Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Paxtaobod tumani bo‘limlari tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi, deya xabar bermoqda Departament matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, Paxtaobod tumani irrigatsiya bo‘limida ishlovchi Sh. D. fuqaro G. ga tuman hokimligi zaxirasidagi 10 sotix yer maydonini uy-joy qurish uchun 10 ming AQSh dollariga sotishga kelishgan. U yer maydoni hujjatlarini Kadastrlar palatasi Paxtaobod tumanida ishlovchi ukasi N. D. orqali tayyorlab berishni va’da qilib, o‘zining xizmat haqi 100 dollar bo‘lishini aytgan. Gumonlanuvchi 10,1 ming dollarni ukasi N.D. bilan birgalikda olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq, Navoiyda davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida mini stadion qurishga ajratilgan yerni $50 mingga sotishga uringan shaxs ushlangani haqida yozgan edik.