Markaziy bank boshqaruvi 21 apreldagi yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 17 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deya xabar berdi regulyator matbuot xizmati.

MB ma’lumotlariga ko‘ra, tashqi iqtisodiy sharoitlarda mart oyida kuzatilgan o‘zgarishlar ichki valyuta bozoriga, inflyatsion va devalvatsion kutilmalarga, banklardagi depozitlar dinamikasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ayni paytda, pul-kredit sharoitlarini qat’iylashtirish va valyuta bozorida barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzaga kelgan bosimlarni pasaytirishga hamda mart oyining ikkinchi yarmidan boshlab valyuta va pul bozoridagi tendensiyalarning muvozanatlashuviga xizmat qilmoqda.

«Bugungi kunda shakllangan vaziyat va kelgusi oylarda kutilayotgan iqtisodiy sharoitlar pul-kredit sohasida ko‘rilgan choralar ta’siri (samarasi) to‘liq yuzaga chiqmaganligini hamda ushbu jarayonning hali ham davom etayotganligini ko‘rsatmoqda. Shundan kelib chiqib, pul-kredit siyosati choralarining iqtisodiyotda to‘liq aks etishini ta’minlash maqsadida joriy pul-kredit sharoitlarni saqlab qolish bo‘yicha qaror qabul qilindi», — deyiladi xabarda.

Tashqi iqtisodiy sharoitlar

Mart oyining oxiri va aprel oyining boshidan boshlab asosiy savdo-hamkor davlatlarda iqtisodiy vaziyatning, shu jumladan, valyuta kurslarining ma’lum darajada muvozanatlashuvi kuzatilayotganligiga qaramasdan barcha makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘rta muddatli istiqbolda noaniqlik va xatarlar darajasi yuqoriligicha saqlanib qolmoqda.

Jahon xomashyo va energiya manbalari bozorida narxlarning o‘sishi, xalqaro logistika bilan bog‘liq muammolar dunyoning barcha davlatlarida inflyatsion jarayonlarning tezlashishiga hamda qariyb barcha yirik markaziy banklar tomonidan foiz stavkalarning oshirilishiga olib kelmoqda.

Ushbu omillar o‘z navbatida, xalqaro moliya bozorlarida moliyaviy sharoitlarning qat’iylashishi, import inflyatsiyasi va tashqi savdo oqimlaridagi o‘zgarishlar orqali mamlakatimizga birlamchi va ikkilamchi ta’sirlarga ega bo‘ladi.

Tashqi sharoitlardagi o‘zgarishlarga javoban milliy valyuta almashuv kursi mart oyidagi tebranishlardan so‘ng muvozanatlana boshladi (mart oyining o‘zida 5 foizga qadrsizlandi) va yil boshidan devalvatsiya sur’ati 4,1 foizni tashkil etmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu devalvatsiya sur’atlari qariyb barcha qisqa muddatli o‘zgarishlarni (shoklarni) qamrab olganligini ko‘rsatmoqda.

Xususan, mart oyining dastlabki 20 kunida xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi o‘rtacha kunlik 15 mln dollargacha, aholining valyuta sotuvi 32 mln dollargacha pasaygan va xaridi 42 mln dollardan oshgan bo‘lsa, aprel oyining dastlabki 20 kunida pul o‘tkazmalari hajmi o‘rtacha kunlik 40 mln. dollarga, aholining valyuta sotuvi 55 mln dollarga yetdi va o‘rtacha kunlik valyuta xaridi 22 mln dollargacha pasaydi.

Shuningdek, ichki valyuta bozorida yuridik shaxslarning xorijiy valyutaga bo‘lgan talabi muvozanatlashib, aprel oyining dastlabki
20 kunida xorijiy valyutaga talab mart oyining mos davriga nisbatan 13 foizga qisqargan bo‘lsa, taklif hajmi 21 foizga oshdi.

Iqtisodiy faollik

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil birinchi chorak yakunlari bo‘yicha YAIMning real hisobda o‘sishi 5,8 foizni tashkil etdi.

Yil boshidagi bazaviy prognozlar bo‘yicha joriy yil ikkinchi choragi so‘ngida YAIM manfiy tafovutining yopilishi va iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlarining salohiyatli darajasiga yetishi kutilayotgan edi. Tashqi iqtisodiy sharoitlardagi o‘zgarishlar ta’sirida ushbu manfiy tafovutning yil oxirigacha saqlanib qolishi taxmin qilinmoqda.

Joriy yilda fiskal taqchillikning yil boshida belgilangan parametrlardan yuqoriroq bo‘lishi hamda ijtimoiy xarajatlar o‘sishining kutilayotganligi aholining xarid qobiliyati va daromadlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Birinchi chorak yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, yuzaga kelgan tashqi va ichki iqtisodiy jarayonlar hamda valyuta bozoridagi tendensiyalar aholi iste’mol kayfiyatida ham ma’lum darajada aks etib, jamg‘arishga bo‘lgan moyillik va xarajatlarga nisbatan ehtiyotkorona yondashuvning saqlanib qolishiga olib keldi.

Ichki narxlar dinamikasi va inflyatsion kutilmalar

Joriy yilning mart oyida inflyatsiya darajasi 1,5 foizni tashkil etib, yillik hisobda 10,5 foizgacha oshdi va ikki xonali son darajasiga qaytdi. Bazaviy inflyatsiya ko‘rsatkichi yillik 9,1 foizda shakllanib, uning umumiy inflyatsiyadagi hissasi 6,9 foiz bandgacha oshdi.

Narxlarning o‘suvchi dinamikasi, asosan, import inflyatsiyasi, tashqi bozorlarda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘sishi bo‘yicha kutilmalar va an’anaviy mavsumiy omillar bilan izohlanadi.

Aprel oyida narxlarning ma’lum darajada muvozanatlashuvi kuzatilayotgan bo‘lib, Markaziy bankning haftalik kuzatuvlari natijalariga ko‘ra, aprelning dastlabki 20 kunida ayrim asosiy iste’mol tovarlari bo‘yicha narxlarning pasayishi va muvozanatlashishi kuzatildi.

Ikkinchi chorakda narxlar dinamikasida mavsumiy omillar hisobiga meva va sabzavotlar guruhining hissasi pasaytiruvchi bo‘lishi, tashqi omillar va tarkibiy o‘zgarishlar ta’sirida nooziq-ovqat tovarlari guruhining oshiruvchi hissasining kuchayib borishi kutilmoqda.

2022 yil mart oyi so‘rovlari natijalariga ko‘ra, aholining inflyatsion kutilmalari 15 foizni, tadbirkorlarniki — 15,4 foizni tashkil etdi. Valyuta almashuv kursining nisbatan muvozanatlashuvi va tarkibiy islohotlar ta’sirida kelgusida kutilmalarning pasayib borishi taxmin qilinmoqda.

Yil so‘ngigacha inflyatsiya dinamikasiga taklif omillarining (ishlab chiqarish, transport-logistika, xorijdan yetkazib berish, yoqilg‘i-energetika narxlari oshishi) ta’siri talab omillariga nisbatan yuqoriroq bo‘lishi kutilmoqda.

Sanoat ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra joriy yilning mart oyida ham xomashyo (ish, xizmatlar) yetkazib berish muddatlarining uzayishi kuzatilmoqda (mart oyida yetkazib berish muddatlari indeksi fevral oyidagi 51,4 dan 47,5 gacha yomonlashgan).

Pul-kredit sharoitlari

Joriy yil 18 martdan boshlab asosiy stavkaning 17 foizgacha oshirilishi qisqa muddatli resurslar bozori foiz stavkalarida ham o‘z aksini topmoqda.

Mart oyining ikkinchi yarmida Uzonia indeksi o‘rtacha 17,2 foiz darajasida shakllangan bo‘lsa, aprel oyining dastlabki yarmida o‘rtacha 18 foizga teng bo‘ldi.

Chorak davomida banklararo pul bozorida faollikning ortishi kuzatilib, o‘tgan yilning IV choragi bilan solishtirganda 1,3 barobarga ko‘p, jami 27,7 trln so‘mlik operatsiyalar amalga oshirildi. Mart oyining o‘zida pul bozorida jami 12,5 trln so‘mlik depozit operatsiyalari amalga oshirildi va bu likvid mablag‘larga bo‘lgan talabning vaqtinchalik oshganligi bilan izohlanadi.

Tijorat banklari tomonidan aholiga taklif etilayotgan muddatli depozitlarning stavkalari ham joriy pul-kredit sharoitlaridan kelib chiqib o‘rtacha tortilgan foiz stavkalar mart oyi yakunlari bo‘yicha 20,9 foizgacha oshdi (yanvar oyida 20,2 foiz). Bu o‘z navbatida, milliy valyutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha o‘sish sur’atlarining qayta tiklanishiga xizmat qilmoqda.

Xususan, aprel oyining birinchi yarmida aholining milliy valyutadagi muddatli depozitlar hajmi 5 foizga o‘sdi (mart oyining mos davrida 1,3 foizga pasaygan).

Umuman olganda so‘mdagi aktivlar bahosining nisbiy ustunligi mavjudligi sharoitida 20 aprel holatiga aholining milliy valyutadagi muddatli depozitlar hajmi yil boshidan 14 foizga oshdi.

Prognozlar

Tashqi iqtisodiy vaziyatlarda sodir bo‘layotgan holatlarni inobatga olib Markaziy bankning asosiy va xatarli ssenariylar doirasidagi makroiqtisodiy prognozlari shartli ravishda yangilandi.

Asosiy ssenariy bo‘yicha import inflyatsiyasi, ishlab chiqarish, logistika va yetkazib berish bilan bog‘liq taklif omillari ta’sirida inflyatsiya darajasi yil yakunlari bo‘yicha 12−14 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda (dastlabki prognoz 8−9 foiz).

Asosiy savdo hamkorlardagi iqtisodiy faollikning pasayishi, milliy valyuta kursining o‘zgarishi va migratsion oqimlar joriy yilda transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining o‘tgan yilga nisbatan 18−25 foizga kamayishi ehtimolini yuzaga keltirmoqda.

Yalpi tashqi va ichki talab dinamikasidagi o‘zgarishlar, deflyatorning nisbatan yuqori bo‘lishi va fiskal sharoitlar ta’sirida 2022 yil yakunlari bo‘yicha mamlakatda YAIMning real o‘sishi 3,5−4,5 foiz doirasida kutilmoqda (yil boshidagi prognoz 5,5−6,5 foiz).

Umuman olganda ushbu prognozlar ko‘plab shartlarga asoslangan bo‘lib, tashqi iqtisodiy vaziyatning o‘zgarib borishi, amalga oshirilayotgan makroiqtisodiy va tarkibiy o‘zgarishlar natijadorligini inobatga olib kelgusi yig‘ilishlarda makroiqtisodiy prognozlar qayta ko‘rib chiqiladi.

Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank Boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi 2022 yil 9 iyun kuniga belgilangan