Joriy o‘quv yili yakunida 5−6−7−8 hamda 10-sinflarning bosqichli imtihonlari bo‘lmaydi. Bu haqda XTV matbuot kotibi Laylo Rustamova AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma’lumot berdi.

Ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim muassasalari va maktab-internatlarida bosqichli imtihonlar ularning ichki nizomlariga muvofiq ixtisoslashuv fanlari doirasida amalga oshiriladi.

Qayd etilishicha, umumta’lim muassasalarida o‘quv mashg‘ulotlari 25 may kuni tugaydi va 9- va 11-sinf o‘quvchilarini yakuniy nazorat imtihonlari 26 maydan 15 iyunga qadar o‘tkaziladi. Biroq bayram munosabati bilan qo‘shimcha dam olish kunlarini inobatga olgan holda 9-sinf o‘quvchilari uchun «Jismoniy tarbiya» fanidan yakuniy nazorat imtihonlari 2−7 maydan 11−14 may kunlariga ko‘chirildi.

Ma’lumot uchun, 9-sinf bitiruvchilari ona tili va adabiyot, o‘zbek tili/rus tili, matematika, tarix, jismoniy tarbiya va qo‘shimcha ravishda o‘quvchilarning tanlovi asosida belgilangan fan bo‘yicha; 11-sinf bitiruvchilari esa ona tili va adabiyot, matematika, chet tili, tarix va va qo‘shimcha ravishda o‘quvchilarning tanlovi asosida belgilangan fan bo‘yicha yakuniy nazorat imtihonlarini topshiradi.

Variativ o‘quv rejalari joriy etilgan sinf o‘quvchilari ham tanlov fanlaridan birini yakuniy davlat imtihoni o‘tkazilishidan bir oy oldin ariza asosida tanlaydi.

DTM tomonidan beriladigan umumta’lim fanini bilish darajasi to‘g‘risida davlat sertifikatga ega hamda chet tili fani bo‘yicha V1 va undan yuqori V2, S1, S2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan o‘quvchilar tegishli fandan hamda chet tili fani bo‘yicha imtihondan ozod etiladi.

Eslatib o‘tamiz, bu yil maktabni 390 mingdan ortiq o‘quvchilar bitiradi.