Oliy Majlis Senatining Kengashi 25-yalpi majlisni 28 aprel kuni chaqirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Yalpida muhokama qilinadigan qonunlar:

  • “Pochta aloqasi to‘g‘risida"gi,
  • “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida"gi,
  • “Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida"gi,
  • “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida"gi,
  • “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi,
  • “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi.

Qolaversa, “Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi va boshqa qonunlarni ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.

Senatorlar 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022 yil I choragidagi ijrosi yakunlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining hisobotini ham muhokama qiladi.

Yalpi majlisda Hisob palatasi, Markaziy bank, Bosh prokurorning 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlari, Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya hamraisining o‘tgan davr mobaynidagi faoliyati yuzasidan axboroti eshitiladi.

Shuningdek, yalpida bosh vaziri o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevning fermer xo‘jaliklari faoliyati kafolatlarini ta’minlash holati yuzasidan axboroti tinglanadi.

Bundan tashqari, senatorlar Andijon viloyati hokimining ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning daromadini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlar haqidagi hisoboti ham eshitadi.