Rossiya davlat Dumasi O‘zbekiston hukumati bilan Rossiyada qolishning soddalashtirilgan tartibi to‘g‘risidagi kelishuvni ratifikatsiya qildi, deb xabar berdi Rossiya parlamenti quyi palatasi.

Hujjatda O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekistonga kirgan rossiyaliklar uchun mamlakatga kirgan kundan boshlab 15 kun (hozir — 7 kun) ichida majburiy ro‘yxatdan o‘tishni bekor qilish taklif qilinmoqda. Qonun ratifikatsiya qilinganidan keyin Federatsiya Kengashiga (parlamentning yuqori palatasi), keyin esa prezidentga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.

Mamlakatlar hukumatlari o‘rtasidagi kelishuv 2021 yilning 21 mayida Moskvada va 2021 yilning 17 iyunida Toshkentda imzolangan.

Xuddi shunday yondashuv Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston, Armaniston va Qirg‘iziston fuqarolariga, shuningdek, ushbu davlatlarga kelgan rossiyaliklarga ham tegishli.