Hukumatning 20 apreldagi qarori bilan Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Nizomga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga har bir xodim uchun BHMning1,5 baravari (405 ming so‘m) miqdorida subsidiya beriladi. Bunda budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan mazkur nizom amal qilmaydi.

Ish beruvchi nogironligi bo‘lgan shaxsni ishga qabul qilgandan keyin subsidiya olish uchun tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga zarur hujjatlar bilan murojaat qiladi.

Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi hujjatlarni 3 ish kunida o‘rganib chiqadi va o‘rganish natijalariga ko‘ra subsidiya ajratish (ajratishni rad etish) to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, subsidiya har oy uchun keyingi oyda (6 oy davomida) ish beruvchiga to‘lab beriladi. Bunda har oy yakunida ishga qabul qilingan nogironligi bo‘lgan shaxslarning haqiqatdan ishlayotgani monitoring qilib boriladi.