Oliy Majlisning Bolalar huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova Toshkent shahridagi 21-mehribonlik uyida avvalroq o‘quvchilar ishtirokida aksiya o‘tkazilgan vaziyatni o‘rganish natijalari bo‘yicha fikr bildirdi. Videoda muassasa devori tashqarisida bolalar, ehtimol, hamshiraga «keting» deb baqirishgan, boshqa yozuvda esa «bizni kaltaklashyapti» degan gapni eshitish mumkin.

Aliya Yunusovaning yozishicha, u 21 aprel kuni soat 14:00 atrofida bolalar uyiga tashrif buyurib, uning rahbariyati, xodimlari va bolalar bilan suhbatlashgan. «Mehribonlik uyi ma’muriyati „Eng yaxshi himoya usuli — bu hujum“ tamoyiliga amal qilgan», — deb yozadi bolalar ombudsmani o‘zining Facebook sahifasida.

«Shubhasiz, bu mehribonlik uyi rahbariyati tomonidan mavjud ichki salbiy muammolar, xususan, bolalar huquq va erkinliklari, manfaatlari buzilishi, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlaridan e’tiborni chalg‘itish maqsadida tashkil etilgan rejali tadbirdir», — deydi u.

Bo‘lib o‘tgan voqeaning asl sabablari va motivi nima bo‘lganini vakolatli organlar o‘rganib chiqadi, dedi Bolalar ombudsmani.

Shuningdek, Aliya Yunusova 19 aprel kuni 21-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilaridan biri ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgani haqida xabar olganini aytdi. Bu ma’lumot 20 aprel kuni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga tashrif chog‘ida tasdiqlangan. Tarbiyalanuvchini haqiqatan ham tez yordam brigadasi olib kelgan, lekin negadir Mehribonlik uyi vakili hamrohligida emas.

Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil tarbiyalanuvchilarni tibbiyot muassasasiga joylashtirishning bir qancha holatlari bo‘yicha ma’lumotlar olganini aytdi. Mehribonlik uyi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda bolalarning qochishi va uning ortidan psixiatrik shifoxonaga yotqizilishi, bu amaliyotning bolalarning psixologik holatiga salbiy ta’siri, bolalarni qo‘rqitish, nodo‘stona munosabatda bo‘lish holatlari haqida so‘z yuritilgan.

Ombudsman noqonuniy tarbiya usullaridan foydalanishga yo‘l qo‘ymasligini va bolaning huquqlarini buzganlik uchun javobgarlik mavjudligini ta’kidladi.

Avvalroq Xalq ta’limi vazirligi mazkur holatga quyidagicha izoh bergan edi: «O‘rganilganda muassasa tarbiyalanuvchilari tomonidan xodimlardan biriga nisbatan e’tiroz kayfiyati shakllangani aniqlandi. Ayni damda muhit barqaror, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari kun tartibiga bo‘yicha shug‘ullanmoqdalar, vaziyat nazoratga olingan».