Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi, deya xabar bermoqda Departament matbuot xizmati.

Unda ma’lum bo‘lishicha, «N. N.» fermer xo‘jaligi rahbari N. N. yakka tartibdagi tadbirkor N. M. va fuqaro M. Sh. ga xo‘jalikning suvli yer maydonidan dehqon xo‘jaligi tashkil qilish uchun yer ajratib berishni va’da qilgan. U tadbirkor N.ning 9500 AQSh dollari va fuqaro Sh. ning 10,2 ming dollarini olib, Samarqand tumani hokimining 2020 yil 31 dekabrdagi soxta qarorini ariza mualliflariga taqdim qilgan.

Tekshiruv davomida N.N. tomonidan o‘z aybiga iqror bo‘lib, 500 dollar va 4,5 mln so‘mni ixtiyoriy qaytargani protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 229−6-moddasi (sug‘oriladigan yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga bo‘lgan huquqni sotish yoxud qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda o‘zga shaxsga berish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.