30 mart kuni Davlat soliq qo‘mitasi Soliq mobil ilovasi yangilanganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng, ilova ishida texnik nosozliklar, shu jumladan, keshbek uchun cheklarni kiritish, keshbek summalarini ko‘rsatish va ularni kartaga o‘tkazib olishda bir qator qiyinchiliklar vujudga keldi.

Bu haqda 1 aprel kuni Play Market`da Soliq mobil ilovasi izohida ham foydalanuvchilar yozib qoldirgan.

«Yaqinda yangilangandan so‘ng, avval bog‘langan barcha kartalar yo‘qoldi va hisoblangan naqd pulning umumiy miqdori nolga tushdi. Kartalarni qayta ulash imkonsiz. Barcha ma’lumotlar to‘g‘ri kiritilgan bo‘lsa-da, bunday karta mavjud emasligini yozmoqda. Umid qilamanki, bu muammolarning barchasi yaqin kelajakda hal qilinadi», — deb yozgan Maksim Pochinskiy.


Davlat soliq qo‘mitasi ushbu foydlanuvchi izohiga javob yozib, undan uzr so‘ragan va Telegram’dan bog‘lanishni iltimos qilgan.

Shundan so‘ng, qo‘mita 17 aprel kuni Soliq mobil ilovasi yana yangilanib, optimallashtirilgan interfeysga ega bo‘lganini va ba’zi kamchiliklar tuzatilganini e’lon qildi.

Bu yangilanishdan keyin ham kamchiliklar kuzatilishda davom etdi. Xususan, yangi xarid chekini ilovada ro‘yxatdan o‘tkazgan paytda кешбэк summasi hisobga olinmasdan avvaldan mavjud bo‘lgan «To‘lovga tasdiqlangan» summa o‘zgarishsiz qolaverdi.


Ilova foydalanuvchilari ham kamchiliklar haqida yozishda davom etishdi. Jumladan, 17 aprel kuniga kelib ham ilova ishlashida uzilishlar kuzatilgani aytildi.

«Ma’lumotlar doimiy ravishda yo‘qolib qolaveradi. Men aprel oyidagi cheklarni skanerlaganimda ular muvaffaqiyatli o‘tgandi, lekin versiya eng so‘nggisiga yangilangan bo‘lsa-da aprel oyida ilovada bitta ham chek ko‘rinmayapti», — deb yozadi Otabek Hayatov.


19 aprel kuni foydalanuvchilardan biri ilova martga qadar yaxshi ishlaganini ta’kidladi.

«Mart oyigacha yaxshi ishlayotgan edi. Aprel oyida yangilanishdan so‘ng umuman ishlamadi. Kiritilgan birorta chekimni [ilova] ro‘yxatga olmayabdi. Apreldagi bir nechta cheklarimning barchasi uchib ketibdi», — deb yozgan Akrom Maxkamov.


«Ilgari hammasi juda yaxshi ishlayotgandi. So‘nggi yangilanishdan keyin Mi 10T Pro telefonida chekni skanerlash tizimi ishlamayapti. Biroq, iPhone 13 Pro hammasi juda yaxshi ishlayapti. Bir qancha boshqa Android`larda ham tekshirib ko‘rdim, ularda ham ishlamayapti. Menimcha bu muammo ilovaning Android versiyasi bilan bog‘liq. Agar adashayotgan bo‘lsam, to‘g‘rilanglar…», — deya izoh qoldirgan Sanjarbek Sobirjonov.

Mazkur material tayyorlanish jarayonida «Gazeta.uz» rostdan ham texnik kamchiliklar mavjudligiga guvoh bo‘ldi. Ta’kidlash joiz, IOS tizimidagi mobil telefonlarda uzilishlar deyarli kuzatilmayapti, asosiy kamchilik Android tizimidagi telefonlarga taalluqli.

Bunga izoh olish maqsadida «Gazeta.uz» muxbiri Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xodimlari bilan bog‘landi. Qo‘mita vakillari o‘tgan oylarda yig‘ilgan keshbek summalari tasdiqlanmaganligi yuzasidan fuqarolardan murojaatlar kelib tushayotganini rad etmadi.

Qo‘mita bunday kamchiliklarga bir nechta omil sabab bo‘lishi mumkinligini qayd etdi:

  • shubhali xaridor cheklari bo‘lishi mumkin;
  • tadbirkorlik subyekti tomonidan soliq hisobotlarini topshirmaslik holatlari;
  • tadbirkorlik subyektining o‘sha davr uchun soliq qarzdorligi mavjudligi.

DSQ qo‘shimcha qilishicha, ilovaga kirish uchun SMS xabar orqali tasdiqlash kodlari kelmayotgan holatlar kuzatilmoqda. «Ushbu holat mobil telefon qurilmasiga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatlarda har bir murojaatchiga individual yondashuv amalga oshiriladi», — deyiladi xabarda.

Qo‘mita izohida aprel oyida ro‘yxatga olingan cheklar ilovada ko‘rinmaslik holatlari bo‘yicha ilovaning yangi relizi 1.2.5 talqinida kamchiliklar bartaraf etilgani va iste’molchilarning to‘plagan keshbek summalari odatdagidek yig‘ib borilayotgani qayd etilgan. «Hech qanday salbiy o‘zgarish yo‘q. Mart oyida yig‘ilgan keshbek summasi aprel oyining 21−25 sanalarida, aprelniki esa may oyinig 21−25 sanalarida iste’molchilarga to‘lab beriladi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, mobil ilova va xususan keshbek tizimi bilan shug‘ullanuvchi call-markaz (1198) faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Qo‘mita xodimi Play Market`ga joylashtirilgan mobil ilovaning yuklash saxifasiga kelib tushayotgan xabarlarga javob berish uchun xodim biriktirilganini, shuningdek soliq bilan bog‘lik savol va murojaatlarga javob berish maqsadida «Tadbirkor va soliqchi», «SoliqUz mobil ilovasi» Telegram-guruhi yaratilganini aytdi.

Qolaversa, iste’molchilarda kuzatilayotgan kamchiliklar tekshirilib, bartaraf etilayotgani ma’lum qilindi.

«Foydalanuvchilar sonining oshishi bilan tizimga yuklanma yuqori bo‘ladi, buning natijasida ayrim holatlarda texnik kamchiliklar kuzatilishi mumkin. Mobil ilovani doimiy takomillashtirib borish natijasida kamchiliklar test jarayonida tekshiriladi va amaliyotga kiritiladi», — dedi DSQ matbuot xizmati vakili.

Material e’lon qilingan vaqtda «Gazeta.uz» o‘quvchilari tomonidan ham mobil ilova faoliyatida texnik nosozliklar hanuz uchrayotgani ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, prezident qaroriga muvofiq, 1 yanvardan boshlab chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarida xaridni amalga oshirib, xarid chekini Soliq mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslarga oy yakuni bilan xarid summasining 1 foizi qaytarilishi yo‘lga qo‘yilgan edi. Ilova iste’molchilar orasida ommalashib, 26 mart holati bo‘yicha fevral oyi uchun 183 052 nafar iste’molchiga 18,4 mlrd so‘m keshbek to‘lab berilgandi.