Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Microsoft kompaniyasi vakillari bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Microsoft kompaniyasi, Amerika-O‘zbekiston Savdo Palatasi va O‘zbekistonning AQShdagi elchihonasi vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda hamkorlikning dolzarb va istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilinib, AKT vazirligi tomonidan O‘zbekistonda kompaniya ofisini ochish taklifi berildi.

Bundan tashqari, uchrashuvda IT-ta’limni rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratish, ushbu jarayonlarga ko‘proq yoshlarni jalb etish, malakali kadrlar tayyorlash masalalari ko‘rilgan.

«Tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 14 aprel kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida AKT va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida 2022 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilgandi. Unda prezident O‘zbekistonni mintaqaviy IT markaziga aylantirish vazifasini qo‘ygan edi.

Buning uchun quyidagilarni amalga oshirish zarurligi qayd etildi:

  • IT eksportini yil yakuniga qadar kamida 100 million dollarga yetkazish;
  • ichki IT xizmatlari hajmini yiliga kamida 50 foizga o‘sishini ta’minlash;
  • joriy yilda qolgan 6 ta hududda ham IT-parklarni to‘liq ishga tushirish va malakali kadrlar ta’minlash, qolganlarida kamida 20 tadan kompaniyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va 5 ming nafar yoshlarni yuqori daromadli ish bilan ta’minlash.