1 avgustdan boshlab davlat xizmatlaridan foydalanishda shaxsni aniqlash uchun Mobil-ID tizimi joriy etiladi. Bu prezidentning 20 apreldagi davlat xizmatlari ko‘rsatishni soddalashtirishga oid farmonida ko‘zda tutilgan, deya xabar bermoqda O‘zA.

Mobil-ID tizimi foydalanuvchilari elektron raqamli imzoni qo‘llamagan holda barcha davlat xizmatlaridan foydalanishi mumkin. Bundan moliyaviy xizmatlar mustasno.

U “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash bo‘yicha yagona axborot tizimi tarkibiga kiradi, unga shaxsning xohishiga qarab mobil telefon raqami identifikatsiyalanadi. Identifikatsiyadan o‘tish uchun fuqaro DXM yoki notarial idoraga o‘zi bilan shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport, ID-karta, haydovchilik guvohnomasi)ning aslini olib borishi kerak.

Markazda xodim fuqaroning yuzini raqamli formatda rasmga tushiradi, elektron shaklda qo‘l barmog‘i izi oladi va mobil telefon raqami YAIDXPdagi shaxsiy kabinetga bog‘lanadi.

Agar fuqaro Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan o‘tish uchun YAIDXPning mobil ilovasidan foydalansa, masofadan biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) usuli yoki ID-kartadagi elektron raqamli imzo qo‘llaniladi hamda mobil telefon raqami YAIDXPdagi shaxsiy kabinetga bepul bog‘lanadi. Markazlar yoki notarial idora fuqarolarni Mobil-ID tizimiga identifikatsiya qilish uchun 31 dekabrga qadar to‘lov undirmaydi. 2023 yil 1 yanvardan boshlab BHM (270 ming so‘m)ning 2 foizi miqdorida bir martalik to‘lov undiriladi.

Ma’lumot uchun, fuqaroning YAIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yuboriladigan barcha xabarnomalar uning xohishiga ko‘ra va belgilangan to‘lovlar asosida Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyalangan mobil telefon raqamiga SMS-xabar shaklida yuboriladi.