21 aprel kuni soat 11:50 larda Yunusobod tumanida joylashgan Xalqaro biznes markazi binosidan tushib ketgan 42 yoshli erkak o‘z joniga qasd qilgan bo‘lishi mumkin. Bosh prokuratura mazkur holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

U binoning 9-qavatidagi chekish uchun mo‘ljallangan ochiq qismidan pastga qulagan. Voqea bo‘yicha boshqa ma’lumotlar yo‘q.

Hozirda holat yuzasidan Yunusobod tuman prokuraturasi tekshirish harakatlari olib boryapti va hodisaning aniq sabablarini aniqlamoqda.

«Bugun sodir etilgan hodisaning aniq sabablarini aniqlash, ish uchun ahamiyatli bo‘lgan iz, dalil va boshqa muhim buyumlar inson ta’siri oqibatida yo‘qolishi yoki shikast yetkazilishini oldini olish maqsadida voqea joyi atrofi belgilangan tartibda o‘rab olindi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, Toshkent shahar prokuraturasining tergov xodimlari hududni ko‘zdan kechirganini ma’lum qildi.

Prokuratura qonunlarga rioya qilgan holda tergovga qadar tekshiruv paytida ushbu jarayon to‘liq, xolis va qonuniy tartibda amalga oshirilishiga to‘sqinlik yoki halaqit qilmaslikni so‘radi.