21 aprel kuni Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi 31-sonli davlat MTT tarbiyalanuvchisi 4 yoshli Lutfullayev Xushnudbek kun tartibidagi uyqu vaqtida (14:00—15:00 orasida) uxlayotganda olamdan o‘tdi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligi habar berdi.

Tashkilot hamshirasining ma’lum qilishicha, ertalabki qabul jarayonida tarbiyalanuvchi Lutfullayev Xushnudbekda hech qanday kasallik alomatlari kuzatilmagan.

Kun tartibidagi uyqu vaqtida har doimgidek bolalar uyquga yotqizilgan va tarbiyachi tomonidan tarbiyalanuvchilarni uyqudan uyg‘otishganda, bola o‘rnidan turmagan. Darhol tez yordamga murojaat qilingan hamda tibbiyot xodimlari tomonidan tarbiyalanuvchi tibbiy nazoratdan o‘tkazilgan. Natijada bola uyqu vaqtida olamdan o‘tgani qayd etilgan.

Hozirda huquq-tartibot organlari surishtiruv, ekspertiza ishlarini olib bormoqda. Holat yuzasidan batafsil ma’lumot ekspertiza xulosalari aniqlangach berilishi hamda Maktabgacha ta’lim vazirligi holatni nazoratga olgani aytildi.