlarni takomillashtirish, shuningdek, jismoniy shaxslar daromadi va mulkiga nisbatan boylik darajasiga bog‘liq ravishda adolatliroq soliqqa tortish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish tavsiya etilmoqda.

QQS OTB tahlilchilarining diqqat e’tibori markazida: rivojlanayotgan Osiyo mintaqasida, shu jumladan, O‘zbekistonda QQS yig‘imlaridan olinadigan daromadlar haligacha boshqa mintaqalarga qaraganda past va bu aksariyat hollarda to‘lovlarni undirish samaradorligining pastligi hisobiga yuzaga keladi.

Nisbatan yuqori daromadli — badavlat shaxslarga nisbatan mol-mulk solig‘ini oshirish, shuningdek, qazib olinadigan yoqilg‘ilar va ifloslantiruvchi moddalardan iborat bo‘lgan chiqindilar uchun yuqori ekologik soliq stavkalarini yanada faolroq qo‘llash va shu bilan yashil o‘tishni rag‘batlantirish potensiali mavjud ekanligi ta’kidlangan.

Shuningdek, alkogol va tamaki mahsulotlariga soliqlarni oshirish ham budjet daromadlarini oshirish manbai sifatida ko‘rilmoqda. Bu esa 0,6% gacha YAIMni ta’minlash bilan bir qatorda, pirovardida aholi salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va sog‘liqni saqlash xarajatlarining kamayishiga olib keladi.

Ijtimoiy muammolarni hal etish va yashil iqtisodiyotga yanada faolroq o‘tish maqsadida budjet mablag‘larini to‘plash uchun OTB yashil davlat investitsiyalarini institutsional muvofiqlashtirish va rejalashtirishni kuchaytirishni ham taklif qilmoqda.

Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik va kredit kafolatlarini kengaytirish mamlakatda qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarish va boshqa muhim infratuzilmaga xususiy investitsiyalarni jalb qilishda yordam berishi mumkinligi qayd etilgan.

Avvalroq «Gazeta.uz» Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Jahon banki O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish prognozlarini pasaytirganligi haqida xabar qilgan edi.