O‘zbekistonda ilk bor Nukusda davlat-xususiy sheriklik asosidagi dializ markazi foydalanishga topshirildi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

2021 yil yanvar oyida yuqori sifatli dializ xizmatlarini ko‘rsatish yo‘nalishidagi xalqaro tenderda Osiyodagi eng yirik va jadal rivojlanayotgan «Nephroplus» kompaniyasi g‘olib deb topilgan edi.

Kompaniya Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi to‘rtta dializ klinikasini moliyalashtirish, qurish, jihozlash, xodimlarni o‘qitish va boshqarish hamda yiliga 1000 nafardan ortiq bemorlar uchun 140 000 dan ortiq seanslarda dializ xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha vazifalarni zimmasiga oldi.

Qoraqalpog‘iston Jokargi Kenesi raisi Murat Kamalov.

Xuddi shunday dializ markazlari Bog‘ot va Urganch shaharlarida may oyida ish boshlashi kutilmoqda. Toshkentda shu yo‘nalishdagi eng yirik klinika esa yil oxirigacha ochilishi rejalashtirilgan.

Loyiha Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) maslahat ko‘magida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshirildi. Bu hududlarda yangi dializ bo‘limlarini tashkil etish, xalqaro sifat standartlarini joriy etish, buyrak yetishmovchiligi bilan og‘rigan bemorlar o‘limini kamaytirish va hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilishi kutilmoqda.

DXSH shartnomasiga muvofiq, kompaniya bu markazlarda dializ xizmatlarini tashkil etish bilan bog‘liq barcha xarajatlarni qoplab beradi. Jumladan:

  • xalqaro talablarga muvofiq yangi dializ markazlarini qurish;
  • eng so‘nggi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, barcha zarur sarflov materiallari bilan ta’minlash va tibbiyot xodimlarini ishga olish hamda o‘qitish;
  • 10 yil davomida bemorlarga xalqaro standartlarga muvofiq dializ xizmatlarini ko‘rsatish;
  • dializ uchun qon tomirlariga kirishni yaratish uchun jarrohlik operatsiyasini bajarish orqali bemorlarni dializga tayyorlash;
  • uy sharoitida dializni amalga oshirish imkonini beruvchi yangi peritoneal dializ texnologiyasini joriy etish.

Ta’kidlanishicha, yangi peritoneal dializ texnologiyasi hali O‘zbekistonda mavjud emas. U bolalar va yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘rigan ayrim bemorlarga ko‘rsatiladi hamda chekka hududlarda yashovchi bemorlarning pul va vaqtini tejashga yordam beradi.

Loyiha hududlarda yangi dializ bo‘limlarini tashkil etish, xalqaro sifat standartlarini joriy etish, buyrak yetishmovchiligi bilan og‘rigan bemorlar o‘limini kamaytirish va hayot sifatini yaxshilash imkonini beradi.Ma’lumot uchun, «Nephroplus» Osiyo mintaqasida 240 dan ortiq klinikaga ega va Hindiston, Indoneziya, Filippin, Nepal hamda Vetnamda 17 ming nafardan ortiq bemorlarga xizmat ko‘rsatadi.