O‘zbekiston muqaddas Ramazon oyi kunlarida Kobul, Mozori-Sharif va Qunduz shaharlarida sodir etilgan terrorchilik harakatlarini qat’iy qoralaydi, deyiladi TIV xabarida.

«Tinch aholi orasida ko‘plab qurbonlarga sabab bo‘lgan zo‘ravonlik harakatlari Afg‘onistonda barqaror tinchlik va milliy totuvlik o‘rnatilishiga to‘sqinlik qiladi», — deyiladi bayonotda.

O‘zbekiston tomoni halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirib, jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tilagan.

Avvalroq xabar qilinganidek, 19 aprel kuni Qobuldagi ikkita maktabda sodir bo‘lgan uchta portlash oqibatida kamida olti kishi halok bo‘lgan, 20ga yaqin inson jarohatlangan. Mozori-Sharifdagi shialar masjidida sodir bo‘lgan portlash oqibatida kamida 30 kishi halok bo‘lgan, 80 kishi yaralangan. Qunduzdagi masjidda sodir bo‘lgan portlashda kamida 10 kishi halok bo‘lib, 15 inson yaralangan. Shuningdek, BBC News ham mamalakat sharqidagi Nangarhor viloyatida sodir bo‘lgan portlashda to‘rt kishi halok bo‘lib, bir kishi jarohatlangani haqida xabar bergan.