Toshkent shahrida avtomobil turargohlari sonini kamaytirish va jamoat transporti rivojlanishi uchun ko‘proq sharoit yaratish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 18 aprel kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Transport vazirligi huzuridagi Toshkent shahar transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi direktori Murod Obidov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha megapolis shaharlarda transportda harakatlanishga ehtiyoj ortib borishi bilan transport vositalari soni ham oshadi va markaziy ko‘chalarda transportlarni qo‘yish uchun avtoturargohlar yetishaydi.

«Bu katta shaharlarda oddiy holat. Lekin, biz shahrimiz aholisining transport xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojini sifatli to‘la qondirish maqsadida jamoat transportini ustuvor yo‘nalish deb belgilab olganmiz. Avtoturargohlarni tartibga solish hamda eng asosiysi shaxsiy transportda yetib olish mumkin bo‘lgan joylarga jamoat transportini kafolatlangan vaqtda yetib borishi imkoniyatini yaratish bo‘yicha ishlar olib borilayapti», — dedi u.

Murod Obidovning ta’kidlashicha, Toshkent shahrida yer — cheklangan resurs.

Murod Obidov.

«Bu yerda ertalabdan kechgacha kimnidir transporti turishi — shaharning qolgan aholisining umumiy foydalanish yerini band qilib turadi. Yer ko‘pchilikka tegishli bo‘lgan hududmi, bu hududga transportdan kamroq zarar yetkazishimiz kerak. Hozir ko‘proq transport tartibsiz qo‘yilgan avtoturargohlar oldini jamoatchilik hududlariga aylantirish masalasi ko‘rib chiqilayapti. Mavjud avtoturargohlarni tartibga solamiz», — dedi mutaxassis.

«Shahar markaziy ko‘chalarida 2−1,5 ta «polosa»ni band qilgan avtoturargohlar bor. Toshkent shahrini 10 markaziy ko‘chasida eksperiment sifatida yo‘l bo‘yi avtoturargohlarini tartibga solinadigan yangi tizim ishlab chiqiladi. Shaxsiy transportdan ko‘ra jamoat transportidan foydalanish [bo‘yicha] targ‘ibot olib boramiz. Toshkent shahrida yer yo‘q… Yerni eng samarasiz foydalanishi ertalabdan kechgacha kimnidir transporti turishi hisoblanadi. Xorijiy tajribadan, xohlagan davlatni olib qarang, bitta transport vositasi ertalabdan kechgacha turishi uchun juda katta mablag‘ to‘lash kerak bo‘ladi», — deya ta’kidladi vazirlik vakili.

Murod Obidov bitta ko‘chani 100 metr maydonini band qilib turadigan odamlar bitta avtobusga sig‘ishini qayd etdi.

«Undan keyingi ustuvorlik velotransportga. Agar hamma yo‘limizni avtoturargohlarga beraveradigan bo‘lsak, velotransportlarga yo‘lni ocha olmaymiz. Yer resurslaridan samarali foydalanishni tashkil etish, avtoturargohlarni kamaytirib, jamoat transportidan foydalanish qulayligi, jozibadorligini oshirib, [yo‘lovchilarni] bu yoqqa o‘tkazishga harakat qilamiz», — dedi u.

Toshkentda 2025 yilgacha 11 ta ko‘chada tezyurar avtobuslar harakati uchun alohida yo‘laklar tashkil etish rejalashtirilgan. Hozirda faqat Farg‘ona yo‘li ko‘chasida avtobuslar yurishi uchun mo‘ljallangan, biroq mashinalar ham yuraveradigan yo‘lak mavjud. Transport boshqarmasi rahbari Anvar Jo‘rayev kameralar o‘rnatgan holda yo‘laklarning avtomobillardan holiligi ta’minlanishini ma’lum qildi.