O‘zbekistonda dollar va yevro tanqisligi, shuningdek, katta miqdordagi rublning kirib kelishi kuzatilmayapti. Bu haqda Markaziy bankning OAV va blogerlarning savollariga bergan javoblarida ma’lum qilindi. Javoblar rus va o‘zbek tillarida Markaziy bank veb-saytida e’lon qilingan bo‘lib, «Gazeta.uz» javoblarning eng muhim qismlarini taqdim etadi.

  • Markaziy bank O‘zbekistonda dollar yoki yevro taqchilligini qayd etmayapti, tijorat banklari kassalarida naqd xorijiy valyuta yetarli. Qo‘shimcha tarzda xorijiy valyuta import qilish rejalashtirilmagan.
  • Aprel oyi boshida o‘zbekistonliklarning xorijiy valyutaga bo‘lgan talabi yil boshi bilan solishtirilganda barqarorlashdi. Shu bilan birga, aholi tomonidan banklarga dollar sotish ko‘paygani qayd etildi (bu haqda avvalroq Markaziy bank matbuot xizmati xabarida ham aytilgan edi).
  • O‘zbekiston ichki bozoridagi vaziyat barqaror va katta miqdordagi rublning kirib kelishi kuzatilmayapti.
  • Banklar chet el valyutasini O‘zbekiston norezidentlariga qonuniy manbalardan so‘mdagi mablag‘lar olinganligini tasdiqlovchi hujjatga muvofiq sotadilar. Ular uchun boshqa cheklovlar yo‘q.
  • Avvalgidek jismoniy shaxslar Markaziy bank kursi bo‘yicha 100 mln so‘m ekvivalentidagi xorijiy valyutani mamlakatdan erkin olib chiqishlari mumkin.
  • Chet el valyutasida operatsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha cheklovlarni joriy etish ko‘rib chiqilmayapti.
  • Yuzaga kelgan tashqi xatarlar va noaniqliklar fonida Markaziy bank inflyatsiyaning 12−14 foizgacha ko‘tarilishi mumkinligi hamda 2023−2024 yillarda bir maromda pasayib borishini prognoz qilayotgani aytildi.
  • Mart oyining birinchi yarmida tashqi xatarlar ta’sirida so‘m devalvatsiyasi 5 foiz atrofida shakllandi va qariyb barcha qisqa muddatli o‘zgarishlarni (shoklarni) qamrab oldi.
  • Tijorat banklari tomonidan aholiga birlamchi uy-joy bozoridan xonadon sotib olishi uchun ajratiladigan ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari 2022 yil yakuniga qadar o‘zgarmaydi. Shuningdek, ilgari olingan ipoteka kreditlari shartlari esa mijoz va tijorat banki o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida belgilanadi. Agar shartnomada ipoteka krediti bo‘yicha foiz stavkasi asosiy stavkaga (qayta moliyalashtirish stavkasiga) bog‘langan bo‘lsa, asosiy stavka o‘zgarishi ular bo‘yicha foiz stavkalarining ham o‘zgarishiga olib keladi.
  • Markaziy bank asosiy stavkani 2022 yil yakuniga qadar yana 5 marotaba ko‘rib chiqishni rejalashtirgan bo‘lib, navbatdagi boshqaruv yig‘ilishi 9 iyun sanasiga belgilangan.
  • Tijorat banklarining xorijiy banklar oldidagi jami majburiyatlari tarkibida [Rossiyaning] qattiq sanksiyalarga tushgan banklarning moliyaviy resurslari rubl ulushi yuqori emas.
  • Joriy yilning mart oyida tijorat banklari tomonidan milliy valyutada jami 11,1 trln so‘m, shundan tadbirkorlik subyektlariga 4,2 trln so‘m miqdorida kreditlar ajratildi.
  • Markaziy bank asosiy stavkasining o‘zgarishi ta’siri iqtisodiyotdagi kreditlar bo‘yicha foiz stavkalariga ma’lum muddat kechikish bilan ta’sir etadi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Markaziy bank O‘zbekistonda banklar qat’iy sanksiyaga tushgan banklardan olingan kreditlarni ikkilamchi sanksiyalar xavfini yaratmasdan qaytarish bo‘yicha xalqaro yuridik konsalting kompaniyalarini jalb qilayotgani haqida xabar bergan edi.