Ma’mur Ahlidinov va Dilmurod Yusupovning maqolalari o‘zbek imo-ishora tiliga Gulnora Mahkamova tomonidan tarjima qilingan.

2020 yilning sentabrida o‘zbek imo-ishora tilining (O‘IT) huquqiy maqomini mustahkamlash zarurligi, bu, o‘z navbatida, mamlakatimizda uning rivojlanishiga xizmat qilishi haqida yozgan edik. 2020 yil 2 dekabr kuni esa Vazirlar Mahkamasining «Imo-ishora tilini rivojlantirish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Biroq oradan ikki yildan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, mazkur hujjat haligacha qabul qilingani yo‘q.

2 fevral kuni Vazirlar Mahkamasining shunga o‘xshash qarori loyihasi yana bir bor jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. Ammo uzoq davom etgan tanaffusga qaramay, qaror loyihasi hamon xom bo‘lib, O‘zbekistondagi karlar jamiyatida ko‘plab savollarni keltirib chiqarmoqda.

Qaror loyihasining fevral oyidagi matnida ko‘plab vazifalarni amalga oshirish muddati va boshlanish sanasi joriy yilning «1 yanvariga qadar» yoki «1 yanvardan» deb ko‘rsatilgani ajablanarli. Masalan, imo-ishora tilini o‘rgatish bo‘yicha o‘quv markazlari faoliyati 2022 yil 1 yanvardan boshlanishi kerak. Bunday rasmiyatchilik hujjat loyihasi olti oy avval e’lon qilinishi kerak, degan fikrni uyg‘otadi.

Loyiha nima uchun va kim uchun muhokamaga qo‘yilgan?

Birinchidan, biz chindan ham imo-ishora tilini rivojlantirmoqchi bo‘lsak, bunday qarorlarni muhokama qilayotganda, eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan odamlarni ular uchun tushunarli muloqot formatlarida xabardor qilishimiz lozim.

Paradoks shundaki, imo-ishora tilini rivojlantirish to‘g‘risidagi qaror loyihasiga o‘zbek imo-ishora tilidagi tarjimasi ilova qilinmagan. Axir eng yaxshi ekspertlar — karlar va eshitish qobiliyati zaif odamlarning o‘zlari-ku! Aynan ular imo-ishora tilining tashuvchilari hisoblanib, hayotiy tajribalariga asoslangan holda uning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan barcha muammolarni yaxshiroq bilishadi.

Nima uchun mazkur hujjatni ishlab chiqqan Xalq ta’limi vazirligi uni muhokamaga qo‘yishdan oldin qaror ishlab chiqilayotgani haqida kar va zaif eshituvchilar hamjamiyatini ular tushunadigan imo-ishora tilida xabardor qilib, ularni ushbu jarayonga jalb etmadi? Bir o‘xshatishni keltirib o‘taylik: o‘zbek tili o‘z ona tili bo‘lgan xalqning o‘zini faol muhokamaga jalb qilmasdan turib, o‘zbek tilini rivojlantirish bo‘yicha qaror qabul qilish mumkinmi? Yo‘q!

Axborotdan o‘z vaqtida foydalanish va qaror loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etish imkoniyatlarini ta’minlamaslik kar va zaif eshituvchi fuqarolar huquqlarining qo‘pol buzilishi hisoblanadi. Natijada, hujjatning onlayn muhokamasida nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkilotlarining faqat ikki nafar vakili qatnasha oldi, xolos.

Nogironlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasida 30 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlarini birlashtirgan O‘zbekiston nogironlar uyushmasi raisi Oybek Isoqov o‘nta alohida taklif qoldirdi. Ulardan faqat ikkitasi XTV tomonidan qabul qilingan.

Qolgan sakkiztasi hujjat «mavzusiga mos kelmasligi» va avvalroq «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi qonunda belgilangani sababli ko‘rib chiqilmagan. Biroq takliflar qaror loyihasining mavzusi va predmetiga mos kelmasligi hamda mazkur takliflar qonunning qaysi moddasida qay darajada o‘z aksini topgani haqida aniq tushuntirishlar berilmagan.


Foto: Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e’lon qilingan qaror loyihasidan skrinshot.

O‘zbekiston karlar jamiyati blogi muallifi Ma’mur Ahliddinov tomonidan bildirilgan ayrim takliflar ishlab chiqilgan loyihaning asosiy mavzusi bo‘lmagani uchun qisman qabul qilindi. XTV ularning ba’zilari loyiha hujjatini takomillashtirish uchun ishlatilishini qayd etdi.

Xo‘sh, unday bo‘lsa, muhokama kim uchun va nima uchun o‘tkazildi? Hujjat hech qayerda o‘zbek imo-ishora tilida — na real vaqt rejimida va na video shaklida taqdim etilmagan, ikki ekspert tomonidan ilgari surilgan takliflar ham rad qilingan bo‘lsa?

Imo-ishora tillarining global tan olinishi

Ko‘pgina mamlakatlarda imo-ishora tillari uzoq vaqtdan beri rasmiy huquqiy maqomga ega to‘laqonli tillar sifatida tan olingan. Butunjahon karlar federatsiyasi (WFD) milliy imo-ishora tillarining qonuniy tan olinishini muntazam ravishda kuzatib boradi. Tashkilot bunday qonunchilikning yo‘qligini karlarning asosiy huquqlarining jiddiy buzilishi, deb hisoblaydi.

O‘zbekiston 2021 yil iyun oyida ratifikatsiya qilgan «Nogironlar huquqlari to‘g‘risida»gi konvensiyaga muvofiq, mamlakatimiz ham o‘zbek imo-ishora tilining yuridik tan olinishini qo‘llab-quvvatlash majburiyatini zimmasiga olgan.

WFD ma’lumotlariga ko‘ra, imo-ishora tillari dunyoning 71 mamlakatida huquqiy maqomga ega. Shu bilan birga, imo-ishora tillarining huquqiy maqomini ta’minlashning bir qancha shakllari mavjud. Bu quyidagilardan iborat bo‘lishi mumkin: umumiy qonun yoki qoidalarda qaysidir darajada yuridik tan olinishi; konstitutsiyaviy tan olinishi; umumiy til qonunchiligida tan olinishi; imo-ishora tiliga oid alohida qonun yoki akt; qonunchilikdagi nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi me’yorlar va boshqa shakllar.


Milliy imo-ishora tillarining yuridik tan olinishi (2021 yil dekabr holatiga ko‘ra). Manba: Butunjahon karlar federatsiyasi

Yuqoridagi tasvirda O‘zbekiston ikki xil — ko‘k va qizil rang bilan belgilangan. Moviy ko‘rsatkich mamlakatimizda imo-ishora tili 2020 yilda nogironlik bo‘yicha milliy qonunchilikda rasman e’tirof etilganini anglatadi. Aftidan, gap 2021 yil 16 yanvarda kuchga kirgan «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi yangi qonun haqida bormoqda.

To‘laqonli tilning o‘zgarmas maishiy holati

Qaror loyihasi nomining o‘zidayoq o‘zbek imo-ishora tiliga shaxslararo muloqot vositasi sifatidagi ta’rif allaqachon kiritilgan. «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi qonunning 28-moddasida ham imo-ishora tili faqat «shaxslararo muloqot vositasi» sifatida e’tirof etilgan va qo‘llab-quvvatlangan.

Aslida, yangi qonun hech narsani o‘zgartirmadi. O‘IT maqomi bu yerda hech qanday tarzda mustahkamlanmagan, chunki «Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida» gi eski qonunning 22-moddasida «shaxslararo muloqot vositasi sifatida imo-ishora tili» ning shunga o‘xshash tan olinishi allaqachon qo‘llanilgan. Shu bilan birga, har ikkala qonunda ham noto‘g‘ri atamalar ishlatilgan.

«Imo-ishora tili» va «O‘zbek imo-ishora tili» atamalari o‘rtasida katta farq bor. Imo-ishora tili tana tili yordamida og‘zaki bo‘lmagan muloqotdir, o‘zbek imo-ishora tili esa o‘zbek, rus, ingliz yoki boshqa tillar singari to‘laqonli til hisoblanadi.

Qaror loyihasida qo‘llanilgan atamalardan kelib chiqadigan bo‘lsak, ishlab chiquvchilar nogironligi bo‘lmagan shaxslardir. Matnda nogironlar va «sog‘lom» odamlarning noto‘g‘ri bo‘linishi ustunlik qiladi. Masalan, 2-bandda «nog‘ironligi bo‘lgan shaxslar va sog‘lom insonlar o‘rtasidagi» jumlasi ishlatilgan.

Shuni esda saqlash kerakki, karlar — «kasallar» emas. Nogironlikni tibbiylashtirish nogironlikning ijtimoiy modelini ilgari suruvchi BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalariga ziddir. Imo-ishoralar tili, bu — kar va zaif eshituvchilar jamiyati o‘ziga xosligining noyob madaniy qismidir.

Avvalgi maqolada biz O‘ITning maishiy maqomini shaxslararo muloqot vositasi sifatida qayta ko‘rib chiqishni va uni boshqa to‘laqonli tillar kabi ta’lim olish mumkin bo‘lgan rasmiy til sifatida qabul qilishni taklif etgan edik.

Kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarida O‘ITning cheklangan maqomi tufayli yaqin vaqtlargacha ta’lim jarayonlarida undan foydalanish mushkul edi. Pedagogika oliy o‘quv yurtlarida O‘IT dars soatlari kam edi, ko‘plab maxsus maktab o‘qituvchilari hali ham o‘zbek imo-ishora tilini professional darajada bilishmaydi.

Ta’lim olishda karlarning kamsitilishi

Ayni paytda 2 foizlik kvota asosida o‘qishga kirgan qariyb barcha kar va zaif eshituvchi talabalarning malakali surdo-tarjimonsiz tahsil olayotganlari ularning sifatli oliy ta’lim olish huquqlarini poymol qilmoqda. Masalan, O‘zbekiston Milliy universitetining «Taekvondo va sport faoliyati» fakultetida bir akademik guruhda to‘rt nafar eshitishida nuqsoni bo‘lgan talaba tahsil olmoqda. Ammo ular uchun imo-ishora tili xizmatlari ko‘rsatilmagan.

Tarjima xizmatlari bo‘lmagani sababli zarur bilim va ko‘nikmalarni egallay olmagan eshitishda nuqsoni bo‘lgan talabalar o‘qishni tamomlagandan so‘ng qanday mutaxassis bo‘lib yetishadilar? Bunday ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishga kim va qaysi idora mas’ul ekani haligacha tushunarli emas — oliy o‘quv yurtlarining o‘zimi, Tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish agentligimi yoki Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligimi?

Shuni esda tutish kerakki, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga ko‘ra, davlatning nogironligi bo‘lgan shaxslarni «oqilona moslashtirish» bilan ta’minlamasligi nogironlik alomati bo‘yicha diskriminatsiya ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi. Bunday hollarda oqilona moslashtirish, bu — malakali o‘zbek surdo-tarjimonidir. Boshqacha qilib aytganda, O‘IT, bu — nafaqat shaxslararo muloqot, balki ta’lim olish vositasi hamdir. Biroq professional tarjimonlarning keskin taqchilligi tufayli ushbu xizmatni taqdim etish juda qiyin.

O‘zbek imo-ishora tilining eskirgan lug‘ati

O‘zbek imo-ishora tilini o‘rganish bo‘yicha standartlashtirilgan o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarning yo‘qligi uning rivojlanishini yanada og‘irlashtirmoqda. Karlar jamiyati orasida tilning o‘zgaruvchanligi kuchayib bormoqda, tilning o‘zi ham vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishlarga uchrab, rivojlanib bormoqda. Masalan, ma’lumot darajasi past bo‘lgan karlar orasida «ko‘cha imo-ishora tili» deb ataladigan til qo‘llaniladi.

Shu sababli, O‘ITni unifikatsiyalash va standartlashtirish uchun muomalaga kirgan eng ko‘p ishlatiladigan hamda yangi imo-ishoralarni tanlash va aniqlash bo‘yicha doimiy ishlarni olib borish juda zarur.

2005 yilda o‘zbek imo-ishora tilini tizimlashtirish maqsadida O‘zbekiston karlar jamiyati Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ko‘magida ilk bor O‘IT lug‘atini nashr ettirdi. Hozirda yagona bo‘lgan O‘IT lug‘ati JICA`ning moliyaviy ko‘magida cheklangan adadda nashr etilgan edi. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bu kabi nashrlar allaqachon ko‘rgazmali o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar sifatida qo‘llanilmoqda va ixtisoslashtirilgan maktablar va universitetlarda O‘ITni kasbiy o‘qitishda yordami tegmoqda.


Birinchi o‘zbek imo-ishora tili lug‘ati «O‘zbekiston karlarining imo-ishorali nutqi», 2005 yil nashri. Foto O‘zbekiston karlar jamiyati tomonidan taqdim etilgan

Afsuski, o‘n yetti yildan ortiq vaqt davomida O‘ITni tizimlashtirish bo‘yicha bunday ishlar amalga oshirilmadi. O‘zbekiston karlar jamiyati bu boradagi ishlarni muntazam olib borish uchun zarur tashkiliy salohiyat va moliyaviy imkoniyatlarga ega emas.

XTV tomonidan tayyorlangan O‘ITni rivojlantirish to‘g‘risidagi qaror loyihasida o‘zbek imo-ishora tilining bugungi holatini aks ettiruvchi shu kabi lug‘atlarni yaratish (yangilash) zarurligi esga olinmagan va bu bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yilmagan.


«O‘zbekiston karlarining imo-ishora nutqi» lug‘atidan sahifalar. Foto O‘zbekiston karlar jamiyati tomonidan taqdim etilgan

O‘zbek daktil alifbosi

Qaror loyihasining beshinchi bandida XTVga Moliya vazirligi bilan birgalikda 2022 yil 1 yanvardan boshlab uch oy muddatda «Lotinchadagi o‘zbek imo-ishora tili alifbosi»ni ishlab chiqish vazifasi yuklangan. Bu tez orada lotinchadagi yangi daktil alifbosi qabul qilinishini anglatadi.

Qaror loyihasida jismoniy, sensorli, aqliy yoki mental rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar (shaxslar) uchun ta’lim muassasalarida imo-ishora tilini o‘qitishning innovatsion vositalari, o‘qitishning samarali shakl va uslublarini ta’lim jarayoniga joriy etish zarurligi qayd etilgan. Eshitish qobiliyatidan boshqa nogironligi bo‘lgan bolalarga imo-ishora tilini o‘rgatish nima uchun kerakligi esa tushunarsiz.

Hujjatda, shuningdek, ko‘zi ojiz odamlar tomonidan qo‘llaniladigan Brayl alifbosini o‘rgatish bo‘yicha faoliyat yo‘nalishlari ham mavjud. Biroq, shu bilan birga, loyihada kar-ko‘r odamlar tomonidan qo‘llaniladigan taktil imo-ishora tilini (teginish orqali ishora tili) rivojlantirish haqida gapirilmagan. Zero bir vaqtning o‘zida ham eshitish, ham ko‘rish qobiliyati buzilgan shaxslar tiflosurdotarjimon (teginish orqali imo-ishora tilidan tarjima) yordamida muloqot qilishadi.

Karlarning kundalik hayotida hali ham rus daktil alifbosi keng qo‘llaniladi. O‘IT butunlay rus imo-ishora tiliga (RIT) va kirill yozuvidagi rus daktil alifbosiga asoslangan. Aytish mumkinki, O‘IT qaysidir ma’noda RITning shevasi hisoblanadi, chunki unda allaqachon O‘zbekistonning ijtimoiy-madaniy kontekstiga xos imo-ishoralar keng qo‘llaniladi.


Rus daktil alifbosi.

Biroq 1997 yilda o‘zbek tilli kar va eshitmaydigan bolalar maktab-internatlarining barcha o‘qituvchi va tarbiyachilari maxsus malaka oshirish kurslarini tamomladilar. O‘shanda tajriba tariqasida ularga lotin alifbosiga asoslangan daktil alifbosini o‘rgata boshladilar.

Tayyorlov sinflaridan boshlab barcha maktab-internatlar lotin alifbosiga o‘tdi. Hatto o‘rta maktab o‘quvchilariga ham lotin daktil alifbosi maxsus o‘rgatilgan. Hozirgi kunda esa faqat Surxondaryodagi kar bolalar maktab-internatida o‘quvchilar to‘liq lotin daktil alifbosini astoydil o‘rganishmoqda.

Kirill alifbosidagi daktil alifbosi xalq ta’limi tizimi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan lotin daktil alifbosidan farq qiladi. Shu munosabat bilan, hatto karlar jamiyatida ham lotin daktiliga o‘tish zarurati haqida bahslar mavjud. Masalan, «L» va «L», «D» va «D» harflari bir-biridan tubdan farq qiladi.


Jizzax shahridagi kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabda o‘zbek imo-ishora tilining lotin yozuvidagi daktil alifbosi tasvirlangan plakat. Foto: Ma’mur Ahlidinov

Qayta o‘qitish va qayta o‘qish qiyin: hamma narsani hisobga olish kerak

2020 yil noyabr oyi oxirida Ma’mur Ahlidinov Jizzaxdagi eshitish qobiliyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga tashrif buyurib, ayrim bolalar ishlatadigan daktil alifbosi boshqacharoq ekanidan hayratda qolgan edi. Shuningdek, u Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumani, Buxoro, Samarqand, Olmaliq shaharlaridagi ixtisoslashtirilgan maktablarda ham bo‘ldi. O‘quvchilar bilan imo-ishora tilida gaplashish qiyin bo‘lgan, ba’zida ular bir-birini tushunmay qolishgan.

Bir nechta daktil alifbolarning mavjudligi haligacha kirillcha daktil alifbosidan foydalanadigan karlarning yosh va katta avlodlari o‘rtasida aloqa bo‘shlig‘ining shakllanishiga olib kelishi mumkin. Kirill alifbosiga anchadan beri o‘rganib qolgan keksa avlod vakillarining lotin alifbosiga o‘tishlari qiyin — o‘zbek tili alifbosi islohotidan keyin aynan shunday bo‘ldi.

Afsuski, yangi daktil alifbolarning barchasi O‘zbekistondagi imo-ishora tilida so‘zlashuvchilar va foydalanuvchilar jamoasi bilan muhokama qilinmasdan ishlab chiqilmoqda. Lotin daktil alifbosini O‘zbekiston karlar jamiyati rahbariyati va a’zolari, professional surdo-tarjimonlar, shuningdek, «Imo-ishora tili ta’limi» yo‘nalishi bo‘yicha pedagogika oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari va ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar o‘qituvchilari bilan yaqin hamkorlikda rivojlantirishga chaqiramiz.

2020 yil oxirida XTV yuqoridagi vakillar bilan birgalikda lotin daktil alifbosining navbatdagi versiyasini ishlab chiqdi. Ammo 2021 yilning mart oyida ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek tilidagi «Sh», «Ch», «G‘», «O‘» harflarining yozilishi o‘zgarishi mumkinligi faol muhokama qilina boshladi. Lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek tilining yangi alifbosi qachon yakuniy tasdiqlanishi esa hozircha noaniq.

Agar bunday o‘zgarishlar tez-tez ro‘y beradigan bo‘lsa, bu lotin daktil alifbosiga asoslangan O‘ITning rivojlanishiga ham salbiy ta’sir qiladi.

Shuni hisobga olish lozimki, imo-ishoradagi hatto bitta eng kichik o‘zgarish ham karlar jamiyatida qarama-qarshiliklarni keltirib chiqarishi va ularning jamiyat bilan muloqotini cheklashi mumkin. O‘zbek imo-ishora tilini ishlab chiqish va rivojlantirish jarayoniga karlar jamiyatining o‘zi ham kiritilmagani vaziyatni yanada og‘irlashtirishi mumkin.

O‘ITni uning tashuvchilarisiz rivojlantirish mumkin emas!

Qaror loyihasining nomi va mohiyatidan tortib, hujjatni o‘zbek imo-ishora tilini rivojlantirish bo‘yicha eng muhim vazifalardan kelib chiqqan holda to‘liq qayta ko‘rib chiqish zarur. O‘zbek imo-ishora tilini rivojlantirish bo‘yicha vazifalar va muddatlar ko‘rsatilganda, bu vaqt oralig‘i, nimalar amalga oshirish mumkinligi, qanday xarajatlar talab etilishini real baholash zarur. Axir qanday qilib uch oy muddatda imo-ishora tilini o‘rgatuvchi o‘quv markazi to‘g‘risidagi nizomni ushbu markaz qanday moliyaviy va ilmiy asosda tashkil etilishini ko‘rsatmagan holda tasdiqlash mumkin?

Shuningdek, o‘zbek imo-ishora tilini rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab takliflarni amalga oshirish uchun moliyaviy resurslar zarur. Aynan shunday qarorda har bir modda bo‘yicha aniq budjet belgilanishi kerak. Karlar jamiyatining huquq va manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydigan yana bir bajarilmas hujjatni qabul qilmaslik uchun avvaldan imo-ishora tilida so‘zlashuvchilarning o‘zlarini haqiqiy mutaxassis sifatida jalb etish zarur.

Imo-ishora tilini rivojlantirish to‘g‘risidagi qaror loyihasini nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasidagi: «Bizsiz biz haqimizda hech narsa» asosiy xalqaro tamoyiliga rioya qilgan holda bevosita uning tashuvchilarisiz ishlab chiqishning imkoni yo‘q.

Ma’mur Ahlidinov — O‘zbekiston karlar jamiyati blogining O‘zbekistondagi kar va zafi eshituvchilar uchun ta’lim, ilm-fan, sport va madaniyat mavzularini yoritadigan muallifi, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi.

Dilmurod Yusupov — Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya) Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti.

Mualliflar fikri tahririyat nuqtai nazari bilan mos kelmasligi mumkin.